Telegram Web Link
O‘zbekiston Qahramoniga bag‘ishlangan kitob taqdimoti

O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva ijrosidagi maqom qo‘shiqlarini tinglamagan, uning shirali ovozidan bahramand bo‘lmagan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak. Yaqinda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati instituti o‘qituvchisi Mamlakat Ulashevaning Munojat Yo‘lchiyeva haqidagi kitob monografiyasi nashrdan chiqdi.
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligida ushbu kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Otabek Mahkamov olib bordi. Unda musiqashunoslar, talabalar, maqom shinavandalari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar Munojat Yo‘lchiyevaning mumtoz qo‘shiqchiligimiz rivojiga qo‘shgan hissasi, uning ijrosidagi qo‘shiqlar xorijda ham sevib tinglanishi, u haqda chop etilgan monografiya haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Tadbir davomida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati institutining o‘qituvchi va talabalari ijrosida mumtoz qo‘shiqlardan namunalar ijro etildi.
Darhaqiqat, maqom — o‘zbek qo‘shiqchilik sanʼatining o‘ziga xos yo‘nalishlaridan biridir. Kitobdan Munojat Yo‘lchiyevaning hayot va ijod yo‘li, ustozlari va ularning shogirdlari haqidagi fikrlari, shuningdek, turli ro‘znomalarda chop etilgan maqolalar, ocherklar, esdaliklar, Munojat Yo‘lchiyeva ijro etgan asarlar tahlili va nota matnlari ham o‘rin olgan. Monografiyadan foydalanuvchilarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida kitobda QR-kodlar berilgan bo‘lib, ulardan foydalanish orqali Munojat Yo‘lchiyeva ijrosidagi maqomlarni tinglashingiz ham mumkin.
Mazkur monografiya “Ijod nashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan. Ushbu risola nafaqat musiqachilar, mumtoz musiqa ixlosmandlari, balki barcha kitobxonlar uchun mo‘ljallangan. 

Ulug‘bek Xalilov,
“Ijod nashr” nashriyoti muharriri
Kitob taqdimotidan fotolar.

Muallif: Ahmad To'ra.
Kitob taqdimotidan fotolar.

Muallif: Ahmad To'ra.
2024/09/23 07:19:26
Back to Top
HTML Embed Code: