Telegram Web Link
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni

O‘ZBEKISTON – BEBAHO YURTIM

   Shu yilning 1-avgust kuni “Do‘stlik” haftaligi doirasida  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Qardoshlik mushoirasi” maʼrifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
   Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov tabrik so‘zi bilan ochdi.
   Bu kabi tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024-yil 21-fevraldagi Farmoni ijrosini taʼminlashga hamda 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Do‘stlik” festivalini yuqori saviyada o‘tkazishga eʼtibor qaratildi.
   Yozuvchilar uyushmasi foyesida O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan qozoq, tojik, rus yozuvchi va shoirlarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblari, shuningdek, Uyushma aʼzolari tomonidan ona tilimizga o‘girilgan jahon adabiyotining sara asarlari ko‘rgazmasi namoyish qilindi.
   “Qardoshlik mushoirasi” turli ellar do‘stligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar bilan davom etdi. Maʼrifiy tadbirlar shoirlar, yozuvchilar va keng jamoatchilik ishtirokida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimidan boshlandi. Shundan so‘ng tadbirlar poytaxtimizda qad rostlagan Abay, Chingiz Aytmatov, Maxtumquli, Aleksandr Pushkin, Nizomiy Ganjaviy, Taras Shevchenko, Yakub Kolas, Shota Rustaveli haykallari poyida davom etdi. Tadbirlarda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Bahodir Karim, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, shoir va yozuvchilar Sirojiddin Rauf, Farog‘at Xudoyqulova, Tursinali Ahmedov, Davron Rajablar so‘zga chiqib, qardosh xalqlar adabiyoti vakillarining ijodi o‘zbek o‘quvchisiga qadrdon bo‘lib ketgani, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini bog‘lashda adabiyotning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
   Yakunda turli xalqlar yozuvchi va shoirlari haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
   “Do‘stlik” festivali poytaxtimizda joriy yilning 29 iyul kunidan boshlandi. Mazkur tadbir doirasida ishtirokchilar va keng jamoatchilik vakillari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimi, Toshkent fotosuratlar uyida “Do‘stlik nigohi” qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasining ochilishi, “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Davlat mukofoti va “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyati va chet ellik hamkorlarni taqdirlash kabi qator marosim va tadbirlar o‘tkazildi.
   Shuningdek, festival davomida “Navro‘z” bog‘ida “Ona zamin bag‘ridan...” xorij va yurtimizdagi turli xalqlar amaliy ustalarining xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasining ochilishi, Bolalar yozgi oromgohlarida “Do‘stlik bolalikdan boshlanadi” nomli tadbirlar, “Xalq do‘stligi” maydonida “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert dasturi va boshqa qator tadbirlar o‘rin olgan.
   “Do‘stlik” festivali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizda shu yilning 4 avgustigacha davom etadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati
“Do‘stlik” haftaligi doirasida  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Qardoshlik mushoirasi” maʼrifiy tadbirlaridan fotolar.

Muallif–Ahmad To'ra.
“Do‘stlik” haftaligi doirasida  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Qardoshlik mushoirasi” maʼrifiy tadbirlaridan fotolar.

Muallif–Ahmad To'ra.
2024/09/24 07:26:59
Back to Top
HTML Embed Code: