Telegram Web Link
TO‘RTLIK

Neʼmat Aminovga

Yozganim shu - yodlik va xat bo‘ladi,
Neʼmatni topganim chin baxt bo‘ladi.
Bir o‘zbek shoiri shu so‘zni aytay,
Ishonchli bitta do‘st Neʼmat bo‘ladi.

Abdulla Oripov
17-07-24.pdf
1.1 MB
"Xalq so‘zi" gazetasining 2024-yil 17-iyul kungi 24-sonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori eʼlon qilindi.
Ibroyim YUSUPOV

AYT, SEN AJINIYOZ QO‘SHIQLARIDAN

Ayt, sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan,
Yig‘lasin yor ishqi bag‘rin teshganlar.
Bo‘zlasin yurtidan ayro tushganlar,
Ayt, sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan.

Sozin sabo yodlab, so‘zni yel bilgan
Bir shoir dunyoga keldi-yu ketdi.
Majnuntol ortidan oyga termulgan
Bir dilbar tushimga kirdi-yu ketdi.

Qo‘shiq daryo-daryo nur bo‘lib oqsin,
Sevgisiz qalblarga ishq o‘tin yoqsin.
Qiz yigitga jilva-noz bilan boqsin,
Ayt, sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan.

Ayt, sen “Bo‘zatov”ni nag‘maga solib,
Dili yonmaganning bag‘ri tosh bo‘lsin.
Qoraqalpoqning ko‘hna dardi qo‘zg‘olib,
Bu kunga boqqani sari mast bo‘lsin.

Shoir kezgan cho‘lda bo‘stonlar qator,
Bekor bo‘lib ketdi zamon-zamon nobakor.
Bekor bo‘lib parisin ko‘rdim ishvakor,
Ayt, sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan.

Men uni tinglasam – qolmay toqatim,
Ko‘nglimda sayragan mastona bulbul.
Men uni tinglasam - tuqqan elatim
Yer jannati bo‘lib ko‘ringay butkul.

Yulduzlarni yerga qaratmoq bo‘lsang,
Yomon shoirlarni uyaltmoq bo‘lsang,
Agar men o‘lganda tiriltmoq bo‘lsang,
Ayt, sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan.

Abdulla Oripov tarjimasi
Ertak

ENG KATTA HAYVON

Bir kuni Sher maqtanib qolibdi.
— Men savannada yashovchi hayvonlarning podshosiman. Demak men hammadan kattaman, — deb o‘kiribdi u.
— Men esa hammadan balandroqman, — xotirjamgina debdi sal nariroqdagi daraxtlar uchidagi yam-yashil barglarini uzib yeyayotgan Jirafa. — Sen o‘zingni katta deb hisoblashing mumkin. Lekin har qancha sakraganingda ham mening boshimdan balandroqqa yeta olmaysan.
Shu payt ularning oldiga fillar to‘dasi kelib to‘xtabdi. Fillar to‘dasining sardori bo‘lgan Dono Fil sherga qarab:
— Biz fillar Afrikadagi eng katta jonivor ekanligimizni bilamiz, lekin bu bilan maqtanmaymiz. Gavda katta bo‘lishi emas, balki aql katta bo‘lishi muhimroq! — debdi.
Sher uyalganidan qizarib ketganini yashirish uchun bitta sakrab, baland-baland o‘tlarning orasiga kirib ketibdi.

Gulnoz Tojiboyeva,
bolalar yozuvchisi
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi

Zulayho Ahmadjonova lavhasi
Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida yashayotgan bir guruh yurtdoshlarimizning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Parkent ijod uyida dam olish jarayonidan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
#Bolalar_adabiyoti

BOLALIK


Oy bilan bulutlar ham
Xuddi bizdek yosh bola.
Ular o‘yin o‘ynashyapti,
Qara, bizlardek, Lola.

Bulutlar ham ko‘pincha
O‘ynaydi quvlashmachoq.
Oy qo‘shilsa o‘yinga,
U bo‘lar bekinmachoq.

Mana, qara, hozir ham
Qidirmoqlik oygadir.
Bulutlar orasidan
Izlayapti kimnidir.

"BOBOV"LAR

Kasal bo‘lsam, derdilar momom:
-“Bobov”larga borsin kasaling.
Yig‘lamagin sira ham, mudom,
Sog‘ bo‘l, shakar, qandim, asalim!

Momom uchun yaxshiman, demak,
"Bobov" esa yomon degani.
Nabiralar sog‘lom ulg‘aysak,
Momomga xush zamon degani.

Topilarmi biror-bir momo,
Nabirasi asal bo‘lmasin?!
Yaxshilar-ku, sog‘ bo‘lsin, ammo
"Bobov"lar ham kasal bo‘lmasin.

Ruxshona Nishonova,
Zomin seminari ishtirokchisi
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Orif To‘xtash she'ri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Admistratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bolajonlar uchun tuhfa.
Munosabat

IJOD AHLINI SEVINTIRGAN QAROR

Davlatimiz rahbarining atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishi, biz ijod ahlini sevintirgani haq gap. O‘z davrida ilohiy isteʼdodi, yuksak bilim va keng tafakkuri, vatanparvarligi bilan yuksak nom qozongan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki turkiy xalqlar adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan shoir va mutafakkir hisoblanadi.
Mazkur qaror shoir asarlarini yana-da keng targ‘ib qilish va o‘rganish imkoniyatini kengaytirmoqda. Ayniqsa, qaror bilan shoirning «Tanlangan asarlar» to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish nazarda tutilayotgani, shoir asarlarining yana-da keng ommalashuviga xizmat qiladi.
Bugun ulug‘ bobolarimiz hayotini kino asarlari orqali yoshlarimizga namuna qilib ko‘rsatish ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mana shu nuqtai nazardan davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirishga alohida urg‘u berilganligi, shoir ijodiga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom namunasidir.
Qarorda belgilanganidek Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan «Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan» mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovini o‘tkazish, yoshlar orasida Ajiniyoz asarlarini teran o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning yana-da ortishiga, maʼnaviy ongining yuksalishiga xizmat qiladi.
Qarorda shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq o‘tkazilishi zarur bo‘lgan tadbirlar aniq, ravshan ko‘rsatilib o‘tilgan. Ulardan, 2024-yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari ko‘rgazmasini o‘tkazish, 2024-yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish kabi yuksak ahamiyatga ega tadbirlar har bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi, ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga, xayrli va ezgu tashabbuslarga o‘z ulushini qo‘shishga chorlaydi.
Eng quvonarlisi, 2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish belgilanganligi hisoblanadi.
Albatta, davlatimiz rahbari qarori bilan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining mana shunday yuksak darajada nishonlanishi, mamlakatimizda maʼnaviyatimiz va adabiyotimiz, tariximiz, madaniyatimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk bobolarimizga, adabiyotga, ijod ahliga ko‘rsatayotgan yuksak darajadagi hurmat, eʼtibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yuksak namunasidir.

Rivoj O‘tarboyev,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir
2024/09/23 21:25:57
Back to Top
HTML Embed Code: