Telegram Web Link
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tarjimasidagi “Faust” hamda shoirning “So‘z latofati” kitoblari yangi nashrlari taqdimotidan fotolavhalar.

Muallif–Ahmad To'ra.
G‘azalnavis shoir yodi

Bugun Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir hamda “Faust” va “So‘z latofati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida uyushma vakillari, ijodkorlar Farobiy qabristonini ziyorat qildi. Shundan so‘ng jarayon Adiblar xiyobonidagi shoir haykali poyida keng jamoatchilik ishtirokida gul qo‘yish marosimi bilan davom etdi. Kechaning asosiy qismi uyushmaning katta zalida o‘tkazildi.
Tadbirni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Unda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev, shoir nomidagi ijod maktabi direktori Nigora Mannopova, shoir Rustam Mirvohid, Erkin Vohidovning o‘g‘li Xurshid Vohidov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Tadbirda shoir hayoti va kechinmalari, sheʼriyati, adabiyot va jamoat olamidagi o‘rni xususida so‘z bordi. Uning sheʼrlari, g‘azallaridan o‘qildi. Taniqli tarjimon Nikolay Ilin ustoz sheʼrlarining rus tiliga qilgan tarjimasidan namuna o‘qidi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlov sheʼrini aytdi.
– Yaqinda “So‘z latofati”ning to‘ldirilgan va qayta ishlangan uchinchi nashri chiqdi, – dedi Xurshid Vohidov. – Unga otamning Ona tilimiz haqida turli yillarda yozgan risolalari, matbuotdagi chiqishlari ham kiritildi. Asar yangi boblar bilan boyitildi. Ushbu kitob Boku shahrida ozarbayjon tilida chop etildi va u yerdagi taqdimotda ishtirok etdik. Davlatimiz rahbarining adabiy islohotlarga qaratayotgan eʼtibori va otamning ijodiga bo‘lgan eʼtirofidan, uyushma vakillaridan minnatdormiz.
Gyotening “Faust” asari Erkin Vohidov tarjimasi bilan qayta yangi nashrdan chiqdi. Unga Mirzo Kenjabek va Nosirjon Jo‘rayev muharrirlik qilgan. Mazkur kitob “Adabiyot” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Erkin Vohidov benazir, bemisl ijodkor, o‘lmas sheʼriyat sohibi ekanini taʼkidladi.

Zulayho Ahmadjonova
Xotira

Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov eng ko‘hna janrdagi dilbar g‘azallari bilan milyon-milyon dillarda titroq uyg‘otdi. Bu dunyoda yozuvchi-shoirlar ko‘p. Ularning ichida dunyoni titratadiganlar, Nobel mukofotini olganlar bor. Lekin, men komil ishonch bilan aytamanki, biron-bir Nobelni olgan shoir Vohidovdan kuchli emas. Erkin Vohidov hammasidan kuchli.

Abdulla Oripov
QUYOSH

O‘zbekiston Qahramoni ustoz Erkin Vohidovga,
Gyote “Faust” asarining o‘zbekcha tarjimasini o‘qib


Shoir quyoshdan ham serhimmat,
Qalamdan nur yog‘ar ustma-ust.
Tarjima ham ijod, ham sanʼat,
Nashr etildi Toshkentda “Faust”.

O‘zbekchada o‘qidim ravon,
Shoh asardan terdim dur, gavhar.
Ustoz – ulug‘ shoir, tarjimon
Debochada so‘z yozdi kamtar:

“Oy o‘rtanar ko‘zlarida yosh,
Bag‘ri dog‘u yuragi qiyma.
Der:”Ey falak, men edim quyosh,
Nega meni qilding tarjima?!”

Oy tug‘adi hilol – qalamqosh,
Kun tug‘adi payshanba, juma...
Sharqdan chiqdi G‘arbdagi quyosh
Erkin Vohid qilgach tarjima.

Rustam Musurmon,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
"Maʼrifat ulashib" loyihasining sarhisob anjumani o‘tkazildi

Dildora Mutalova lavhasi
Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Batafsil: Ўзбек (кирилл) | Oʻzbek (lotin)
Moziy va davr haqiqatlarini teran ifodalovchi adib

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Do‘stlik” ordeni hamda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi Jo‘ra Fozil asarlari haqida G‘ayrat Murodov va Sayyora Latipova tomonidan yaratilgan “Epik ijodda tasvirlash mahorati” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Jo‘ra Fozilning adabiy faolligi, uning milliy nasr maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijodi, shirali tili, aniq tasvirlari, yaratgan tabiiy insoniy qiyofalarga ega qahramonlari bilan kirib kelgani ta’kidlandi. Yozuvchi epik turning barcha janrlarida qalam tebratib kelmoqda. U o‘z qissa va romanlarida moziy va zamona haqiqatlarini badiiy ifodalashga harakat qilib kelmoqda.
Yangi nashr etilgan kitob til va adabiyot yo‘nalishi talabalari, magistrantlari, doktorantlar, shuningdek, so‘z san’ati muxlislariga mo‘ljallangan.
Yozuvchi Jo‘ra Fozil (Jo‘ra Vahobovich Fozilov) 1949-yil 5-oktyabrda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. ToshDU – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Jo‘ra Fozilning “Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”, “Buxoro elchisi”, ”Baxt yulduzi”, ”Mening qizil gulim”, ”Bolalikning yolg‘iz yodgori”, ”Buxoriyning qaytib kelishi”, “Ayriliq ostonasi”, “Tiramoh armonlari”, “G‘oziyon zindoni”, “Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni”, “Oshiq Buxoriy qissalari”, “Xongulning sarguzashtlari” kabi hikoyalar, qissalar va romanlardan iborat kitoblari nashr etilgan.
Jo‘ra Fozil o‘z asarlari bilan bir qator respublika miqyosidagi ijodiy tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Yaqinda Turkiya poytaxti Anqara shahridan yana bir xushxabar keldi. Mamlakatda chop etiladigan “Qardosh qalamlar” adabiy-badiiy, ijtimoiy jurnalida hamyurtimiz yozuvchi, jurnalist va tarjimon Jo‘ra Fozilning “Otbozor hibsxonasi” hikoyasi turk tilida e’lon qilindi.
Taqdimot tadbirida Jo‘ra Fozil ijodining o‘ziga xosligi, yangi kitob haqida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova,
O‘zA
СОЛНЦЕ

Рустам Мусурмон,
Заслуженный деятель культуры Узбекистана,
Народный поэт Каракалпакстана


(На перевод Эркином Вахидовым «Фауста» Гете)

Поэт щедр, как солнце, на теплые чувства,
Калам его полон лучистого света.
Создать перевод – это тоже искусство,
И Фауст теперь обитатель Ташкента.

Прочел по-узбекски я плавные строчки,
Алмазы бессмертного произведения;
Великий наш мастер, поэт, переводчик
Так скромно свой труд оценил во вступлении:

«Луна теперь плачет, слеза ее льется,
И сердце терзается горькой тоскою.
Она восклицает: «О небо, я – солнце,
Зачем перевод меня сделал луною?»

Рождаются вторники, среды, субботы,
Луна возрождается в новом истоке.
Вахидов-поэт завершил переводы –
И Запада Солнце взошло на Востоке.

Перевод Николая Ильина
Qozon shahrida Muhammadiyor nomidagi xalqaro turk adabiyoti festivali bo‘lib o‘tdi

22-24-may kunlari Qozon shahrida Muhammadiyor nomidagi xalqaro turk adabiyoti festivali hamda Tatariston Yozuvchilar uyushmasining 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va taniqli tarjimon Raʼno Azimova ishtirok etdi.
– Bu tadbirga Rossiyaning turkiy xalqlari, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari adabiyotlarining yetuk vakillari taklif etildi, – dedi Usmon Azim. - Ularning ko‘pchiligi bilan avvaldan tanish bo‘lganimiz uchun bu anjumanda qatnashish va norasmiy suhbatlarimiz ham maroqli kechdi. Tadbir Tatariston hukumatining qabul marosimi va shu doiradagi davra suhbati bilan boshlandi. Unda so‘zga chiqqanlar o‘zlarining hamda turkiy xalqlar adabiyotining yutuqlari va muommolari haqida so‘zladi. O‘z navbatida, men ham bu suhbatda qatnashib, tatar va o‘zbek xalqlaring azaliy qon-qarindoshlik aloqalari, adabiyotimizning va maʼrifatparlarimizning ezgu hamkor harakatlari to‘g‘risida muxtasar to‘xtalib o‘tdim. Shuningdek, XX asr boshlaridagi tatar maʼrifatchilarining Turkistonda yuritgan faoliyati umumturkiy jadid harakatida katta rol o‘ynaganini taʼkidlab o‘tdim.
Tatar adabiyotidan Abdulla To‘qay, Dardmand, Miraziz Uqmasiy, Said Ramiyev, Musa Jalil, Hasan To‘fon, Sibʼat Hakim, Nuriy Arslonov, Shavkat Galiyev, Robert Minnulin asarlari Mamarasul Boboyev, Sulton Jo‘ra, Tohir Qahhor, Abusaid Ko‘chimov, Miraziz Aʼzam, Abdurahmon Akbar, Cho‘lpon Ergash, Abdulla Sher, Jamoliddin Muslim kabi tarjimonlarimiz tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Aytish kerakki, O‘zbekistonda hozir ham turkiy xalqlar hayoti, madaniyati, sanʼati va adabiyotiga bo‘lgan qiziqish katta, buning oqibati o‘laroq “Turkiy adabiyot durdonalari” shohlavhasi ostida 100 jildik kitoblar majmuasi nashr etilgan, endi esa “Jahon bolalar adabiyoti xazinasi” 100 jildlik asarlar majmuasi chop qilmoqqa tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Qardosh adabiyotlar vakillarida bu axborot katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirlar doirasida Tatariston Fanlar akademiyasining qo‘lyozmalar va musiqiy meros markazi, Bulg‘or davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Yassaviy merosi va qadimiy Turkiston” ko‘rgazmasiga sayohat, “Turkiy xalqlar adabiyoti: tarix va zamonaviylik”, “Xalqlar do‘stligi – adabiyot do‘stligi: hamkorlik istiqbollari” mavzularida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
– Iltimosimga ko‘ra, institut rahbari menga “U istokov uzbekskoy istoriografiii”, “Tatari v Turkistane na izlome vek”, “Tatar vakitli matbugati saxifalarenda Turkiston” kabi mehr bilan nashr etilgan (ko‘rinib turibdi!) kitoblarni sovg‘a qildi. Bu kitoblar Tataristondan olib kelgan eng katta sovrinimdir, – deb hikoya qildi Usmon Azim.
Tatariston Yozuvchilar uyushmasining 90 yilligiga bag‘ishlangan anjumanni Uyushma raisi, Tatariston xalq shoiri Rkail Zaydulla olib bordi. Tatariston Yozuvchilar uyushmasining tarixi 1934 yil 25-29 iyulda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Umumtatar yozuvchilarining I qurultoyidan boshlanadi. O‘shanda G‘alimjon Nig‘matov, Rizo Eshmurod, Karim Tinchurin, Fotih Karimlar maxsus maʼruzalar bilan so‘zga chiqishgan, shu anjumanda Qavi Najmiy Yozuvchilar uyushmasining raisi etib saylangan edi. Hozirgi kunda ijod qilayotgan Uyushma aʼzolari soni uch yuz ellikka yaqin.
Anjumanda Raʼno Azimova o‘zbek adabiyotining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, jumladan, Moskvada “Ladomir” nashriyotida nashr etilgan ikki jildlik “O‘zbek sheʼriyati antologiyasi” xususida so‘zladi. Bo‘lib o‘tgan qardoshlar mushoirasida turkiy tillarda sheʼrlar yangradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
2024/09/22 09:41:02
Back to Top
HTML Embed Code: