Telegram Web Link
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Balki foydasi tegar degan maqsad bilan «Zamonaviy oftalmologiya - o’zbek tilida» rukni ostida videodarslar boshlagan edim bundan 3 yilcha oldin.

Sababi Norvegiyada Oslo universitetida bir kam professer sifatida bu darslarni Norvegiyadagi tibbiyot talabalariga o’taman.

Nega o’zimizni qoraqoshlar bu bilimni olishga haqqi yo’q?

Oddiy maqsad, yaxshi niyat va qattiq mehnat bilan boshlangan ish sekinlik bilan natija bermoqda.

Yevropa top universitetlaridagi tibbiyot kurslaridan biri o’zbek tilida 😊

Bek Olimjon
Hayotingda qilgan eng muhim investitsiyang nima deb so’ralsa, o'ylanmasdan ingliz tili o’rganganim deyman.

Ushbu postni o’qiyotgan har kim ingliz tilini o’rgana oladi. Tekinga!

@Ibrat Farzandlari Tekin manba!
@BBC Learning English Tekin!
@British Council | LearnEnglish. Tekin!
@B.I.S. English Xalqaro toifadagi ingliz tili o’qituvchisi. Telegramda tekin darslari bor
@ENGLISH with James · engVid. 4,7M obuna bo’lgan. Tekin resurs!
@Speak English With Vanessa. 5,8M obunachi bilan. Tekin resurs!
@Learn English with EnglishClass101.com, 7,8M obunachilari bilan. Tekin resurs

Bahona qilishni bas qilish kerak. Harakat qilish vaqti allaqachon kelgan, o'tib bormoqda.

Bek Olimjon
"balki foydasi tegar..."
Tibbiyot talabalari qiladigan top 3 ta xato:

1. Ingliz tili o'rganmaslik

2. Sohani "soqqali" bo'lgani uchun tanlash

3. Erta kursda shogirdlikka tushish



Aslidachi:

1. Ingliz tili o'rganish, kamida B2 darajada

2. Kamchilik tanlaydigan sohani tanlash

3. Institutni tamomlagandan keyin zo'r mutaxassis bo'lishga intilish



Nega?

1. Ingliz tilini bilmay turib zamonaviy tibbiyotni o'rganish imkonsiz

2. Tibbiyot har qaysi sohasida ehtiyoj katta. Kam tanlanadigan sohalarda esa raqobat kam, o'sish tezroq bo'ladi

3. Sharti, tanlangan sohada top mutaxassis bo'lish


Bek Olimjon
"balki foydasi tegar..."
Xohishingizni aniqlang, aks holda bunga majbur qilishadi

2009-yil.
21 yoshdaman.
Toshkentning top restoranlaridan birida ustozim bilan bo’lgan suhbatdan bir parcha.

Ustozim: “Bek, hayotda nima xohlashingni bilib olishing muhim. Aks holda seni nima xohlashing kerakligini senga singdirishadi va sen bunga ishonasan”

Men: “Men bu yoshimda hayotda nima xohlashim kerak?”

Ustozim: “Savolingda shoshqaloqlik bor. Nima xohlashim kerak emas, nima xohlashimni qanday aniqlasam bo'ladi desang to’g’ri bo’ladi.”

Bir necha soniyali sukutdan so’ng, “men senga mana buni xohlashing kerak desam, kelajaginga xiyonat qilgan bo’laman. Nima xohlashingni o’zing aniqlashing zarur. Bu oson vazifa emas, lekin muhim vazifa. Vaqt oladigan vazifa. Eng tez usuli bu kitoblar orqali” degan edi.

O’sha payt buni tushungandek bo’lganman, ammo mag’zini oradan 10 yil vaqt o’tgandan keyin, 2019-yili Norvegiyada doktorlik dissertatsiyamni tugatayotgan vaqtda tushundim.

Hayotda nima xohlashimizni aniqlab, maqsadlarimizni aniqlab olishimiz muhim ekan. Aks holda biz boshqalar maqsadi bilan umr o’tkazamiz ekan.

Maktabni tamomla, mana buncha bal ol, mana bu institutga kirishing kerak, mana bunday mashina olishingiz kerak, mana bu qizga uylanishing kerak, uying mana bunday bo’lishi kerak, kiyiming manda bunday bo’lishi kerak va hok.

Atrofimizdagilar maqsadi katta emas, shu sabab ham harakatlari yetarlicha emas. Bizni o'z kichik maqsadlari tomon tortib ketishadi.

Boshqalar maqsadi bilan umr kechirmaslik muhim. Umr qisqa. Nima xohlayotganimizni aniqlay olishimiz zarur. Aks holda jamiyat qo’ygan chegaralardan chiqa olmay umrimiz o’tib ketaveradi.

Inson sifatida bizga berilgan umrdan, to’liq potensialdan foydalana olmay, yaxshi mutaxassis bo'la olmay, dunyo keza olmay, orzularga erisha olmay, va eng muhimi insoniyatga hizmat qila olmay o’tib ketishimiz xavfli.

Bek Olimjon
18.03.2024
Norvegiya
kuniga 1 soat til o’rgan -> «vaqt yo’qda»
kuniga 1 soat reels -> «har kuni, 2 marta»

kuniga 20 bet kitob o’qish -> «uyqu keladi»
kuniga 20 minut g’iybat -> «mazza»

kuniga 30 min jismoniy mashq -> «eee qo’ysangchi»
kuniga 8 soat o’tirish -> «kaneshna, majburmizda endi»

bilimga 50$ investitsiya -> «qimmatakan»
qora jentra -> «10 yil umrimni almashtirishga roziman»


Bizga hayotda nima muhim ekanligini aniqlab olishimiz zarur. Keyin afsuslanmaymiz.


Bek Olimjon
2022- yil dekabr oyida Neuralink odamlar miyasiga chip qo’ymoqchi ekanligi haqida mana bu yerda post qilgan edim.


Unda odamlarni miyasi orqali, fikrlari orqali tashqi dunyo bilan gaplashmasdan, ya’ni «telepatiya» yo’li bilan muloqot qila oladi degan edim. Mashinani oyoq qo’lini ishlatmay fikri bilan boshqarish mumkin bo’ladi degan edim.


Oradan 1,5 yil ham o’tmadi. Mana natija. Tanasining bo’ynidan pasti ishlamaydigan odam boshidagi chip orqali shaxmat o’ynab o’tiripti. Yanagi yili shu odam yurib ketsa men hayron bo’lmayman.


Ajoyib texnologiya, millionlab ko’zi ko’r bo’lgan odamlarga yana ko’rish imkonini beradigan texnologiya.


Oldin ham aytganman, yana aytaman. Agar Neuralinkga test uchun sog’lom odam kerak bo’lsa, men o’z miyamga qo’ydirishga roziman.

Edit:
Bu texnologiyaga qarshilar borligi tabiiy. Uni tushunaman men. Ammo bu texnologiya qarshi bo’lsak ham amalga oshadi va men uni intizorlik bilan kutmoqdaman. Neuralink keyingi loyihasi ko’rlar uchun.


Men miyamga qo’ydiraman deganim g’alati eshitilishi mumkin. Chunki siz va mening hayot tajribamizda farq bor.


Siz katta ehtimol bilan ko’r bo’layotgan odam bilan hech qachon gaplashmagansiz. Men esa unday bemorlar bilan deyarli har kuni gaplashaman.


https://youtu.be/ZzNHxC96rDE?si=s520RKuTQudPiETt
Rivojlanimoqchi bo'lgan har bir 18+ yosh inson o’qishi kerak bo’lgan kitoblar

Men asosan ingliz tilidagi kitoblarni o’qiyman.

Muammo shuki, zo’r kitoblar 99,999% qismi o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

Quyida menga kankret foydasi tekkan va o'zbek tiliga tarjima qilingan kitoblardan 3 tasi

Sotib olishga 100% arziydi, agar ularni o’qisangiz.

1-kitob: Factfullness, Hans Rosling
Birinchi marta Hans Rosling bilan 2011-yilda ko’rishgan edim. Dunyo haqida bizning fikrlarimiz naqadar xato ekanligi haqida ma’ruza o’qigan edi. Ana shunday ma’ruzalar to’plami va boshqa foydali ma’lumotlar keyinchalik kitob shaklida chiqdi. Dunyo qay darajada yaxshi tomonga rivojlanayotganini, asl vaziyat bizga ko’rsatilganidek yomon emasligini yaqqol tushuna olasiz


2-kitob: Vavilondagi eng boy odam, Richard Kleyson
Kitobni birinchi marta o’qiganmida 20 yoshlar atrofida edim. Sodda va qisqa hikoyalarni o’z ichiga olgan bu kichkinagina kitob shaxsiy moliyani o’rganishda, uni tartibga solishda poydevor bo’lib hizmat qiladigan bilimlar beradi. Undan tashqari shaxsiy rivojlanish haqida ham bir qancha foydali o’gitlar olsa bo’ladi.


3-kitob: Diqqat, Kel Nyuport
Bu kitobni barcha o’qishi kerak deb hisoblayman.

Umrimiz va miyamiz o’g’risi bo’lgan ijtimoiy tarmoqlardan qutulib, vaqt samaradorligini oshirish va aqliy mehnatda yaxshi natijalarga erishishda aniq-tiniq ko’rsatmalar beradi.
Ayni zamondagi eng muhim bo’lgan ko’nikma - diqqatni jamlash - bo’yicha mana shu kitobni o’qish va unga amal qilish sizni mehnat bozorining top 1% ga chiqishingizga yordam berishiga ishonaman.

Bek Olimjon
"Balki foydasi tegar..."
2000-yillar. Internet rivojlanib, emaildan foydalanish ommalashayotgan davr. Psixiatr Dr Wilson (King’s College London University) bir savol bilan qiziqadi.

”Aqliy mehnat bilan ishlovchilar orasida elektorn pochtalarni tez-tez tekshirish inson aqliy faoliyatiga qanday ta’sir qilmoqda?”

80 ga yaqin ilmiy tekshiruvlar davomida aqliy mehnat qiluvchilar IQ darajasini kun davomida tekshirib boradi. Natijalar shuni ko’rsatadiki emailni tez-tez tekshirish inson IQ darajasini kun davomida 10 ballga pasaytirar ekan. Odam bir kecha uxlamasa ertasi kungi IQ darajasi odatdagidan 10 ballga pastroq bo’lishi isbotlangan. Nasha (marixuana) chekkan odamda esa 4 ballga pasayar ekan.

Bu 2004-yildagi natijalar. Facebook 2006-yil ochildi. Instagram 2010, Tik-Tok esa 2016. Ular kuchli psixolog va muhandislarni yollab, bizni qaram qilish uchun maxsus algoritmlar ishlab chiqishdi va chiqishmoqda. Aqliy mehnat samaradorligi past ekanligi sabablari mana qayerda.

Biz nasha kabi miya faoliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalardan qaytarilganmiz.

Nasha kuchsizroq, lekin geroin, amfetamin kabi kuchli narkotik moddalar bor. Ularni qabul qilgan odam fikrlashi buziladi, qaror qabul qilish markazi ishdan chiqadi, qattiq qaramlik - narkomaniya rivojlanadi.

Shu o’rinda bir qiziq ma’lumot.

Geroin, kokain va amfetamin kabi og’ir narkotiklar inson qaror qabul qilish markaziga qanday salbiy ta’sir ko’rsatsa Facebookga qaramlik ham shu darajada ekan. Tik-Tok bundanda battar bo’lsa hayron qolmayman.

”Xullas, nashavandmasakanmizu, lekin gerani har kuni urib yurippizakan, narkosha bo’lib”

Ko’pchilik o’ziga men dangasaman, fikrim chalg’igan, tartib yo’q, intizom yo’q, qat’iyatsizman, ma’suliyatsizman deb baho beradi. Bu xislatlar barchasi alkash va narkomanlarni birlashtiradigan xislatlar ekanligiga e’tibor berish zarur.

Zaharingiz tanlovi o’z qo’lingizda.

Bek Olimjon
«Balki foydasi tegar…»
24.03.2024
Norvegiya
Azizbek bilan yaqinda qilingan podcastimiz ostida qoldirilgan izohlardan biri


Bundan quyidagi 7 ta xulosani olish mumkin

1. Ingliz tili o’rganishga 25 yosh kech emas. (Ishonavering, yoshim 25 ga kirdi, menga kech bo’ldi endi deydiganlar juda ko’p)

2. Tilni mustaqil o’rganish imkoni yo’q emas. (har qalay odam kursga bormasdan boshlashi mumkin)

3. Bilimli va tajribali insonlar o’z bilimini ulashishlari juda muhim. (”Balki foydasi tegar” shiori kuchi mana shunday holatlarda ko’rinadi)

4. Ingliz tili beradigan imkoniyatlari ancha keng (cloud computingda master degani kelajak beton bo’ldi degani)

5. IELTSdan 8 yoki 9 olish shart emas. (6.5 darajasi bor odam 9 ga chiqaraman deb o’qishi bu vaqtni isrof qilish bilan teng)

6. 24 yoshda nima qilishini bilmay yurish bu fojea emas. (bilish albatta yaxshiroq)

7. Qisqa vaqt ichida inson o’z hayotini tubdan o’zgartira olishi mumkin. (agar harakat qilsagina)


Bek Olimjon
30.03.24
Norvegiya
Chet elda o’qish - qaysi davlatni tanlash kerak?

Chet elda o’qimoqchiman, qaysi davlatni tanlash kerak savoliga ko’p duch kelamiz.

Bu post chet davlatda o’qish tanlayotganda nimalarga e’tibor berish kerak ekanligi haqida.

- o’qish tekin yoki yaxshigina arzon bo’lgan davlat bo’lsin. Qimmat ta’lim - sifatli ta’lim degani emas.

- o’qish vaqtida ishlab harajatlarni qoplash imkoni bo’lsin. O’zini boqa olish bu katta hayotga ilk qadam.

- o’qishdan keyin o’sha sohada o’sha davlatda karyera qilish imkoni bo’lsin. Bu o’sha davlat ta’limi real hayotdan uzilmaganligini bildiradi.

- o’qilgan soha bo’yicha o’sha davlatda o’rtachadan yaxshiroq daromad topish imkoni bo’lishi. Bu o’sha jamiyat hurmatiga ega odam bo’lishni ta’minlaydi. Inson hayotidan mamnun bo’lib yashashi uchun muhim omil bu.

- qadriyatlarga mos keladigan sharoit bo’lishi. Misol masjid, halol ovqatlar borligi/ko’pligi kabi.

- ish va oila balansini ta’minlash imkoni bo’lishi muhim. Inson hayotining mazmuni karyerasidan iborat bo’lmasligi kerak

- ijtimoiy himoya yaxshiroq bo’lgan davlat. Arzonroq va sifatli sog’liqni saqlash bo’lishi muhim. Birgina kichik operatsiya odamni bankrot bo’lishiga sabab bo’lmasligi kerak. Sifatli bog’cha va maktab muhim.

Yuqoridagi talablarning barchasiga Skandinaviya davlatlari javob berar edi, 2022-yilgacha. Afsuski hozir u davlatlarda Uzb fuqarolari uchun ta’lim tekin emas.

Unda qaysi variantlar bor?
Bu savolga javob berish osondir, ammo har bir chet elda o’qimoqchi bo’lgan odam bu savolga o’zi izlanib javob topishi shart degan fikrdaman.


Qanday qilib?

Kompyuterda bitta excel sahifa ochiladi. Ustunlarga yuqoridagi omillar yoziladi. Qatorlarga davlatlar guruhi yoziladi, undan keyin har bir davlat ostida universitetlar ro’yhati va o’qish mumkin bo’lgan yo’nalishlar yoziladi. Undan har birini yuqoridagi talablarga javob beradimi yoki yo’q ekanligi belgilab chiqiladi. Agar yo’nalish talabga javob bersa 1 javob bermasa 0 qo’yiladi. Eng ko’p bal olgan variant demak eng yaxshi variant hisoblanadi. Top 5 ta yo’nalish tanlanadi va o’shalarga topshiriladi.

Har xolda men 2009-yili mana shu tizimdan o’zim foydalanganman, tanishlarga aytaman. Pand bergani yo’q.

Bek Olimjon
06.04.2024
Eidsvoll, Norvegiya
Odatda Norvegiya politsiyasi qurol olib yurmaydi.

Bundan bir necha kun oldin Norvegiya politsiyasiga butun davlat bo’yicha qurollanishga buyruq berildi. Sababi internetdagi forumlardan birida kimdir hayit vaqtida 3 ta masjidga nisbatan terakt uyushtirish reja qilinganligi haqidagi xabar edi. Unda avtomat rasmi bor edi.

Oradan 2 kun o’tgandan keyin bu xabar yolg’on ekanligini politsiya tasdiqladi. Ammo bunday holatlarda musulmonlarda hadik bo’lishi tabiiy.

Rasm bugun Oslodagi masjidlardan biriga kirish qismida olingan.

Unda musulmon bo’lmagan aholini qo’lida «trygg i bønn» (xavfsiz ibodat) degan plakat bilan masjidga kirishda himoya sifatida turganini ko’rish mumkin.



Mana shunday gaplar azizlar. Media va voqe’lik orasida farq katta.

Barchaga hayit ayyomi muborak bo’lsin!

Shu kunlarga yetkazganiga shukur!

Bek Olimjon
Boshqalar hayotini kuzatib, o’z hayotimiz qanday o’tib ketayotganini sezmay qolamiz.

Ekrandan uzoqlashib tabiatga chiqish vaqti keldi.

Tabiat bu insonning ajralmas qismi. Aniqrog’i inson tabiatning ajralmas qismi bo’lishi kerak.

Ammo ekran sabab tabiatdan uzoqlashib bormoqdamiz.

Bir dunyo kasalliklar oqibati ham tabiatdan uzoqlashganimiz oqibati.

Men ham ketdim tabiatga. Sizni ekranda o’tirishingizga sababchi bo’lganim uchun uzr.

Bek Olimjon
Barchamiz bir vaqtda ikki xil dunyoda mavjudmiz. Biri bu tabiiy, ikkinchisi virtual.

Postlarimni tagiga nega sana va makon yozib qo’yishim haqida so’rashadi. Bu menga postni qaysi davlat va shaharda, qaysi vaqtda yozganimni eslash uchun xotira sifatida xizmat qiladi. Hozirgacha biz xotira sifatida ko’radigan eski fotoalbom yoki bloknotdagi ahamiyati tubdan o’zgarish arafasida.

Bunda sun’iy intellekt o’rni katta bo’ladigandek.

Men hozirda mavjud sun’iy intellekt na’munalarini huddi dastlabki floppy disklarga o’xshataman. Bu postni o’qiyotganlar aksar qismi floppy disk zamonidan keyin tug’ilganlar, uni nima ekanligini bilishmaydi ham 😊 

Floppy disk 1,44Mb hajm ma’lumotni saqlash mumkin bo’lgan disk edi (rasmda). Biz unda operatsion sistemalarni o’rnatar yoki yutsa orqasidan rasm ochiladigan shashka o’yinlarini o’rnatar edik.

Men birinchi olgan kompyuterim diski 100Mb dan iborat edi. Oradan 20 yil o’tib o’tmadi, rivojlanishni qarang.

Ayrim sun’iy intellekt bilan ishlaydigan xizmatlar shunday turi borki, unga siz o’zingiz xohlagan mavzuda va janrda qo’shiq tayyorlab ber desangiz 30-40 sekunnda tayyorlab beryapti.

Men rosa qiziqayotganim matndan video qilib beradigani. Bir kitobni yuklaysiz, kino qilib beradi. Hozir bor shunday AI. Ular rivojlanish darajasi huddi floppy disk kabi.

Men qanday kelajak tasavvur qilaman?

Men virtual olamda ixtiyoriy-majburiy ravishda ancha iz qoldiryapman. Gmail, instagram, youtube, sayohatlar, rasmlar, videolar va muhimi mening fikrlarim bayon etilgan postlar.

Farzand va nabiralarim, hayotimni, yoshligimni, qanday fikrlaganimu, nimalar meni hursand qilganlarini virtual holatda kino sifatida ko’ra oladi. Balki men o’lib ketganimdan keyin ularda men bilan ”suhbat qurish” imkoni ham bo’lishi mumkin. Ular mendan maslahat so’rashlari mumkin bo’ladi.

Bu qanchalik absurd tuyulmasin, bu allaqachon mavjud texnologiya.

Shuning uchun azizlar, yaxshi xotiralar bilan yashash muhim. Fikrlarni yozib borish muhim.

Bek Olimjon
14.04.2024
Frankfurt, Germaniya
Bundan bir necha yil oldin "Balki foydasi tegar..." deb boshlangan ishlar kichik bo'lsada natijasi.

Aziz Rahimov bilan qilgan podcast ostida qoldirilgan izohlardan biri ekan.

Foydali qilgani uchun shukur.

Mana shunday fikrlarni o'qib behuda vaqt sarflamayotganini tushunadi inson.

Azizlar, yozing, fikringizni o'rtoqlashing.

Hech bo'lmagandan o'zingizga foyda qilgan bo'lasiz.

Bek Olimjon
Muvaffaqiyat nima?

Turli inson uchun turlicha.

Kim uchundir iPhone 15 olish, mashina olish, uy qurish, sayohat qilish, chetda o'qish va hok.

Kim uchundir nimanidir o'rganish, sog'lom bo'lish, baxtli bo'lish va hok.

Biz sog'lom bo'lish, baxtli bo'lish va hotirjamlikka erishishga bo'lgan harakatdan ko'ra pul topishga ko'proq fokus qilamiz.

Bu tabiiy holat. Har bir inson boy, sog'lom va baxtli bo'lishni xohlaydi. Shu tartibda.

Menimcha muvaffaqiyatga erishish dastlabki bosqichi - inson hayotda nimalarni xohlamasligini, qanday hayot kechirishni xohlamasligini anglab yetishi.

Undan keyin o'zi xohlagan hayot tarzi qanday ekanligini aniqlab olishi va keyin o'sha hayot tarzini yaratishga harakat qilishdan iborat.

Inson o'zi xohlagan hayot tarzini aniqlab olishi juda muhim. Bunda "men xohlayotgan narsa bu rostdan ham men ich-ichimdan xohlagan narsami yoki jamiyat xohlagan narsami?" deya savol berish juda muhim.

Agar nima xohlashini bilmasa izlashda davom etish muhim. Buni topishda yordam beradigan savol: "Qanday qilib foydali bo'la olaman?"

Foydali bo'lish orqali inson boy, sog'lom va baxtli bo'la oladi.

Butun umrini ko'chada faqat pul topish uchun sarflab, qavat-qavat uy qurib, yosh o'tganda hovlini bir chetidagi kichkina xonada yolg'iz o'tirgan holda o'tgan umri uchun afsuslanmaslik muhim.

Bek Olimjon
17.04.24
Stockholm, Shvetsiya
Top 10 talikdagi universitetlar

Dunyoda Top 10, Top 100, Top 500 ro’yhatga kiradigan unviersitetlar haqida eshitamiz.

Bunday reytinglarga kirish uchun o’sha universitetlar har yili natija ko’rsatishi kerak. Misol yil davomida ma’lum son doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan bo’lishi, ma’lum son ilmiy maqolalar chop etilgan bo’lishi, o’qituvchilar tajribasi, talabalar natijasi va shu kabi bir qancha mezonlar bo’yicha o’lchanadi.

Bizdagi unviersitetlar mana shunday reytinglarga kirishga harakat qilayotgan bir vaqtda dunyoning top universitetlari mana shu reytinglardan ixtiyoriy ravishda chiqib ketishmoqda.

Chiqib ketayotganlar ichida Harvard, Yale, Stanford, Zurich, Columbia, Georgetown, Berkeley, Utrecht va yana bir qancha universitetlar bor.

Bu reytingni tark etish jarayoni boshlanganiga o’zi bir necha yil bo’ldi, ammo ohirgi 2-3 yilda tezlashdi.

Nega?

Asosiy sababi “kim o’zarlik” paydo bo’lgani deya tushuntirishmoqda. Aytishlaricha sifatli natijaga fokus qilishdan ko’ra top reytingga kirish uchun natijalarga fokus bo’lib qolayotgan ekan.

Bizdagi univerlar top 1000 talikka kiraman deb harakat qilayotgan bir vaqtda, oqsoqol universitetlar o'sha top reytinglarni tark etishmoqda. Do’ppini olib qo’yib o'ylashga arziydigan vaziyat degan fikrdaman.

Iqtisodchi Charles Goodhart yozgan bir qonuniyat bor: “Agar bir o’lchov maqsadga aylansa, endi u yaxshi o’lchov emas”

Bu nima degani?

Oddiy misol sifatida talabalarning yaxshi o’qishi mezoni ularning 5 baho olishi deb olaylik. Aytaylik 5 olgan talaba bu yaxshi o’qigan talaba deb hisoblanadi. Talaba nima qiladi endi? Maqsadi 5 olishga aylanadi. Bor fokusini unga 5 olib keladigan ishlarga qaratadi. Dars qoldirmaydi, o’sha fandan konspektlar qiladi, doim formada, tanqidiy fikrini ustoziga aytmaydi va hok.

Yoki bo’lmasa bunga IELTS 9 olishni misol sifatida keltirishimiz ham mumkin.

O’lchov mezoni erishish kerak bo'lgan asosiy maqsadga aylanmasligi kerak.

Bek Olimjon
18.04.24
Stockholm, Shvetsiya
O’zgartirishga harakat qilma

Bir do’stim bor. Men uchun mentordek inson. Yiliga 2-3 marta ko’rishamiz, birga tushlik qilamiz.

Norvegiyada shifokor sifatida tez natijaga erishishimga bir dona gapi sabab bo’lgan edi.

Norvegiyada moliya sohasida top mutaxassislardan. Ammo ishlamaydi, ishlab pul topishga ehtiyoji yo’q. Undan har safar moliya sohasida ko’p narsa o’rganaman. Ammo meni hayron qoldiradigan jihati u g’azablangani yoki noliganiga hech guvoh bo’lmaganman. Aytishlaricha 30+ yildan beri yashaydigan xotini bilan biror marta urushmagan.

Sababini so’rasam,

”Bek, men boshqalar fikri va hatti-harakatini boshqara olmayman. Ammo men boshqalar fikri va hatti-harakatiga nisbatan o’z emotsiyamni boshqara olishni o’rganganman. Shunday ekan men boshqalarni deb asabiylashishim g’irt ahmoqlik. Katta, tushungan odamlarmiz. Bir muammo bo’lsa asabiylashmasdan hal etishga harakat qilish kerak degan fikrdaman.

Hotinim bilan urushmasligimga kelsak, oilada murosa juda muhim. Men shu inson bilan bir umr birga yashayman deb tanladim. Birga farzandlar ko’rdik.

Endi tasavvur qil, bir ota-onadan tug’ilgan, men bilan bir muhitda katta bo’lgan aka-ukalarim, opa-singillarim bor. Qonimiz, jinsimiz bir bo’lgam ukam bilan fikrim to’g’ri kelmaydi ba’zan.

Endi boshqa jinsli, boshqa oilada, boshqa madaniyatda katta bo’lgan inson bilan har doim ham fikrlar to’g’ri kelishini kutish bu ahmoqlik emasmi?!”

Buni qachon tushunib yetgansan desam:

”25-26 yoshlar edim, atrofimdagilar oilali qurishni boshladi, oradan ko’p o’tmay ayrimlarini doim xotin yo eridan nolishini eshitar edim. Hayron bo’lar edim. Hali oila qurmaganim uchun buni tushunishim va oldini olishim muhim deb o’yladim. Ulardan sababini sinchiklab so’radim. Shuni tushunib yetdimki, ular o’z turmush o’rtoqlarini o’zgartirishga harakat qilishayotgan edi. O’z fikrini o’tkazishga harakat qilishlari, vaziyatni o’zi xohlagandek bo’lishini istashlari edi. Bu insonga g’alaba hissini bersada, oilada totuvlik va baxtlilik hissini bermaydi.”

”Oiladagi janjallar asosiy sababi, biz turmush o’rtog’imizni o’zgartirishga harakat qilishimizda ekanini tushungandim o’shanda. Men o’zgartirishga majbur bo’lmaydigan turmush o’rtog’i topishim kerak ekan degan xulosaga kelganman. Shu talabdan kelib chiqib xotin qidirgandim, hudoga shukur, baraka topdim” deydi.

”Keyinchalik bu kriteriyani ishchi yoki hamkor qidirishda ham qo’lladim. Ancha yordam bergan” deydi.

”Biz odamlarni o’zgartira olmaymiz. Odamlarni faqat o’zlarigina o’zgartira oladi. Biz shunchaki ta’sir etishimiz mumkin xolos. Fikrimiz, hatti-harakatimiz, yashash tarzimiz ularga ta’sir qilishi mumkin. Ammo o’zgarish uchun kuch qalbidan chiqishi kerak.”

”Biz o’zgartirishga harakat qilaversak, ular go’yo o’zgargandek ko’rinadi. Eng yomoni ham shunda. Chunki asli o’zgarmagan odam senga o’zgargandek ko’rinmoqda”

Bek Olimjon
27.04.24
Oslo, Norvegiya
Boy bo’lmoqchisiz, avtomoykada ish boshladingiz. Umrida pul topmagan, otasi olib bergan mashinada kelgan bittasi sizga past nazar bilan qaradi. Moyka egasi tadibrkor odam maqsadigizdan motivatsiya oldi.

Dunyo kezmoqchisiz, sayohatni qishlog’ingizdan qo’shni viloyatga, avtobusda boshladingiz. Atrofdagilar uchun bu kulgili bo’ldi. Avtobusda Kanadalik turist bilan tanishdingiz. U Madagaskarga qilgan sayohati rasmlarini ko’rsatdi.

Marafon yugurmoqchisiz, do’stlaringiz ahmoqmisan deyishdi. Marafon yuguradiganlar xolis maslahatlar berishdi.

Zo’r mutaxassis bo’lmoqchisiz, chet tili o’rganishni boshladingiz. “Choyxonadan ustunmi” shu deyishdi. Ikki yildan keyin Frankfurtda o’zbeklar bilan choyxonadasiz. Ular sizning hikoyangizni maroq bilan tinglashmoqda.

O’zi biror natijaga erishmaganlar doim bir negativ fikr beradi.

Niyatimiz xolis va harakatimiz chin dildan ekanligini ko’rgan haqiqiy natijaga erishganlar doim biz tomon bo’lishadi, yo’l ko’rsatishadi, o’z davrasiga taklif etadi.

Bek Olimjon
Mallorca, Ispaniya
08.05.24
2024/11/15 09:22:23
Back to Top
HTML Embed Code: