Telegram Web Link
Bolalarga borini bergan adib

Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli bolalar yozuvchisi Aziz Yoqubovning “Bolajon bobo hikoyatlari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Unda uyushma aʼzolari - Erkin Malik, Orziqul Ergash, Orif To‘xtash, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova va boshqalar so‘zga chiqdi.
- Aziz aka, uzoq yillar O‘zbekiston  milliy teleradiokompaniyasida ishladi, - dedi Nasiba Ibrohimova. - Faoliyati davomida Respublikamiz barcha shahar, tumanlarida bo‘lib, maktab o‘quvchilarining hayotini va qiziqishlarini o‘rgandi. Shu bilan birga bolalar haqida hikoya va ertaklar yozdi. Bu ertak, hikoyalar tez orada o‘z muhlislarini topdi.
Bir kuni ustozlardan biri, “Endi ertak va hikoyalarni nashrga tayyorla” deb, maslahat berdi. Shu bahona bo‘ldi-yu adibning “Kichkina doktor” deb nomlangan ilk kitobi dunyo yuzini ko‘rdi. So‘ngra  birin-ketin “Fotimaning quvonchi” va “Guli degan qiz” nomli  kitoblari nashr etildi.
- Ushbu asarni o‘qiganimda bugungi bolalarning o‘y-fikrlariga mos tushadigan, ularni ezgulik yo‘liga boshlovchi asar bo‘lganiga guvoh bo‘ldim, - dedi Orif To‘xtash. - Darhaqiqat, kitobning avvalida yozilganidek, ustozimiz borini bolalarga bergan adib. Har bir hikoyatida qalb qo‘rini his etasiz.
Kitobdan joy olgan  nasriy bitiklar ham jajji o‘quvchilarga mosligi bilan ajralib turadi. Kitobda bolajonlar dunyosi, ularning ko‘ngil kechinmalari, yorug‘ orzu-intilishlari rangin buyoqlarda aks ettirilgan. Ushbu to‘plam “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, unga yozuvchi Luqmon Bo‘rixon muharrirlik qilgan. Unda "Chumoliga ozor bermang!", "Zamiraning echkisi", "Saida bilan kapalak", "Yo‘qolgan koptok", "Katta saboq", "Haqiqiy do‘stlik" kabi ko‘plab ertaklar jam bo‘lgan.
Taqdimotda yozuvchining ijodiy faoliyati hamda yangi to‘plami haqida so‘z bordi. 93 yoshni qarshilagan Aziz Yoqubovga uyushmaning esdalik sovg‘alari topshirildi. Yig‘ilganlarga muallifdan “Bolajon bobo hikoyatlari” kitobi ulashildi.

Zulayho Ahmadjonova
Bolalar yozuvchisi Aziz Yoqubovning “Bolajon bobo hikoyatlari” nomli kitobi taqdimotidan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
Bolalar yozuvchisi Aziz Yoqubovning “Bolajon bobo hikoyatlari” nomli kitobi taqdimotidan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
2024/09/25 05:18:12
Back to Top
HTML Embed Code: