Telegram Web Link
Inson nega o’ziga ishonchi past bo’ladi?

Sabablari bir qancha bo’lishi mumkin.

Hammasini bir nuqtaga olib keluvchi sababi unga bolalikda ”sen qila olmaysan” deyishlari.

Butun umr shunga ishonib o’taveradi keyin.

Aslida katta natijalarga erishayotgan odamlar ham siz va men kabi insonlar.

2018-yil Norvegiyada bir rus hamkasbim ishdan haydalishiga bir bahya qolgan edi. Bemor davolashda o’ziga ishonchi juda past edi. To’g’ri fikrlasa ham qaror qabul qila olmas edi. Natijada noto’g’ri qarorlar qabul qilar edi. Vazni og’ir, jismonan juda nozik edi.

Haligi hamkasbimni bir amallab birga yugurishga ko’ndirdim. Ishdan keyin birga yuguradigan bo’ldik. Boshlanishiga 500 metr, keyinroq 3-4km. Yugurgandan keyingi endorfindan foydalanib 2 oylardan keyin bo’ladigan yarim marafonga yozilishga ko’ndirdim.

Birga yugurdik, rosa qiynaldi u. Ohirgi 5-6 km yonida yugurib motivatsiya berib turdim. Amallab tugatdi.

Qizig’i keyingi haftasidan boshlandi. Ishida ancha ijobiy o’zgarishlar bo’ldi. O’ziga loser deb qarashni to’xtatgani sezildi. Sababini so’radim.

”Men hech qachon qila olmayman deb o’ylagan narsamni qila oldim. Umrimda marafon yugura olishimga ishonmaganman. Demak men o’zimga sun’iy chegaralar qo’yganman. Yengib o’tsa bo’lar ekan. Kunimdagi chegaralarni aniqlab, birma-bir olib tashlashga harakat qilyapman hozir. Birga yugurgan marafonimiz o’zimga bo’lgan ishonchimni orttirdi”
dedi.

Men yarim marafon yugurishni odamni o’ziga bo’lgan ishonchni orttirish eng tez usuli deb bilaman. Har qanday sog’lom bo’lgan yosh odam (semiz bo’lsa ham) buni uddasidan chiqa olishiga ishonaman.

Asosiy muammo odamni o’ziga bo’lgan ishonchsizlikda.

6 haftalik tayyorgarlik bilan qilsa bo’ladi.

Mana shu postni uzunroq variantini Bek Olimjon Akademiyasi pullik obuna kanalida qo’ygan edim. Aprel oyi ichida yarim marafonni birinchi marta yugurganlar soni 8 yoki 9 ta bo’ldi.

”Qila olaman desangiz ham, qila olmayman desangiz ham siz haqsiz”

Bek Olimjon

10.05.24
Mallorca, Ispaniya
Mallorca - Ispaniya janubida joylashgan orol. Velosportga qiziquvchilar uchun top maskanlardan biri.

Men velosayohatga qiziqaman. Ammo velosiped minishda o’zimni olib qochadgigan narsalarimdan biri yomg’ir bo’lsa ikkinchisi balandlikka chiqish.

Mallorcada Valldemossa round degan velosayohat uchun yo’l bor. U Deia va Coll de Soller joylashgan 2 ta tog’dan oshib tushishdan iborat. Masofa tahminan 60-70 km. Balandlikka ko’tarilish esa 1450m. (Solishtirish uchun Everest 8849m) Bunday balandlikka velikda umrimda birinchi marta chiqishim. Hech ham qilgim kelmadi, lekin noaniqlik, qiyinchilik, komfortdan chiqish, tabiat undadi. Turgan mehmonxonamizdagi ko’m-ko’l basseynni tashlab, jaziramada velosiped bilan chiqdim kecha.

Yaxshigina qiyin, har qalay men uchun qiyin bo’ldi. Yakuniga yetdim. Chegara yanada kengaydi. Komfort zona yanada kengaydi.

Bir narsani o’rgandim.

Rasmdagi balandliklardan biriga ko’tarilayotganimda yonimdan bir kishi o’tdi.

Suffering is real deb hazillashgan edim, u menga ”Relax and suffer!” deb hazillashdi.

Haqiqatdan ham qiyinchilik bor va uni bosib o’tish kerak. Qanchalik qiyin bo’lmasin bosib o’tish kerak. Shunday ekan relax qilgan holda, odam o’z emotsiyasini boshqargann holda, nafsiga qul bo’lmagan holda, maqsadiga qarab davom etaverishi muhim ekanligiga yana bir amin bo’ldim.

Mallorcada velosayohatni albatta tavsiya etaman azizlar!

Bek Olimjon
12.05.24
Mallorca, Spain
Tasavvur qiling men 19, 20 yoki 22 yoshga qaytib qoldim.

O’zbekistondaman. Ingliz tili bilaman. Oz-moz IT ham bilaman. Ishim bor va 400-500$ pul topaman.

Hayotim keyingi bir yilini qanday o’tkazgan bo’lar edim?

Bu haqida ba’zan o’ylab qolaman. Menimcha eng to’g’ri qaror backpacking bo’lar edi.

Backpacking bu kundalik yashash uchun minimal narsalarni ryukzakka solib, o’ta arzon yo’l bilan sayohat qilish. Unda hotelda emas hostelda turiladi. Hostel bu bitta xonada 4, 6, 8 ta o’rin bo’lgan uxlash uchun arzon yotoqxonalar. Sayohat arzon bo’lishi uchun restoranda emas ko’chadagi arzon yoki tekin joylarda ovqat yeyiladi. Shahar aylanishni taksida emas, balki piyoda, juda bo’lsa arzon avtobusda qilinadi.

Men quyidagi yo’lni tutgan bo’lar edim:


1. Backpacking uchun manzil belgilar edim. Misol India-Nepal-Burma-Laos-Kambodja yoki shunga o’xshash

2. U davlatlarda komfort backpacking uchun tahminiy byudjet kuniga 25-40$, 60 kunga 2400$. Bilet 500$. Umumiy byudjet 3000$ deylik ana

3. Shuni topish kerak endi. Bu uchun kundalik harajatlarni maksimal kamaytirib, daromadni oshirib bir amallab 3000 to’plar edim

4. Pul to’plash jarayonida Janubiy-Sharqiy Osiyoda backpacking qiluvchilar facebookdagi guruhlar, Reddit, turli forumlarni o’rganib, taxminiy marshrut tuzgan bo’lar edim. Boshqalar tajribasini o’rganar edim

5. Faslga moslab, ishxonam bilan kelishib bir tomonga bilet olib shartta ketgan bo’lar edim. Ishxonam rozi bo’lmasa ham ishdan shunday voz kechib ketgan bo’lar edim. Sababi bugun 20 yoshda 500 topa olyapmanmi, 2 oy sayohatdan keyin ham kamida shuni topa olaman. Topa olmagan taqdirimda ham rizq borasida qo’rquvim yo’q. Tavakkal!

6. Sayohat davomida turistlar boradigan maskanlarga emas, balki mahalliy aholi to’planadigan joylarga borar edim. Maksimal darajada odamlar bilan suhbat qilgan bo’lar edim

7. Bir kundalik olib ko’rgan va his qilganlarimni, xulosalarimni yozib borar edim. Bu jarayonda ”men to’g’ri, boshqalar noto’g’ri” degan fikrdan yiroqlashgan holda yondashuv muhim bo’lar edi

8. Arzonroq kamera olib, yoki telefonga video va rasmlar olar edim

9. Olingan videolar yoki yozilgan kundalikni ijtimoiy tarmoqlarga vatanga qaytguncha qo’ymas edim

10. Sayohat davomida hostelda ko’rishgan yoki orttirgan har bir tanishim kontaktlarini olar edim. Instagram, Facebook, Whatsapp va hok, farqi yo’q.

Ikki oylik sayohatdan keyin vatanga qaytganda bir narsa insonni hayron qoldiradi.

Hamma narsa o’sha-o’sha. Ishxona ham, uy ham, odamlar, ko’chalar va hok. Hech narsa o’zgarmagandek.

Ammo ikki oylik sayohat davomida 99,9999% odamlar 20 yilda ham olmaydigan hayotiy tajriba va hissiyotlarga to’la bo’lgan, ancha yetuk, musofirlikni ko’rgan yangi inson sifatida qaytishim kafolatlangan bo’lar edi.

Qo’rqmaysizmi degan savol bo’lishi tabiiy.

Dunyo xavfli emas. Biz o’zimiz ko’rmagan dunyo haqidagi fikrlarimiz odatda noto’g’ri bo’lib chiqadi.

20 yoshlardagi arzon byudjet bilan sayohat qilish orqali olinadigan hayotiy tajribani beradigan hech narsa yo’qdek fikrimcha.

Buni 40 yoshga kirib tushunasan, agar tushunsang!

Bek Olimjon

17.05.24
Norvegiya
O'zbekistonda oftalmolog diplomiga ega, nemis tilidan B2 darajasida bilimi bo'lgan va Germaniyada oftalmolog bo'lib ishlash rejasida yurgan kim bor?

Germaniyadagi bir ko'z klinikasiga oftalmolog yordamchisi qidirilmoqda. Avvaliga oftalmolog yordamchisi, keyinchalik imtihonlarni topshirib litsenziya olganidan so'ng oftalmolog bo'lib ishlash imkoniyati bo'ladi.

Agar yuqoridagi talablarga javob bersangiz quyidagi formani to'ldiring. Ma'qul kelsangiz aloqaga chiqamiz.

https://forms.gle/WBSjUsy5Ek2Ub4r87
Men uylanish haqida post yozmaslikka harakat qilaman.

Yozmasligim kerak. Fikrlarim ommaniki bilan to’g’ri kelmagani uchun.

Lekin kechadan beri bitta fikr kalladan ketmayapti. Kecha tog’da velosayohat qilib yursam bir ukamiz maslahat so’rab yozipti. Bir qiz bilan tanishgan, hamma tomonlama ma’qul. Qiz yaxshigina muvaffaqiyatga erishgan, g’arbda yaxshi karyera boshlagan, pul topishi ham yigitnikidan ko’proq. Yigit ham u qizga ma’qul tushunishimcha. Yigit uylanish istagida. Hammasi zo’r va to’g’ri kelyapti. Ammo qiz shu 1-2-2,5 yoshga kattaroq ekanda. Shu o’ylantiryapti ukamizni… Nima qilay deydi.

Xayolim boshqa joyda bo’lgani uchun javobni qisqa qilib ”meni xotinim ham mendan katta, uylanganimda mendan ko’proq pul topar edi, gazini bos, barakali bo’ladi bundaylari” dedim.

Keyin o’ylab qoldim, nega yosh bunchalik katta ahamiyatga ega? Yigitlar bir qizni ko’radi, uni zo’r umr yo’ldosh sifatida ham ko’ra oladi, ammo yoshi katta bo’lgani uchun rishta qurishni xayoliga ham keltirmaydi.

Nega jamiyatimizda uylanmoqchi bo’lgan nomzod yoshi doim kichik bo’lishi kerak deyiladi? Bu qayerdan chiqqan fikr va standart? Javobini izlashga harakat qildim. Ayollar tez qariydi degan gap unchalik asosli emasdek, sababi kallik asosan erkaklarga hos 😊Semirish esa yosh va jins tanlamaydi 😀

Balki avallari oilalar asosan qishloq xo’jaligi bilan band bo’lgani va unda oilalarni bolalar mehnatiga ehtiyoji ko’proq bo’lgani uchundir?! Yosh ayol fertilroq bo’ladi va ko’proq bola ko’rishi mumkin deyilgandir. Bilmasam. Hozir bu ham argument emas. Sababi 2-3 ta farzand bilan STOP deyilyapti.

Men bilgan narsa shuki, ayolni va onani o’qigan bo’lishi, ilmli bo’lishi juda muhim. Bu bolalar va jamiyat kelajagi uchun juda muhim. Bir soha mutaxassisi bo’lsa undanda zo’r. Turmushgacha bir sohada mutaxassis bo’lib, bir joyda ishlab muvaffaqiyatga erisha oldimi, yanada yaxshi. Demak mehnatkash, maqsadi bor, qiyinchilikka chiday oladi, o’z ustida ishlay oladi, jamiyatga foydasi ko’proq tegyapti. Ertaga oilani markaziga aylanadi bunday qizlar. Eng muhimi bolalari salomatligi va ta’limi bilan jiddiy shug’ullanadi. Bunday qizlar onalik uchun yaxshi nomzod hisoblanadi.

Endi bu natijalarga 17-18 yoshda erishib bo’lmasligi aniq. Bunday natijaga erishishi uchun institutda o’qir, ishlar, til o’rganar, bir sohani egallar. Bular 2-3 oyda bo’lmaydiku axir. Bunga kamida 6-7 yil vaqt ketib qoladi va qiz yoshi 25-27 bo’ladi.

”Yigit 25 yosh, qiz 27 yosh ekan” desang, ”Eee, jinnimisan, nimalar deyapsan…” degan reaksiya bo’lishi tabiiy.

”Katta bo’lsa aqli kirib qolgan bo’ladi” degan argument ham bor jamiyatda.

Bo’ydoqlar ishoning, sizga aqlli xotin kerak, zarur 😀

Shu savollarni o’ylab yarim kechasi bir do’stimizga yozdim. Nega bizning jamiyatda shunday fikr bor, sababi nima bo’lishi mumkin deb so’radim.

”Ayol katta bo’lib, er yosh bo’lganini ko’rsatib beradigan misollar kam yoki deyarli yo’q bo’lgani uchun bo’lsa kerak” deb aytdi. Ha, fikriga qo’shilaman do’stimni. Hozirgi zamonamizda kam bunday misollar. Chunki yoshi kattaroq qizga uylanmaganimizdan keyin qayerdan ham bo’lsin bunday misollar.

Ammo misollar butunlay yo’q emas. Eng katta na’muna bor. Butun hayotini misol qilib oladigan shaxsimiz bor.

Yosh farqi 3 yoki 4 emas edi. Rosmana 15 yil edi.

Yigitlar, biz qo’shnilar, xolalar, bratanlar, atrofdagilar gapiga qarab emas, hayotga real qarab, onalar uchun yaxshi nomzodlarni tanlaymiz. Bu muhim. Onalikka nomzod ma’qul kelsa yoshiga uncha e’tibor bermaymiz.

Vaqt va umr nisbiy baribir.

Bek Olimjon

Norvegiya
23.05.24
Oftalmologlar uchun yangi kurs taklifi

Iyun oyida makula OCT kursini taqdim qilish rejalashtirilgan.

Kursni 2022 da o’tkazgan edik. Ishtirokchilar foydali bo’lganini aytishgan. Ana shu kurs materiallarini qaytadan taqdim etmoqchimiz.

Kurs narhi so’mda 10$

Savol-javob imkoni bo’ladi.
Kurs mundarijasi mana bu linkda:

https://telegra.ph/Intensiv-OCT-kursi-01-06

Qiziquvchilar bo’lsa
@Shukur_Adxamovich ga bog’lanishi mumkin.

Kurs pullik obuna kanal ichida bo’lgani uchun oftalmologiyadan tashqari ma’lumotlar bilan birgalikda ketadi. Misol may oyida shaxsiy moliya haqida postlar va jonli suhbat bo’ldi.
Forwarded from Umidjon Ishmukhamedov
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
⚡️Битта тўғри ғоя билан миллатни аждодларга муносиб авлод қилиш мумкин.

Бунинг учун ғоя шамолини кўтариб, инсоннинг онг остига ўрнашиши лозим. Бунга 6 ой харакат қилдик.

Aгар ушбу видеони кўриб, қалбингиз жумбушга келган бўлса, айнан шу инсон менман ёки менинг фарзандларим, дўстларим, акаларим, укаларим деган инсонларга улашиб, шамолни қадриятли кўтарилишига, уларнинг миллатимиз умидига айланишига сабабчи бўлинг 🙌

Millat Umidi
Umidjon Ishmukhamedov - ғоя муаллифи
Zohidjon Olov - Шеър муаллифи
Zohirshoh Jurayev - Ижроси, мусиқаси муаллифи. Шу лойиҳада қатнашган ҳамма иштирокчиларга ташаккур!
Pul jigardan bo’ladi(mi)?

Xalqimizda pul jigardan bo’ladi degan ibora bor.

Rostdan ham shundaymi?

Pulni yaxshi ko’ramiz.

Tanamizni axlatlardan tozalab turadigan jigarimizdan ham ko’proq yaxshi ko’ramiz.

Unday emas deysizmi? Isboti mana:

siz tanigan birorta biznes egasini toping va undan
• o’tgan yili qancha daromad qilganini so’rang
• qaysi loyihadan qancha zarar ko’rganini so’rang
• nechta hodimi bor ekanligi, qaysi hodimi zo’r ishlashini haqida so’rang
• bankda qancha puli borligini so’rang
• keyingi pul qilmoqchi bo’lgan loyihalari haqida so’rang
• Qanday mashina olmoqchi ekaniyu, qanday harajat qilishini so’rang

Yuqoridagi savollariga javobni sizga aytmasligi mumkin, ammo bular haqida detallarigacha biladi, kechalari yarim tungacha uxlay olmaydi shular haqida o’ylab.

Endi o’sha odamdan

• qon bosimi qancha ekanini so’rang
• ohirgi 6 oydagi o’rtacha vazni qancha ekanini so’rang
• necha km yugura olishini so’rang
• maks pulsi va puls zonalari haqida so’rang
• oxirgi marta qachon kasallikni oldini olish uchun tekshirtirganini so’rang
• oxirgi marta xolesterin, trigliserid, HbA1c, gemoglobin, vit D, insulini qancha bo’lgani haqida so’rang

Juda katta ehtimol bilan bularga javobi yo’q

Yuk tashiydigan mashina hajmi qanchalik katta bo’lmasin, motori yaxshi ishlamasa ish bermaydi.

Biznes qanchalik katta bo’lmasin, egasini salomatligi yaxshi bo’lmasa tatimaydi.

Pul topaman deb yurakni unutmaslik kerak!


Bek Olimjon
29.05.24
Norvegiya
Nega velosipedda o’zingizni qiynab yurasiz degan savollar bo’ladi.

Rosti, aniq javobim yo’q.

Velosayohat qilish orqali bir kunda olinadigan taassurot va hissiyotlar shunchalik ko’pki agar har kunimiz shunday bo’lsa biz aqldan ozgan bo’lar edik.

Balki shuning uchun ham velosayohat o’ziga jalb etsa kerak.

Velosayohat davomida bir narsani tushunib yetasan kishi. Sayohat davomida qaysidir nuqtada juda og’riqli vaqt bo’lishini aniq bilasan. Bilasangki qiynalasan, budun vujuding seni taslim bo’lishga undaydi, barcha narsa senga qarshidek tuyuladi.

Ko’p narsa sening nazoratingda emas. Ketayotib bir kichik chuqurchaga yiqilib nogiron bo’lishing, hatto o’lishing ham mumkin. Himoyang deyarli yo’q.

Ammo aminsangki bu hissiyotlar o’tkinchi. Bu hissiyotlar senga tanish, chunki avvaldan bilasan buni. Mana shu hissiyotlarni yengib o’tgandan keyin yodingda qoladigan xotiralar badandagi og’riqlarni tishingni-tishingga qo’yib bo’lsada yengib o’tishga va davom etishga undaydi. Hech kim seni kuzatmayotganini bilasan, taslim bo’lging keladi, ammo taslim bo’lish eng oxirgi tanlov. Bunga aminsan. Taslimgacha bir qancha yechimlar bor.

Sayohat davomida shunday lahzalar bo’ladiki sen barchasini unutasan, badandagi og’riqlarni, ishxonani, atrofni, kundalik tashvishlarni, barchasini.

Sen, oyoqlaring ostidagi insoniyat kashfiyoti va tabiat.

Muammolaring eng primitiv darajaga tushgan - ovqat, xavfsizlik va keyingi manzilingga yetib olish.

Ko’krak qafasing yorilib ketgunicha chuqur nafas olasan, atrofga qaraysan, qanchalik kichkina va ahamiyatsiz ekaningni tushunasan, hissiyotlar okean shovqinidek otilib chiqadi va ich-ichingdan bor ovozing bilan baqirasan.

Sen nafasdan iborat bir kichik jonzotsan xolos.

Nega ixtiyoriy ravishda o’zingni qiynayotganing asl mazmunini anglab yetgandeksan.

Bek Olimjon

23.06.23
Dovre, Norvegiya

PS. Bu meni hozirgacha qilgan kamtarona tajribamdan kelib chiqib yozilgan xulosalar xolos. Kashf etish uchun yana nimalar bor meni kutayotgan…
Issiq havo harorati o’limga sabab bo’lishi mumkin

Nima qilish kerak?

Issiq urishi bor narsa. Qariyalar va bolalarda buni xavfi katta.

Issiq keldi, terlaymiz, suv ichamiz, qancha ichsak ham chanqoq bosilmaydi, terlayveramiz, bosh og’riydi, holsizlanamiz.

Inson tanasi to’g’ri ishlashi uchun ma’lum bir haroratni bir xilda ushlab turishi kerak. Huddi go’sht aynib qolmasligi uchun sovutgich bir xilda sovuq haroratni ushlab turganidek. Havo issiq bo’lishi tana haroratini ortishiga sabab bo’ladi, buni nazorat qilish uchun tana ter orqali issiqlikni tashqariga chiqarib yuborishga harakat qiladi. Natijada tanadagi suv miqdori kamayadi va chanqoq hissi paydo bo’ladi. Buni qondirish uchun biz suv ichamiz. Mana shu joyda eng muhim narsaga e’tibor bermaymiz.

Tanadan chiqayotgan ter ta’mi sho’r bo’lishi bor narsa. Terlaganimizda biz suv bilan qo’shib tuzlarni ham chiqarib yuboramiz. Ya’ni natriy, kaliy va hokazolarni. Bular umumiy nomi elektrolitlar deyiladi.
Bu tuzlar esa yurak, miya, buyrak kabi eng muhim a’zolar funksiyasini bir me’yorda ushlab turish uchun juda-juda muhim. Biz esa bularni terlash orqali yo’qotganimizda faqat suv qismini qoplaymizda, yo’qolgan tuz qismini qoplashga e’tibor bermaymiz. Aslida bunday issiq kunlarda yo’qolgan tuz o’rnini qoplash chanqoqni qondirishdek muhim. Nega yozning issiq kunlarida sho’r ayron yaxshi ketishi sababi ham shunda. Tuzga bo’lgan ehtiyoj yuqori bo’lgani bois shunday.

Issiqda, chanqaganda bosh og’rishi bor narsa. Chunki miya suvsizlanishga eng sezuvchan a’zo. Hujayralar esa tuzsizlanishga sezuvchanligi juda yuqori. Hujayra-ichi degidratatsiyasi degan tushuncha bor. Unda hujayralar qurib, puchayib qoladi va o’z faoliyatini to’liq bajara olmaydi. Bu paytda ularga suyuq qilingan namakob (1 litr suvga 0,5 choy qoshiq oddiy osh tuzi) juda katta foyda beradi. Buni fan tilida gipotonik eritma ham deyiladi.

Chanqoqni qondirish bilan birga, bosh og’rig’i va umumiy holsizlik tez ketsin desak suvsizlanishda suv ichish bilan tuzlarni ham o’rnini qoplash muhim. Natriy va kaliy tuzlarining qondagi miqdori o’ta pasayib ketishi holsizlik, mushaklar bo’shashidan tortib yurak to’xtashigacha olib borishi mumkin.

Yevropa tomondagi o’quvchilar uchun bunga yechim ancha osonroq. Har qanday sport do’koniga kirib oddiy ichgani elektrolit ber desangiz topib beradi. 1 litrga eritiladigan tabletkadan 10 tasini 2€ ga beradi. Buni marafon yugurganda yoki uzoq masofada veloturga chiqqanda ishlatamiz misol uchun.

O’zbekistonda aynan shu turdagi elektrolitli tabletka yoki kukunlar borligidan bexabarman, ammo Uzbda aptekadan regidron kukuni so’ralsa topib berishadi. Regidron bu bolalar ichi ketganda beriladigan tuzli eritma. Bitta paketchasini 1 litrli suvga solinadi va ichiladi.

Bularning afzallik jihatlari suvsizlanishdan keyin miya va tana faoliyatini tez o’ziga kelishini ta’minlaydi. Ramazonda iftorlikda yaxshi yordam bersa, yoz oylarida sizda issiqdan bosh qaynab og’rimasligiga yordam beradi.

Yozning issiq kunlarida suv ichish bilan birga tuzlarni o’rnini qoplashni ham unutmaslik zarur. Oddiy yechim bu tekin namokob yoki arzon regidronli suv.

Bek Olimjon
22.06.24
Norvegiya
- uchyapsizmi? endi ko’zib ketib maza qilib uxlashni boshlagan chala uyqumdan uyg’otgan savol bo’ldi.

Samolyot Toshkentdan ko’tarilganiga yarim soat ham bo’lgani yo’q. Yonimda ketayotgan bir 40 yoshlar atrofidagi aka. Bir oz oldin telefonidagi videolarini ovozini baland qilgan holda ko’rib tugatdi. Internet yo’q.

Men uxlamoqchi ekanligimni bildirish uchun styuardessaga meni ovqatga uyg’otmasligini iltimos qildim.

Sababi oxirgi 2 sutkada 7 soatcha uxlagandim xolos. 18 soat davom etgan toqqa sayohatdan keyingi charchoq va uyqusizlik yaqqol sezilmoqda.

Ovqat berishlarigacha ko’zim ketib uxlabman. Savollar yana boshlandi.

- Qanaqa ovqat yeysiz? Eshitmaganga oldim.

- Aka nima ichasiz? Ko’zimni sal ochdim va ishora bilan yo’q dedim. Bu vaqtda o’zbek bayroqli forma kiygan o’zbek styuardessalar 95% yo’lovchi o’zbek bo’lgan samolyotda ”kuritsa ili govyadina?” deya o’tib ketdi biz o’tirgan qatordan.

Haligi aka o’tib ketgan styuardessalarga qarab meni ko’rsatib ”Mana bu akaga ovqat bermadilar!” deb baqirdi. Oxiri ko’zimni ochib ”aka men ovqat yemayman, uxlamoqchiman” dedim.

Oradan 3-4 minut o’tdi. Og’zida ovqati bilan haligi aka meni turtib ”nimaga ovqat yemayapsiz?” deydi. Uxlayapman deb ishora qildimda teskari qaradim.

Sal ko’proq uxlagandek bo’ldim, yana oyog’imni turtyapti haligi aka. ”Aka rozi bo’lasiz, sizgayam suv oldim” deydi. ”Menga suv kerak emas, suvim bor, uxlamoqchiman aka iltimos” dedim g’azablanib.

”Uzr aka, aybga buyurmesiz, bilmabman” deydi haligi aka.

Uyqu tagiga oldi. Tuzukroq uxlash imkoni bo’lmadi. O’tirishim bilanoq shapaloqdek katta quloqchinlarni taqib olganim ham yordam bermadi.

Yonimdagi inson o’zini nega bunday tutayotganini tushungim keldi. Internet yo’q, kitob yo’q, bandlik yo’q. Zerikayotgan ekan aka.

Biletni qanchaga olganimu, qachon olganim, qaysi aviakassadan olganimni so’radi. Viza qachon chiqqani, qanchaga tushgani va qaysi firma orqali qilganimni so’radi. Litvada qurilishda ishlaymanmi yoki ”dalshe” Polshaga ketamanmi so’radi.

O’zim haqimda ozgina ma’lumot bersam savollar pushka bo’lib kelishidan tushungan holda qisqa gapirdim.

Suhbat qovushmayotgani yaqqol ko’rinib turipti.

Vaziyatdan o’rganish mumkin bo’lgan saboqlar bor.

Eng muhimi inson zerika olishni o’rganishi.

Zerika olish fiklashga undaydi!


Bek Olimjon
06.09.2024
Subyektivlikdan uzoqlashib, obyektivlikka yaqinlashish kerak

Jamiyatning bir qismi sifatida atrofimizdagilar fikri biz uchun muhim, ko’pchiligimiz uchun o’ta muhim.

Dalillarga asoslanmagan holda bildirilgan fikrlar subyektiv bo’ladi.

Pul topishga qiynalayotgan odamdan so’rasangiz jamiyatdagi iqtisodiy holatni o’ta yomon deydi, hamma joyda adolatsizlik deb noliydi. Ammo raqamlarga e’tibor qaratsangiz jamiyatdagi iqtisodiy o’sish yaxshi ketayotganini yaqqol ko’rasiz.

Kobalt minib yurib, Trekker olgan odam yangi mashinasini qanchalik zo’r, zamonaviy va komfort ekanligini aytadi. Dunyo bozoridagi o’sha klassdagi mashinalar bilan solishtirsangiz aytilgan zamoniy funksiyalarini bundan 15-20 yil avval ishlab chiqarilgan mashinalardan topasiz.

IELTS 7 olib dunyoda juda katta muvaffaqiyatga erishgandek o’zini tutganlarni ko’rasiz. Dunyo bo’yicha raqamlarga qarasangiz bu holat millionlab odamlar uchun talabalikka qo’yilgan eng birinchi talab va qadam ekanligini ko’rasiz.

Stravada 30-40km yugurganlarni ko’rasiz, siz ham 10km yuguraman deysiz. Ammo yetarlicha bilim va tajriba bo’lmagani uchun 5km dan keyin charchab taslim bo’lasiz.
Vaziyatni subyektiv baholaysiz, o’zingizni lozer his qilasiz. Dunyoga va raqamlarga qarasangiz dunyoda 90% odam salomatligi uchun yugurishga ham harakat qilmasligini o’qiysiz. Siz taslim bo’lgan 5km natijangiz bilan top 10% da ekanligingizni tushunasiz.

Instagramda bir ekspert chiqib fikrlarini bayon etadi. Sizga u juda bilgichdek va o’z sohasining eng kuchli ekspertidek tuyuladi. Aslida esa aytilgan fikrlarini kecha ingliz tilida yozilgan bir kitobda o’qigan bo’ladi. Bugun esa ularni kam-ko’stsiz aytib berayotgan bo’ladi, o’zbek tilida, qayerdan olganini aytmasdan.


Har qanday vaziyatda ham obyektiv bo’lishga harakat qilish muhim.


Obyektivlik haqiqat va dalillar ustiga quriladi. Subyektivlik esa hissiyotlar ustiga.


Haqiqatga yaqin bo’lish maqsadga aylanishi ma’qulroq.

Bek Olimjon
15.09.2024
Norvegiya
Tabiat haqida qayg’uradiganlarga hurmatim baland.

Yusufbek rahmat sizga!

Tabiatga chiqadiganlar, iltimos, axlatingizni o’zingiz bilan olib keting!
Forwarded from Go On Foot
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Va nihoyat Neuralink Blindsight insonlarda tajriba o’tkazish uchun ruhsat oldi.

Bu qurilma ko’z kasalliklari bilan ishlovchilar yoki ko’z kasalliklari bilan muammosi borlar uchun eng zo’r yangilik.

Blindsight - ko’rlikni bartaraf etishni maqsad qilgan qurilma.

Kelajakda nafaqat ko’rishni yo’qotganlar bundan foydalanadi, balki ko’zi sog’lomlar ham bundan foydalanishni xohlashadi. Sababi ko’zi 100% sog’lom insonning ham ko’rish imkoniyatlari ancha cheklangan.

Bu qurilma kelajakda (balki qurilmaning 10-avlodi) insonlarga uzoqni va yaqinni muammosiz ko’rishni, kattalashtirib ko’rishni, hattoki infraqizil nurlarni ham ko’rish imkoniyatini beradi.

Buning imkoni yo’q ekanligiga argument topish qiyin.









https://x.com/neuralink/status/1836118060308271306?s=46
Tibbiyot 1.0, 2.0 va 3.0 haqida

Tarixan insoniyat rivojlanish ustiga qurilgan. Insoniyat rivojlanishida tibbiyot rivojlanishi ham muhim rol o’ynaydi.

Tibbiyot evolyutsion nazardan 3 bosqichga bo’linadi; 1.0, 2.0 va 3.0

Tibbiyot 1.0 nima?

Bu tibbiyot soha sifatida paydo bo’lishidan tortib to 20-asrgacha bo’lgan vaqt. Bu tibbiyotning fundamenti. Gippokrat, Galen, Ibn Sino kabi tabiblar Tibbiyot 1.0 yaqqol vakillari. Tibbiyot rivojlanishiga hissa qo’shgan bo’lsada ko’plab fikrlar nazariyalarga asoslangan bo’lgan. Inson organizmini issig’i oshib ketishi, sovug’i tushib ketishi, o’t ko’payib ketishi kabi fikrlar o’sha zamonlardan qolgan.

Tibbiyot 2.0 nima?
19-asrlarga kelib tibbiyotda katta oz’garish yuzaga keldi. O’sha zamon tabib/doktorlari tomonidan nazariyani ilmiy sinab ko’rish tushunchasi paydo bo’ldi. Bakteriya tushunchasi paydo bo’ldi. Mikroskop topilgan edi.

Venger shifokori Sammelweis tug’ruqdan so’ng ayollar o’limini tug’ruqda ishtirok etayotgan doktorlarni qo’l yuvmasligini dedi. Tug’ruqdan oldin oddiy qo’l yuvish tug’ruqdan keyin ayollar o’limini keskin pasayishini isbotlab berdi. Fleming keyinchalik penisillin ixtiro etdi. Rentgen, keyinchalik kompyuter tomografiya ixtiro etildi. Tibbiyotda endi davoni faqat ayrim shifokorlar kuzatuviga qarab emas, balki ilmiy dallillarga qarab tanlash yondashuvi shakllandi. Keyinchalik (90-yillardan so’ng) bu randomizatsiyalashtirilgan klinik tadqiqotlar qo’llanishiga sabab bo’ldi. Dalillarga asoslangan tibbiyot rivojlandi.

Tibbiyot 2.0 kasallik haqidagi bilimlarimizni juda kengaytirdi. Tibbiyot 1.0 vaqtida o’rtacha hayot davomiyligi 25-35 bo’lgan bo’lsa, Tibbiyot 2.0 davrida infeksiyalarga qarshi kurash, o’lim sabablarini bartaraf eta olish orqali hayot davomiyligi 2-3 baravarga oshdi. Hozirgi kunda biz asosan Tibbiyot 2.0 damiz.

Tibbiyot 2.0 kamchiligi nima edi? Tibbiyot qanchalik rivojlanmasin u ko’p kasalliklarni oldini olishga qaratilmadi. (Ayrim yuqumli kasalliklardan tashqari). Balki kasallik umrini uzaytirish bilan mashg’ul bo’ldi. Aytaylik bundan 50 yil oldin ateroskleroz sabab yurak infarkti sodir bo’lsa inson 2-3 soatdan so’ng o’lgan. Hozir esa yurakka stent qo’yiladi va inson yashab qoladi. Ammo ateroskleroz bartaraf bo’lgani yo’q. Huddi shunday diabet kasalligi bilan hozir 50 yillab umr kechirish mumkin. Ammo diabet kasalligini bartaraf etish ancha qiyin.

Tibbiyot 3.0 nima?
Tibbiyot 3.0 kasalliklar oldini olishga qaratilgan. U faqatgina umrni uzaytirishga emas balki hayot sifatini uzaytirishga qaratilgan.

U Tibbiyot 2.0 ustiga qurilgan holda, kasalliklar xavfini erta aniqlab, uni oldini olish bilan ishlaydi. Har bir insonga individual yondashadi. Aytaylik bir inson ajdodlarida bir necha kishi yurak xurujidan vafot etgan. Tibbiyot 3.0 mana shunga sabab bo’luvchi barcha omillarni o’rganadi. Erta kunda screening qiladi va kerakli choralarni ko’radi.


Tibbiyot 3.0 dagi qiyinchiliklar nima?
Hozirgi kundagi tibbiyot institutlarida biz kasallik bilan ishlashni o’rgatamiz. Uni qanday aniqlash, qanday davolash bilan ishlaymiz. Tibbiyot 3.0 sog’lomlar bilan hali ular kasal bo’lmasdan turib ishlashni o’rgatadi. Shu sabab ham Tibbiyot 3.0 bo’yicha mutaxassislar juda kam.

Tibbiyot 3.0 bemorga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Misol uchun Tibbiyot 2.0 diabet kasalligiga dori bilan yechim topsa, Tibbiyot 3.0 jismoniy harakat, og’izga kirayotgan ovqatni nazorat qilish kabi yechimlar bilan yondashadi. Shu sabab ham Tibbiyot 3.0 dan katta foyda oluvchi insonlar intizomga ega bo’lgan insonlar. Undan tashqari Tibbiyot 3.0 mijozdan tibbiy tushunchalarni yuqori bo’lishini talab etadi.


Tibbiyot 3.0 dan foydalanayotganlar kimlar?
Aksar qismi 50 yoshdan past bo’lgan, muvaffaqiyatli, boy, o’qimishli, odatda kamida ingliz tilini biladigan, autodidaktika ko’nikmalari yaxshi rivojlangan, vaziyatlarni so’roqqa tutuvchi, tanqidiy yondashuvchi insonlar. Shuning uchun ham ular tanalariga yaxshigina e’tibor berishadi.
Doimiy sportda, energiyasi yuqori, ko’p ishlarga ulguradigan, ko’pchilik havas qiladigan insonlar bo’ladi.

Bek Olimjon
29.09.24
Norvegiya
Time management yaxshi emas deganlar adashadi

Time management qilishga harakatimiz ishlarga ulgurmasligimiz asosiy sababi. Stresga tushamiz, kayfiyat tushadi, o’zimizdan qoniqmaymiz. Bu jarayon charxpalak kabi aylanaveradi.

Inson o’z imkoniyatlarini yuqori baholashga moyil. Qila olmaydigan narsalarini qilaman deb katta rejalar tuzadi.

Qila olmaymiz, time managementni yaxshilashim kerak deymiz.

Yoki dangasaman deymiz. Motivatsiya yo’q deymiz.

Menimcha unday emas. Biz shunchaki tarelkamizga yuta olmaydigan ko’p ovqat solib olganmiz.

Bizga motivatsiya kerak emas, bizga aniqlik kerak.
Bizga qo’shimcha vaqt kerak emas, bizga fokus kerak.


Xo’sh, nima qilish kerak?

Bitta asosiy maqsad qo’yib, bir kunda bir soat ajratib, bir o’zimiz, bitta xonaga kirib olib, faqat bir kungi natijaga fokus qilib harakat qilishimiz muhim.


1. Bir vaqtda bitta ish bilan mashg’ul bo’lish muhim
Ko’pchilikda shu yil erishsam zo’r bo’ladi degan maqsad bor. Aytaylik nemis tilidan B2 olish. Asosiy fokusni shunga qaratish kerak. Multitasking qilish kerak emas. To’g’ri boshqa ishlar qolib ketishi mumkin. Muqobili esa undanda yomon
, barchasi qolib ketadi. Hech bo’lmasa bittasi bitgani yaxshi. Eng asosiysi bitgani eng yaxshisi.


2. Fokusni sarflanadigan vaqtga emas, natijaga qaratish muhimroq.
Bir ish uchun sarflangan vaqt yoki mablag’ga emas, o’sha ishdagi natijaga qarashimiz muhimroq. Bir kunda necha soat dars qilishdan ko’ra, bitta bo’limni tugatishga fokus qilishimiz afzalroq.

Boshlanishiga natijalar uchun plankani pastroq qilish kerak. Shunda tugatish oson bo’ladi va muvaffaqiyat hissi bo’ladi. Bu esa davomiylikni ta’minlaydi.


3. Energiyani boshqarishni o’rganishimiz muhim
Har qanday natijaga erishish energiya talab etadi. Energiyani esa to’g’ri boshqarish kerak.
Energiyani so'rib oladigan oladigan amallar
- ijtimoiy tarmoqlar
- shovqinli joylar
- behuda tortishuvlar
- asabiylashish
- doimiy havotirlanish
- monoton ishlar va hok

Energiyani saqlashga yordam beradigan amallar
- Yaxshi uyqu. Buni eng katta dushmani telefon. Bunga yechimni yuqorida bir postda yozdim.
- Yurish yoki yugurish
- Odamlarni boricha qabul qilish
- Chalg’ituvchilardan xalos bo’lish. (Yuqorida 30 daqiqa haqida post bor)




Sher bitta sichqonni ovlash uchun ham bitta kiyikni ovlash uchun ham bir xilda energiya sarflar ekan. Sher uchun natija bu kiyikni ovlash. Uni ovlamagunicha tinchimaydi. Sher sichqon ovlamaydi. Sherdek bo’lish kerak. Natijamiz kiyikmi yoki sichqon. Aniqlab olishimiz muhim.

Bugun kiyik ovlaymizmi yoki sichqon ovlash bilan band bo'lamizmi?


Bek Olimjon
29.03.24
Norvegiya
80 ga kirgan bir bemor nolib qoldi. Vaqt juda tez o’tyapti deydi.

Bugun 21 yilga qamalgan qotil bilan suhbatlashdim. Qamoqdagi hayoti haqida biroz so’radim. Qiziq javob berdi. Vaqt juda tez o’tadi deydi.

Sizda ham vaqt tez o’tayotgandek hissi bor bo’lishi mumkin.

Kecha, o’tgan hafta yoki oy juda tez o’tib ketgandek. Kimdir bizdan shu vaqtimizni qanday o’tganini so’rasa aniq javobimiz yo’q.

Bularning sababi - hayotimizning har kuni bir xil, ya’ni monoton hayot. Ertaman turish, ishga yoki o’qishga borish, bir xil odamlar, bir xil dardlar, bir xil suhbat va g’iybatlar.

Yangi tajribalarga erishishga harakat qiladigan, yangi g’oyalar haqida o’ylab yashaydiganlar kam atrofimizda.

Bolalikda vaqt juda sekin o’tgandek bo’ladi. Sababi hamma narsa yangi. Bola har kuni hayotida yangi narsalarga duch keladi va xotiralar quradi. Katta bo’lganimizda esa vaqt juda tez o’tadi. Sababi kunimizda yangilik yo’q. Bir xillikdan iborat. Bir xillik vaqt tez o’tishi asosiy sababi.

O’tgan yili Azamat bilan 3 kunga velosayohatga chiqqan edik. Norvegiyadagi Dovre tog’i atrofini aylandik. Azamat uchun birinchi marta bo’lgan tajriba edi u. 3-kun yakunida ”Aka huddi bir oy vaqt o’tgandek his qilyapman” degan edi. Haligacha eslaymiz. Zo’r xotiralar qolgan.

Vaqtni tez o’tmasligini ta’minlash uchun nima qilish kerak? Hayotni sekin o’tishi va yangi tajribalar ko’p bo’lishiga harakat qilish kerak.

Odam boy yashashi uchun puldor bo’lishi shart emas. Boy xotiralar orqali ham inson boylikka erishadi.

Nima qilish kerak?

- monoton kunlar zerikarli hayot garovi. Undan imkon qadar voz kechish kerak
- turli xil yangi tajribalarni qilib ko’rish kerak
- sayohat qilish kerak
- yangi tajriba va sayohatlarni imkon qadar hujjatlashtirib borish kerak, jurnalga yozib borish, video yoki rasm shaklida tasvirga olish kerak


- o’tmishni eslash, ikki marta yashash imkonini beradi
- nostalgiya stresga qarshi yaxshi davo
- nostalgiya = yaxshi xotiralar - og’riqli damlar
- xotiralarni hikoyalarga aylantirish kerak. Hayotimiz bir hikoya. U mazmunli bo’lishi muhim


Bularni amalga oshirish eng yaxshi, arzon va sog’lom yo’li bu sekin sayohat qilish. Tabiatga sayohat qilish eng arzon usullardan biri. Velosayohat ham yaxshi variant.

Qiziq jihati shuki bu guruhdagi 90% odamda ana shularni qilish imkoniyati albatta bor, ammo qiluvchilar 10% bo’lsa ham katta gap.

Nega unday? Sababi komfortdan chiqqimiz kelmaydi. Hammamiz yaxshi tabiat do’ppi otsa yetadigan masofada yashaymiz. Norvegiyada mingtacha o’zbek bor. Tabiat aylangani chiqadigani esa barmoq bilan sanoqli.

Vatanda ham shunday. Juda borsa 2 soatlik yo’l yurib juda zo’r tabiatli joylarga borsa bo’ladi. Puli ham qimmat emas aslida. Mayli vaqt yo’qdir, pul yo’qdir. Ko’cha borku, dala borku. Hech bo’lmasa ko’chaga chiqib yugurish mumkinku.

Biz odatda nima qilamiz, biz choyxona variantini tanlaymiz.

Biz nima qilamiz, uy quramiz, mashinani zo’rini olishga harakat qilamiz. Bular uchun esa umrimizni sotamiz. Umrni sotsak ham insofni sotmay qolsak biz eng katta natijaga erishgan his qilamiz o’zimizni. Aslida ikkisini ham sotmaslik kerak.

Yugurish kerak desang, ”eee qo’ysangchi, reels ko’ryappan” degan javob beradi miya.

Dangasalik bu hayot dushmani.

Yashashdan maqsad komfort emas.

Komfort insonni ojiz, nimjon qiladi, qiyinchiliklarga tayyor bo’lmasligini kafolatlaydi.

Qanchalik ko’p komfortda o’tirsak har qanday mayda qiyinchilik ham chidab bo’lmasdek tuyuladi.

Yumshoq kursidan turish qiyinroq.

Bek Olimjon
17.06.2024
Norvegiya
2024/11/15 12:02:24
Back to Top
HTML Embed Code: