Telegram Web Link
Top 10% dan o’rganing


Qaysidir sohada yaxshi natijaga erishmoqchisiz.

Shaxsiy moliya, biznes, sport, tibbiyot va hok.

Bilimni o’sha sohadagi top 10% ekspertlardan o’rgangan afzal.

Sabablar:


1. Ular top 10% ga chiqqunga qadar kerakli og’ir mehnatni qilib bo’lgan. Rivojlanishingiz tezroq bo’ladi

2. Muvaffaqiyat yo’lidagi past-balandlarni yaxshi bilishadi. Arzigulik natija vaqt, mehnat va to’g’ri yo’nalish talab etishini bilishadi. Ular quruq va’dalar bilan ish tutmaydi

3. Ularga pul topishdan ko’ra o’z obro’sini saqlash muhimroq

4. Top 10% ga chiqish jarayonida keng (amaliy) bilim bazasi va tajribaga ega bo’lgan ular

5. Ular qanday qilib maqsad qo’yishni va unga erishishni bilishadi

6. Ular qaror qabul qilishda qo’rqmaydilar. Bu yuqumli xislat

7. Ular doim shaxsiy rivojlanish bilan band. Har doim eng yangi bilimlarga ega

8. Ular tiniq (konkret) fikrlashga o’rgangan. Shovqinni ajratishni bilishadi

9. Ular natija beradigan tavsiyalar beradi, maslahatlarini qizg’onmaydi, tekinga ulashadi

10. Ularda intizom shakllangan va taslim bo’lishi qiyin insonlar


Bek Olimjon
09.01.24
Norvegiya

PS. Top 10 emas, Top 10%. Farqi katta!
Inson o’z qadrini oshirish uchun…

Uch darajadagi qadri baland insonlar bor. Daraja oshgan sari qadr ham, topadigan puli ham oshib boradi.

1-daraja: boshqalar qilmaydigan ishlarni qiladigan odamlar
Misol uchun ko’pchilik ingliz tili muhim ekanligini bilsada uni o’rganmaydi. Natijada ingliz tili o’rgangan odam bilim olish imkoniyati ortadi va shu bilan birga pul topish imkoniyati ortadi.



2-daraja: boshqalar qilishni hohlamaydigan ishlarni qiladigan odamlar
Misol uchun salomatligini o’ylab kerakli jismoniy tarbiya qiluvchi odamlar. Unday odamlar har kuni sport bilan mashg’ul. Nafsiga berilib zararli ovqatlarni yeyavermaydi. O’zini majburlab bo’lsada sabr qiladi. Bu esa intizom rivojlanishiga olib keladi. Yana bir misol kuniga bir necha soatni bilim olish uchun sarflash, ijtimoiy tarmoqlardan cheklanish. Bu intizomni shakllanishiga olib keladi. Intizomli insonlar muvaffaqiyatli bo’ladilar.


3-daraja: boshqalar qila olmaydigan ishlarni qiladigan odamlar
Misol uchun Elon Musk. U elektr avtomobil sanoatini revolyutsiya qilmoqda, qayta ishlatish mumkin bo’lgan raketalar ishlab chiqarish bo’yicha dominant. Butun yer yuzasini tez internet bilan ta’minlash uchun StarLinkni ishga tushirdi. Inson miyasiga chip o’rnatish orqali ko’rlarni davolamoqchi. Shuning uchun ham u dunyoning eng boy odami.

Birinchi darajaga chiqishimiz o’z hayotimizni o’zgartirsa, ikkinchi darajaga chiqa olishimiz oilamizni, jamiyatimizni ijobiy tomonga o’zgartirishiga keng imkoniyatlar beradi.

Bek Olimjon
11.01.2024
Norvegiya
TALABALAR UCHUN KURS O’TMOQCHIMAN

Kursga qiziquvchilar sonini aniqlab olishimiz va shunga mos tayyorgarlik ko’rishimiz uchun sizning fikringiz muhim. Men sifatli ma’lumot bera olishim uchun yaxshi tayyorgarlik qilishim zarur. Shu sabab ham fikringizni ayamang.

Kurs haqida qisqacha
Kurs kimlar uchun?
- talabalar, oftalmologiyaga endi kirib kelganlar, boshqa sohadagi shifokorlar

Kursda nimalar o’rgatiladi?
- oftalmologiya asoslari, amaliyotda kerak bo’ladigan anatomiya va fiziologiya, tekshiruvlar
- eng ko’p uchraydigan kasalliklar sababi, patofiziologiyasi, oldini olish, vaqtida davolash
- tibbiy statistika haqida dastlabki ma’lumotlar

Bonus material sifatida quyidagi ma’lumotlar ham beriladi
- tibbiy fanlarni o’zlashtirish bo’yicha tavsiyalar
- bilim olishda reja tuzish, struktura yaratish
- umumiy olganda ”bilim olish bo’yicha bilim” haqida ma’lumotlar


Bu kurs sizga qiziq bo’lsa linkdagi 4 tagina savolga javob bering iltimos

Hurmat bilan,
Bek Olimjon

PS. Kurs 10 ta darsdan iborat. Haftasiga 2 marta, jonli bo’ladi. Yakuniy narxini endi aniqlaymiz. Tibbiyotga aloqasi bo’lmagan odamlarga kurs qiziq bo’lsa qatnashsa bo’ladi.

https://forms.gle/HDKZgvrboMadfzJE7
Barchasi nisbiy

2011-yil. Shvetsiyada magistraturada o’qiyman. Karolinska, top 10 tibbiyot institutlaridan biri

AI darsidan imtihon

Bizga dars o’tgan professor bir xalqaro jurnalda bosh muharrir bo’lib ishlar edi. Bir Koreyalik professor ana shu jurnalda chop etish uchun ilmiy maqola topshiradi. Maqolada xatolik bo’ladi.

Imtihon topshirig’i Koreyalik professor qilgan xatoni topish, uni nega xato ekanligini asoslab berish va to’g’ri yechim berish.

Imtihonni uydan turib topshiramiz, xohlagan materialdan foydalanish mumkin. 12 soat vaqt berilgan.

11 soat 50 minut deganda topshirgandim. Bu vaqt ichida 1 marta hojatga borishga va 1 chashka kofe ichishga imkonim bo’lgan xolos. Imtihondan 20% atrofida talaba o’tgan. Men 3 baho bilan o’tganman.

Bir xitoylik gruppadoshim 1 soatga qolmay tugatgan va 5 baho olgan edi.

Magistraturani 40+ talaba boshlagan, 14 tasi o’z vaqtida tamomlay olgan.



2023-yil

Jiyanim Norvegiyada bakalavrni 1-semestrini tamomladi. Dars qoldirmay o’qidi (darsga qatnashish majburiy emas), darsdan keyin, dam olish kunlari ham o’qidi. Rosa o’qidi, imtihonlarga qattiq tayyorlandi. Jami 4 ta fan.

Imtihonlardan ikkita 3 va ikkita 4 oldi. Imtihonlardan yiqilganlar esa talaygina. Jiyanim Uzb standarti bo’yicha o’z yoshiga ko’ra top student. 16 yoshida IELTS 7+ ga erishgan. 3 olish fail bo’lgani belgisi emas. U shunchaki boshqa muhitda. Barchasi nisbiy.


2024-yil

Kecha 60 ga kirayotgan bir insondan menga mentorlik qilishini iltimos qildim. Men hayotimda hech qachon qila olmasam kerak deb hisoblaydigan maqsadni qanchalik real ekanligini tushuntirib berdi. Unga erishishim uchun o’ta konkret 2 yillik reja tuzib berdi. U maqsadga o’zi 20 yil oldin erishgan ekan.

Barchasi nisbiy.

Atrofimizda kimlar bo’lishi muhim.

Vaqtimizni kimlar bilan o’tkazishimiz muhim.

Biz atrofimizdagi doimiy 5 ta odam o’rtachasimiz.

Atrofimizga qaraylik, u yaqqol ko’zgu.

Bek Olimjon
13.01.24
Norvegiya
Natijalar ko’rinadi, ortida turgan mehnat emas

(Bu postni maslahat sifatida ko’rmang. Muammo bo’lsa o’zingiz javobgarsiz)

Tanani qisqa vaqt o’ta noqulay sovuqda bo’lishi sog’liq uchun foydali. Misol muzdek suvda, qorda, muzda cho’milish.

Bundan 2 yilcha avval oldimga qo’ygan maqsadlarimdan biri muzda cho’milish (ice bath) edi.

Bunga tayyorgarlikni dastlab oddiy dush qilish yakunida ustimdan 1-2 soniyaga muzdek suv quyishdan boshladim.

Sekin-sekin soniyalarni oshirib bordim, avval 5 sekund, keyin 30 sekund va hok.

Oradan vaqt o’tdi va hozir bemalol qorda yotadigan darajaga chiqa oldim.

Bugun instagramda qo’yilgan, shunchaki olingan video ana shunday «qorda cho’milish» jarayonidan oldin olingan.

Rost, qorda, -8da, oyoq yalang, yozgi shortikda, futbolkada bemalol yuripman, qorda yotibman.

Videoga chiqmagan joyi esa keyin kiyimlarni yechim qorda «cho’milganim» 😁


2 daqiqali oson ko’ringan ish ortida 2 yil davomida «komfort zonamdan chiqqanim» bor. O’zim xohlamagan narsani qilishga o’zimni majburlashim yotipti. Oson bo’lmadi, lekin qilish kerak edi shuni.


Biz faqat natijalarni ko’ramiz, ortida turgan mehnatni emas. O’zimizni ovutish uchun natijaga erishgan odamni «unga omad kelganda!» deymiz. Omad harakat qilgan odamga «keladi». Maqsad bormi harakat qilish kerak.


Bek Olimjon
15.01.24
Norvegiya

PS. Aytganday, hali ko’rmagan bo’lsangiz, videoda motivatsiya va time management bo’yicha 2 ta muhim kitoblarni tavsiya etganman. Mana bu ilova orqali ko’rish mumkin

https://www.instagram.com/reel/C2HxQZwKC-9/?igsh=dGxzMjJ5cWdhYnky
Bilaman bu post obunachilarim 99% uchun qiziq emas.

Qani edi obunachilarim, boshqa yoshlar, umuman o’zbek bloggerlari mana shu haqida gapirganida edi.

Post chuqur iqtisodiy inqirozga uchragan Argentinaga xaloskor sifatida kelgan Milei haqida.

U kecha Jahon Ekonomika Forumida (WEF) 23 daqiqali nutq so’zladi. Bugun ertalab ishga ketayotib poyezdda ko’rdim nutqni. Bunday chuqur nutqni anchadan beri eshitmagan edim. Ishdan qaytayotsam video Twitterda trendga aylanib ulgurgan.

23 daqiqali video saboqlarga g’ij-g’ij to’la. Mana bular men olgan insightlardan ayrimlar

- insoniyat iqtisodiy tarixi
- davlatlar yalpi ichki maxsuloti o’sish tarixi
- dunyodagi qashshoqlik yechimi
- iqtisodiy rivojlanish qahramonlari
- hozirgi kunda g’arb iqtisodiyotidagi xavflar
- jamiyatlar rivojlanishi uchun xavflar
- Argentina misolida qanday xatolar qilmaslik
- davlatlarni iqtisodiy farovonlikka olib chiqish yechimi
- erkin bozor yaratadigan imkoniyatlar va bir qancha boshqa foydali info

Ilmiy dalillarga asoslangan, intellektual, nima haqida gapirayotganini aniq va tiniq biladigan, hech qanday suv qo’shilmagan, maqsadi shaffof, o’z fikrini aytishdan qo’rqmaydigan, qolganlarni ochiq tanqid qiladigan, dangal gapiradigan bunday odamni WEF da nutq so’zlovchilar ichida ko’rmagan edim. U zamonaviy trendga aylangan, g’arb davlatlarida siyosat darajasiga chiqqan feminism va shu kabi turli xil ideologiyalarga qarshi fikrlarni ochiq aytmoqda.



Mayli, Milei, uning nutqi va hokazolar bir chetda tursin.

Men hech bo’lmasa videoda ishlatilgan texnologiya haqida gaplashishimizni xohlar edim.

Video ingliz tilida, yuz ifodasiyu, intonatsiyasi Mileinikidek. Ammo Milei asl nutqi ispan tilida bo’lgan.

AI (heygen) texnologiya tarjimadan tortib, yuz ifodasi, gapirish stili, ovozi kabilarni shu darajada o’xshatganki, oddiy ko’z uchun farqlash ilojsiz.

Shuning uchun ham ingliz tili o’rganish kerak deyman. Ingliz tili o’rganish mana shunday ma’lumotlarni birinchi qo’ldan jonli olish imkoniyatini beradi. Biz esa TikTokda jilpillaganlarni tomosha qilib o’tiraveramiz. TikTok ko’rmaydiganimiz motivatsion videolar ko’rish bilan bandmiz. Na bugunimiz uchun, na ertamiz uchun foydasi bor ishlar bilan bandmiz. Dunyodagi tengdoshlar esa shamol tezligida rivojlanmoqda.
Puli borlar imkoniyati har doim ko’proq bo’lgan. Yaxshiroq yashash sharoiti, mashina, yaxshi ovqat va hok.

Bundan 150 yil oldin puli bor odamlar kasal bo’lsa tezroq tuzalib ketish uchun o’zini ”tabib” deb e’lon qilgan odamlarga borishni odat qilishgan. Chunki unday ”tabiblar” kasallikdan tez xalos qilishlarini reklama qilishar edi.

Natijada esa o’sha puldorlar kasallikdan emas, balki o’sha ”tabiblar” bergan doridan zaharlanib yoki qilingan ”davo” xato bo’lgani sabab o’lish ehtimoli kasallikdan o’lishdan ko’ra ancha yuqori bo’lgan.

Xulosa: natijaga tez erishaman deyish = mag’lubiyatga tez erishish kafolati

Bunday ”tabiblar” hozir tibbiyotda ham, iqtisodda ham ko’p.

Muammo yechimi bilan bo’lsin deydignanlarga.

Xo’sh qanday ”tabib”larga borish kerak unda?

Natijaga erishgan, erishgan natijasi undanda yuqoriroq natijaga erishgan tabiblar tomonidan tan olingan tabiblarga borish kerak. Yuqori natijali tabiblar guruhi tomonidan tan olingan bo’lsa yana yaxshi.

Agar men biznes trening sotayotgan bo’lsam, meni biznesim mendan 10 baravar ko’p yutuqqa erishgan biznesmenlar tomonidan ma’qullangan va tan olingan bo’lsa keyin oling kursimni. Bo’lmasa yo’q.

Agar ”tagi yo’q” biznes kurs sotsam sizga shu postni menga qaytarib yuboring. Kursni tekin qilib beraman sizga 😁

Bek Olimjon
23.01.24
Norvegiya
Men yil rejasini qanday tuzishim haqida

Yaqinda bir tanishim aytib qoldi. ”2023 da 3 ta chet davlatiga biznes sayohat qilishni reja qilgan edim, 8 tasiga bordim” deb. O’ylab ko’rsa zo’r natijadek. Ammo…

Kutmagan edi shekilli, men bu ishni maqtanadigan yutuq emasligini, aslida mag’lubiyat ekanligini aytdim.

Yil boshida 3 ta davlatga borishni reja qilgan, ammo 8 taga borgan. Demak noto’g’ri reja qilgan. Bir tomondan o’sha tanishimda 8 ta davlatga borish imkoni bo’lgan va maqsadni past qo’ygan deyish mumkin. Ikkinchi tomondan reja qilinmagan o’sha 5 ta sayohat hayotning boshqa sohalaridagi ishlarni kesilishiga sabab bo’lganligi suhbat davomida aniq bo’ldi. Tanishim eng e’tibor bermagan jihati reja qilinmagan sayohatlar sabab oilasidan kamida 1 oy uzoq bo’lgani edi. Bu tomonini o’ylamappan deb o’zi ham tan oldi keyin.

Reja qilishda va unga amal qilishda ko’pchilik qiynaladi. Shu jumladan men ham reja qilishni to’g’ri tartibga solib olishim uchun bir necha yil vaqt ketgan.

Men yilimni qanday reja qilaman?

Men keyingi yil rejasini yoz o’rtalaridan boshlayman. Unda qilishim kerak bo’lgan katta maqsadlarni yozib boraman. Yil yakuniga borib keyingi yil qilinishi kerak bo’lgan ishlar ro’yhati 100-130 ta bo’ladi. Tahlil qilib ahamiyat jihatidan past bo’lganlarini o’chirib tashlayman. Natijada 70-80 ta qoladi.

Keyin o’sha rejalarni 5 ta asosiy toifalarga bo’lib chiqaman: 1) oila; 2) o’zim; 3) karyera; 4) biznes; 5) ijtimoiy loyihalar. Mana shularni alohida varaqlarga yozaman va devorimga osib qo’yaman. Har bir toifada 15-20 ta atrofida bo’ladi. Har bir toifada nimalar borligini yaqinroqdan kor’sak

1) Oila - oila uchun qo’yilgan maqsadlar ro’yhati. Oila bilan safarlaru, haridlar, maktab va hok…

2) O’zim - ruh+badan+aql o’rtasidagi balansni ushlashga olib boruvchi, hotirjamlikni ta’minlovchi amallar. Unga sport, kitob o’qish, ruhiy yengillik beruvchi ishlar, shaxsiy rivojlanish bo’yicha ishlash, mentorlar, do’stlar bilan aloqalar va hok kiradi.

3) Karyera - keyingi yili qaysi klinikada, kimlar bilan ishlamoqchiman. Nechta maqola chop etmoqchiman. Qaysi konferensiyaga, malaka oshirish kurslariga bormoqchiman/borishim kerak va hok. Nechta bemor ko’rishim, nechta operatsiya qilishim va hok.

4) Biznes - investitsiya, sherikchilik va hok

5) Ijtimoiy loyihalar - maqsadlar ichida eng pastki o’rinda turadi. Bu meni ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatim. O’sha instagram, youtube, telegram va hok. Bular orqali talabalarga yo’llanma berish, bemorlarga maslahat berish, mutaxassislar, talabalar uchun kurslar tashkil etish va hok.

Bu yerda vazn jihatdan har bir toifa bir xil bo’lishiga harakat qilaman. Misol karyera vazn jihatdan oiladan og’ir bo’lmasligi kerak. (Buni alohida ”o’rgimchak to’ri” matriksi ham bor. Bu haqida boshqa safar.)

Xo’p, keyin ana o’sha 70-80 ta ishlarni har oyda qilinishi kerak bo’lgan kichikroq qismlarga bo’lib chiqaman. Aytaylik bir yilda 1200 dollar jamg’arish, demak oyiga 100 dollardan, haftasiga 25 dollardan. Shunday qilib yillik rejani oylik, oylik rejani haftalik va haftalikni kunlik rejaga bo’lib chiqaman. Natijada bir kun qiladigan ishlarim aniq bo’ladi. Bu rejalarimdagi ishlar kech qolyaptimi yoki yo’qligini haftasiga kamida 3 marta tekshiraman.

Yana bir misol men bir yilda 120 km yugurmoqchiman. Demak oyiga 10km bo’lishi kerak. Haftasiga 2,5km. Xullas jarayonni tushundingiz.

Misol uchun meni 2024 qilishim kerak bo’lgan ishlar ro’yhati eng kechi bilan 2023 noyabrdayoq aniq bo’lgan. Misol 2024 davomida qachon, qayerga va necha kunga, nima uchun sayohat qilishim oldindan aniq.

Reja qilishga ko’p vaqt ketishi mumkin, ammo bu meni ko’proq natijalarga erishishimga yordam beradi. Aniq rejalar bo’lishi odam o’z oldidagi mas’uliyatini oshiradi. O’ziga bergan so’zi ustidan chiqishini ta’minlaydi. Boshqa vaqt o’g’rilariga ”yo’q” deb javob bera olish imkoniyatini beradi.

Shu joyda eng muhim qismini aytishim shart.

REJA QILGAN BILAN ISH BITMAYDI, UNI BAJARISH MUHIM.

Rejali ish tuting, unda baraka bor.

Bek Olimjon
24.01.24
Norvegiya
Talabalar uchun kurs bo'yicha update

Xabaringiz bor, men talabalar uchun umumiy oftalmologiyadan kurs (va bilim olish usullari) tayyorlamoqdaman.

Kursga qiziquvchilar sonini aniqlash uchun bir necha kun oldin savolnoma yuborgan edim.

Kursga qiziqish bildirganlar soni ko'p, juda ko'p. Men hozirgacha bir vaqt o'zida 200+ talabaga kurs o'tgan edim. Qiziqish bildirganlar soni bundan aaancha ko'p.

Azizlar bunday ko'p talaba bo'lishi kurs tashkillashtiruvchilari uchun mas'uliyat yuklaydi. Ayniqsa u kursga pul to'lasangiz.

Shuning uchun kursni qanday tashkil etish, yuqori sifatni ushlab qolgan holda imkon qadar ko'pchilikka yetib borishini ta'minlash ustida ishlayapmiz. Turli yechimlarni ko'rib chiqyapmiz.

Shu vaqt ichida kurs materiallari ham tayyorlanmoqda.

Kurs tashkil etiladi. Sababi bunga ehtiyoj katta ekanligi yaqqol ko'rindi.

Qachon, qaysi kunlari, qancha kabilar haqida ma'lumot beraman. Iltimos ozgina vaqt bering.

Shu vaqt ichida kursda qatnashish qiziqishida bo'lganlar mana bu savolnomani to'ldirishlari mumkin.
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Bugun tog’dan tushayotgan edim.

O’rmon, baland daraxtlar, qor, sokinlik. Tabiat shu qadar go’zalki ayni vaqtda sen uni ichida turganingga ishonmaysan kishi. Kinolardagidek.

Shunda tabiat menga qarab…

«Go’zalligimni ko’ryapsanmi?» degandek bo’ldi.

Ko’zlarim esa,
«Bu qadar go’zallikni ko’ra oladigan darajada murakkab a’zolar ekanligimizni sen juda yaxshi bilasan» degandek.

Shu payt aql,
«Uchchalasini to’qnashtirgan zotni zikr qilmaysanmi?» dedi.

Telefonni qo’lga olmaganimga 1 soat bo’lgan edi.


Bek Olimjon
26.01.24
Norvegiya
Tesla buyurtma qildim, 3 marta…

Kecha tog’dan sayr qilib qaytayotib mashinam yo’l chetidagi ariqqa tushib ketdi va qorga tiqilib qoldi. 7 yillik mashina. Yangi mashina bo’lganda shu tiqilib qolmasmidi degan fikr keldi.

Tesla mashinalari dunyoda eng zo’rlaridan. Uni haydab ko’rgan odam boshqa eskiroq mashina haydagisi kelmaydi. Gelik yoki boshqalar Tesladek ”haydash kayfi”ni bermaydi. Mashinam Tesla emas.

Tesla Model Y 2023-yilda eng ko’p sotilgan mashina bo’ldi.

Shu Model Y ga 3 marta buyurtma berdim.

Har safar mashinang keldi, olib ketish uchun kun va vaqt tanla degan sms keladi va men har safar buyurtmani bekor qilaman 😁 Uni ustiga uyimda quvvatlagich ham bor.

Birinchi marta dekabr 2022. Model Y narhi 65 ming dollar atrofida edi. Bekor qildim, bir oy o’tib narhi 15ming tashladi. Bekor qilganimga hursand bo’ldim.

2023 davomida emotsiyaga berilib yana ikki marta buyurtma berdim. Olib ketishga bir hafta qolganida bekor qildim.

Sabablari bilan o’rtoqlashgim keldi shu yerda.

- yangi mashina menga oshiqcha stres bo’ladi deb o’yladim. Birov chizib ketmadimi degan havotir bo’ladi. Uni narhini ushlab qolish uchun asrab-avaylash kerak. Bolalar loy etigi bilan chiqsa xira bo’lasan odam. O’rmon yo’liga kirishda daraxt tegmadimi, chuqurga tushmadimmi kabi o’ylar. Polirovka, toza ushla va hok kabi vaqt oluvchi ishlar.

- Model Y ni tomi panorama oyna. Mana shu ham bekor qilishim sabablaridan biri bo’ldi. Men kayak va velosipedlarimni oynali tom ustiga qo’ysam, u sinib ketsa yana ishi ko’payadi degan fikr keldi.

- o’zi yangi mashina olish bu moliyaviy sog’lom qaror emas aslida. Mashina salondan chiqqan zahoti narhi yaxshigina tashlaydi. Mashina narhi doim pasayib boruvchi matoh. Oydan-oy pasayib boradi. Moliyaviy jihatdan pul keltiradigan investitsiya emas u. Yangi mashina sug’urtasi ham baland. Meni xolatimda mashina 96-98% vaqt davomida ishlatilmasdan parkovkada turadi. Bunga 45 ming sarflash puldan noto’g’ri foydalanish deb bildim.

- kundalik ehtiyojimni qondirayotgan o’sha 7 yoshli mashinam bor ekanligi ham asosiy sabablardan biri bo’ldi. To’g’ri, Tesladek ”haydash kayfi” yo’q, ammo ehtiyojni qoplaydi, bolalar aravasiyu chanasi, meni velosipedlarim, kayaklarni tashish mumkin. Qo’shnim 5 qop tuproq olgan ekan. So’rab chiqdi, kalitni berdim. Og’iri yengil bo’ldi.

- menimcha yangi mashina olmaganim eng asosiy sababi uning narhi meni necha oylik umrimga teng ekangligi bo’ldi. Ya’ni 45 mingga olsam, men o’sha 45 ming topish uchun necha oy umrimni sarflashim kerak degan savol bo’ldi. Har qalay bir oy emas 😀

Kundalik vaqtimni 2% qismida menga umri qisqa emotsiya beradigan buyum olish uchun butun hayotim necha foizini sarflashga roziman degan savolga javob topishim qiyin bo’ldi rosti.

Biror narsani harid qilishda o’sha narsaga bo’lgan ehtiyojni yaxshi tahlil qilish muhim. Undan keyin uni narhini $ da emas, balki umrda o’lchash odatda to’g’riroq qaror qabul qilishga yordam beradi.


Bek Olimjon
28.01.24

PS. O’tib ketayotgan bir yo’lovchi fermer chuqurdan chiqishimga yordam berdi. 4km yurgandan keyin bir Teslani chuqurdan chiqishiga yordam berdik. Chunki qor ko’p yoqqan edi.
Biz ayni vaqtda voqelik bilan emas, orzularimiz bilan yashaymiz. Bilmaymizki, voqelikka tik qarash va orzularimiz orasidagi masofa katta emasligini.

Uch qavatli binoga zinadan chiqishga erinamiz, liftni chaqiramiz. Lift bo’lmasa chiqquncha hansirab qolamiz. Instagramda zalga boruvchilarni kuzatamiz.

Bir tadbirkor boy ekanligini ko’rsak, daromadi haqida gumonda bo’lamiz. O’sha tadbirkor bergan tekin tavsiyani olmaymiz.

Bir olim odam gapirsa, salohiyatimiz yetsada, tahlil qilishga erinamiz. Tavsiya etgan kitobini tekinga bo’lsa ham o’qimaymiz.

Shifokor kasallik davosi uchun vaqt kerak deydi, ”tabib” aytgan tuproqni choy qilib ichamiz, sabr qilmaymiz.

Voqelikka qaramaymiz. Vaziyatimizni tahlil qilmaymiz. Aslida birinchi qadamni qo’yish orqali hayotimizni o’zgartirishimiz mumkin.

Oynaga qarasak vaznimiz og’irligini ko’rishimiz mumkin. Qadam tashlasak, hansirashimiz tuzaladi.

Yaxshi gumonda bo’lsak, harakat va tadbirini qilsak, bir kun o’sha tadbirkorga shogird bo’lish mumkin.

Insoniyat tarixida kitob o’qish hozirgidek oson bo’lmagan, ammo kitobxonlar soni kamayib bormoqda. Kamyob bo’lish qadrni oshiradi aslida.

O’zimizni aldayotganimizni bilamiz, ammo tan olgimiz kelmaydi. Chunki bu mas’uliyatli ish, bizdan mehnat talab etadi.

Voqelikka tik qarash muhim.

Ray Dalio yozadi: ”Orzular + voqelik + qat’iyatlilik = muvaffaqiyatli hayot”.

Bizda hozircha faqat orzular bor xolos.

Bek Olimjon
29.01.24
Norvegiya
Tibbiyot talabalariga iltijo

Men ayni vaqtda Shvetsariyada oftalmologiya bo’yicha dunyodagi eng yaxshi malaka oshirish markazlaridan biridaman. Nomi ESASO - European School for Advanced Studies in Ophthalmology.

To’r parda kasalliklari bo’yicha o’quvchi sifatida kursga kelganman. Bugun kursning birinchi kuni o’tdi

Ma’ruzachilar shu sohadagi mashhur olim odamlar. Darslarda eng, eng ohirgi ma’lumotlar berilmoqda. Ayrimlari hali adabiyotlar yuzini ko’rmagan. Bugun berilgan ma’lumotlar ko’p qismini hali Yevropadagi klinikalarda ham qo’llash boshlangani yo’q. Keyingi 2-3 yilda qo’llansa kerak. (2,5 kunlik kurs uchun 4000€ sarfladim)

Tibbiyotda yangi kashfiyotlar amaliyotga tadbiq qilingunicha bir necha yil o’tadi. Rivojlangan davlatlarda ham vaqt o’tadi, lekin sal qisqaroq.

Endi mana shu yangiliklar hammasi ingliz tilida. Ingliz tilidagi ma’lumotlar boshqa ingliz tili ishlatilmaydigan davlatlarda tarjima qilinib amaliyotga kirgunicha esa anchagina vaqt o’tadi.

O’zbekiston tibbiyotida ma’lumot oqimi qanday bo’ladi?

Yuqorida aytgan ma’lumotlarim avval ingliz tilida chop etiladi. Keyin vaqt o’tib (bu bir-ikki oy emas) rusiyzabonlar o’sha ma’lumotlardan foydalanishni boshlashadi. Bizga esa ana shundan keyingina keladi. Oradan bir necha yillar o’tadi. Bu ma’lumotlar oddiy o’rta qatlam o’zbegi boradigan o’rtacha klinikaga yetib borgunicha 10 yil o’tib ketishi hech narsa emas. Men sizga tirik guvoh sifatida aytishim mumkin, ayrim klinikalarda hali ham 90-yillardagi ma’lumotlarga asoslanib tashxis qo’yishmoqda, davolashmoqda.

Eng qiziq joyi shuki yuqorida men aytayotgan zamonaviy ma’lumotlar internetda tekinga turipti.

Ingliz tilini bilgan odam ulardan bemalol foydalanishi mumkin.

Unda siz nega pul to’lab o’qiyapsiz deyishingiz mumkin. Men o’sha mashhur olim odamlar ma’lumotlarni o’qib, men uchun keragini tahlil qilib, filterdan o’tkazib, qisqa vaqtda tushunishim uchun tayyor qilib bergani uchun to’layapman. Ma’lumot esa aslida tekin.

Tasavvur qiling, siz 6 oy vaqt sarflab o’sha ma’lumotlarni tushuna oladigan imkoniyatga erisha olasiz. Qila olmayman demang. B2 darajasiga 6 oyda har qanday odam erishishi mumkin. Faqat mehnat orqali.

Nega siz o’zingizga, oilangizga va atrofingizdagilarga yordam berish uchun 10 yillab kutishga rozisiz?

Bir marta 6 oy vaqt sarflab, qunt qilib ingliz tili o’rganishingiz orqali butun umr eng yangi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lishingizni nahotki tushunmaysiz?

Nahot o’z sohangiz bo’yicha yaxshi mutaxassis bo’lishga intilishni xohlamaysiz?

Mayli, siz ingliz tilida ravon gapirishni o’rganmang, hech bo’lmasa ingliz tilidagi kitob va maqolalarni tushunadigan darajaga chiqish mumkinku?!

Siz tibbiyotni ingliz tilida o’rganmayapsizmi, demak siz zamonaviy shifokor bo’lishni xohlamaysiz.

Hozir imkon borida til o’rganmasangiz, ertaga yelkaga ola xurjun tushganda bu 10 barobar qiyin bo’ladi. O’rgana olmaysiz.

Zamonaviy tibbiyotni ingliz tilisiz o’rganib bo’lmaydi, azizlar. Bu fikrga qo’shilmagan tibbiyotdagilardan uzoq yuring.

6 oy vaqt sarflang, butun umr bilim olish chiptasi qo’lingizda bo’ladi.

O’zingizga, oilangizga, jamiyatga va ummatga yanada manfaatliroq inson bo’lishni nahotki xohlamaysiz?!

Bek Olimjon
01.02.2024
Shvetsariya
Orangizda USMLE imtihon topshirib arab davlatlariga ishga ketaman deganlar ancha

Men shu hafta borgan Shvetsariyadagi malaka oshirish kursiga bir Saudiyalik oftalmolog kelgan ekan. Kecha shu inson bilan suhbatlashdim. Meni o'z klinikasiga ishga taklif etdi.

Undan Saudiyada ishlash uchun o'zbek shifokorlaridan nimalar talab etilishi haqida so'radim.

Baribir original manbadan eshitgan boshqa deb savol-javobni videoga olganman. Youtube kanalimga joylanadi.

U Saudiyada ishlash uchun nimalar talab etilishi haqida aniq qilib aytib bergan.

Videoda USMLE topshirgandan keyin Saudiyadagi imkoniyatlar haqida ham ma'lumot bor.

Videoni joylagandan keyin mana shu postga qistirib qo'yaman. Postni Saudiyada ishlashga qiziqqanlarga yuborib qo'yishingiz mumkin. Balki foydasi tegar...

Mana video

https://youtu.be/8OTosez5HXI?si=k-VqmtYMpseute1G

Bek Olimjon
04.02.24
Norvegiya
30 minut sukut qilish

O’tgan kuni meni ”mentor” deb ko’radigan bir ukamiz telefonda aytyapti: ”Aka 30 minut sukut saqlab o’tir degandiz, men buni oson bo’ladi deb o’ylasam, juda qiyin bo’ldi. Lekin uddaladim” deydi.

Ukamiz telefonga bog’lanib qolganlardan. O’qimoqchi bo’lgan kitoblarini o’qiy olmayotganidan noliydi. O’rganmoqchi narsasi ko’p ekanligi, lekin erinishini aytdi. Kayfiyati yo’qligi, negadir ishlari yurishmayotgandek. Fanlardan yiqilishini aytdi. O’zi aqlli bola. Ko’p o’ylanadigandek. Tavakkal qilishga qiynaladigandek. O’zini boshqalar bilan ko’p solishtiradigandek.

Bu 30 minut sukut saqlash kerak degan fikrim qandaydir yangilik emas. Bu minglab yillik tarixga ega, diniy, falsafiy asoslarga to’la texnika. Bu usuldan qadimdan miyani charxlash uchun foydalanishgan. Ko’proq narsa o’rganish uchun foydalanishgan.

Bu juda sodda (ammo oson emas). Bir xonaga kiriladi, o’tiriladi, ammo yotilmaydi. Imkon qadar bo’sh xonaga. Telefon ovozi o’chgan holatda ”budilnigi” yarim soatga qo’yiladi va xonadan tashqarida qoldiriladi. Kirib o’tiriladi, hech narsa qilinmaydi, shunchaki bo’sh devorga qarab yarim soat o’tiriladi. Ko’z yumish ham shart emas.

Turli o’y-fikrlar keladi, ularni shunchaki ”ha, bo’ptida, shunday ekanda” deb o’tkazib yuborishga harakat qilinadi (oson emas). O’ylarga, muammoli vaziyatlarga yechim topishga harakat qilinmaydi. Uxlab qolmaslik uchun suyanmaslik, juda qulay bo’lmagan pozada o’tirish ma’qulroq.

Safsataku bu deyishingiz mumkin? Aslida shundaymi?

Tasavvur qilaylik. Husayn Bolt eng tez yugurar odam. Agar shu odam musobaqadan oldin tutqanoq tutib, muskullari tortishib qolib yerda yotib qolsa, tez yugura oladimi? Yugurish u yoqda tursin, yurishi ham gumon. Yoki bir juda mashhur ovoz sohibi ko’p harakat qilganidan, ko’p ovqat yeganidan, qo’rqqanidan yoki hayajonlanganidan hansirab turadigan bo’lsa u chiroyli qilib hofizlik qila oladimi?

Albatta yo’q.

Miyamiz ham boshqa a’zolar kabi bir a’zo. Shunday bo’lganda ham eng oliy va murakkab a’zo.

Ammo bizning kundalik miyamiz tutqanoq tutayotgan Boltga yoki doim hansirab turadigan hofizga o’xshaydi. Chunki miyamiz unga to’xtovsiz berilayotgan ma’lumotlar oqimidan mana shunday holatda charchoqqa keladi. TikTok, Instagram reels, Youtube shorts va hokazo. Bular barchasi miya muskullarini o’ta charchatib tashlaydi. Shu darajada charchaydiki hatto nafas olishga ham imkoni qolmaydi ba’zan.

Miya ongli ravishda dam olishi zarur. Shuning uchun 30 daqiqalik sukunat bilan ko’p narsaga erishish mumkin. Hech bo’lmaganda o’zimiz sabrimiz qayergacha borishini sinab ko’ramiz. Sokin miyaga ega bo’lish, sokin ruhga olib boradi, sokinlik eng qimmat va qiymatli sifatlardan biri.

Bu amaliyot turli din va jamiyatlarda turlicha. Kimdir meditatsiya deydi, yana kimdir boshqa nom beradi. Ammo menimcha eng foydalisi o’z dinimizda. U tafakkurga chorlaydi.

Bek Olimjon
06.02.24
Norvegiya
Mana men nega hadeb Germaniya, Germaniya deb quloqlarga karnay chalyapman 3-4 yildan beri.

O’qing, xulosa qiling, harakat qiling.

Iloji yo’q desangiz, o’tiraverasiz vaziyatdan nolib.

Kankret chekka qishloqdan chiqqan yigit shu bola. O’tgan yili mana shu vaqt nemis tili boshlagan. Oradan bir yil o’tib Germaniyada kankret karyera qilishni boshlagan. Oyiga 2000$ dan ko’p topyapti. Ertaga yaxshi mutaxassis bo’ladi.

Bu yigit O’zbekistonning juda chekka joyidan, Uchquduqdan, cho’l o’rtasidan. Aytishicha eng yaqin «sivilizatsiyagacha» mashinada 4 soat ketadi.

Mana shunday kankret dalillar kerak bo’lganlar bilan ulashing postni.

Bizning jamiyatga yaxshi mutaxassislar zarur. Tibbiyotda rivojlanishimiz uchun juda ko’pchilik bo’lishimiz kerak.

Bek Olimjon
07.02.24
Norvegiya
Bundan 25 yil oldin Tiko mashinasi bo’lsa o’o’o’ deyilar edi.

Talabaligimizda Nokia 1100 polifoniya telefoni bo’lishi bu ”status” edi. Bo’yinga osib yurilar edi. Hozir kulgili tuyuladi. Qisqa fikrlaganimizni tushungandekmiz.

Aslidachi, tushunganmizmi?!

Yo’q, tushunib yetmaganmiz.

Hozir ham shundaymiz, faqat Tiko yoki Nokia o’rnini boshqasi egallagan.

Biz status o’yinlari bilan bandmiz. Biz uchun mashinamiz qanday bo’lishi juda muhim. Birgina mashina uchun yillab umrimizni sotishga rozimiz.

Status oy’inlari qanchalik ahmoqona, na bugunimiz, na ertamiz uchun foydali ekanligini tushunib yetganimizda edi, umrimizni tajribalar orttirishga, kechinmalar, hissiyotlarga erishishga ko’proq sarflagan bo’lar edik.

Umr o’tadi, pulga, molga erishamiz. Ammo kechinmalar, hissiyotlarga erishish uchun kech bo’lgan bo’ladi.

Bu qanchalik oddiy eshitilmasin, erishish juda qiyin vazifa. Chunki bu yerda nafs bilan kurashish kerak.

Rasm o’tgan yili ukamiz Azamat bilan velosayohatimizdan. Butun umr esdan chiqmaydigan sayohat bo’lgan. Norvegiyada Dovre tog’i atrofini 3 kunda aylanib o’tgan edik. Azamat uchun bu birinchi marta tajriba bo’lgan. Bir umr yodidan chiqmaydigan kechinma bo’lgan. Do’stlariga, farzandlariga aytib beradi. Rasmlarni nabiralariga ko’rsatadi hali.

O’sha paytdagi iPhone 14 esa allaqachon eskirib bo’lgan hozir.

Men tushungan narsa shuki status o’yinidan ko’ra pulni bilim olishga sarflash muhim.

Bilim sizga tajribalar, hissiyotlar, kechinmalar, sarguzashtlar olib kelishi bilan birga pul ham keltiradi.

Maqsad pul va status bo’lmasligi muhim.

Status o’yinida hech kim g’olib bo’lmaydi. Siz g’olib deganlar aslida chuqur mag’lubiyatlarini ko’rsatishdan qo’rqishadi.

Bek Olimjon
11.02.24
Norvegiya

PS. Azamat Norvegiyada data science bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi.

Bir kun osh ustida ”Azamat, data science bo’yicha o’zbek tilida blog boshlang. Bu bo’yicha ma’lumot kam, balki foydasi tegar…” deganimdan keyin kanal ochdi va foydali materiallar ulashib kelmoqda. Barakali yigit.
Kelajakda rejalashtirilgan kurslar va boshqa foydali postlar haqida

Azizlar, barchaga qorli Toshkentdan salom!

Bu safar O’zbekistonda kelishimdagi maqsadlardan biri men kelajakda talabalar uchun qilmoqchi bo’lgan kurslarni qanday tashkil etish bo’yicha ma’lumotlar olish edi.

Oxirgi 4 kun ichida O’zbekistonda ta’lim sohasida (shu jumladan online ta’lim) mehnat qilayotgan ko’plab do’stlar bilan soatlab suhbat qildik. Hozirgi kundagi online ta’lim tizimi, turli xil online kurslar, zapusklar, narhlash, bilim qadri va hokazo kabi mavzularda uzun suhbatlar bo’ldi.

Ko’pchilik fikriga ko’ra mendek mutaxassis kurslari qimmat bo’lishi zarur va shart. Shundagina odamlar buni jiddiy qabul qiladi, kurslarni sotib oladi va undagi ma’lumotlarni o’zlashtiradi. Aks holda arzon kursni oladiganlar 95% qismi uni tamomlamaydi. Kurs qadri bo’lmaydi va mehnatiga arzimaydi. Tekin bilim esa berilmasligi kerak!

Ammo fikrim shuki, men vaqt va mehnat sarflab tayyorlaydigan materiallar ularni qadrlovchilar uchun bo’lishi kerak. To’lov miqdori esa bilim olish istagidagilar uchun og’rinmaydigan darajada bo’lishi zarur.

Shuning uchun bilimlarni berib borishda ”pullik obuna” tizimidan foydalanishni to’g’ri deb topdik.

Pullik obuna o’zbek segmenti foydalanuvchilari aksariyati uchun notanish. Ammo chet elda keng tarqalgan usul. Misol uchun video content uchun Patreon, matn content uchun Medium bor.

Ko’pchilikka notanish bo’lgani uchun ”pullik obunani” qanday ishlashi haqida ikki og’iz ma’lumot.

Obunachi oyiga 10 dollar to’laydi va men berib boradigan, men boshqa kanallarda e’lon qilmaydigan ma’lumotlarni alohida yopiq kanalda olish imkoniga ega bo’ladi. Bu har oy yangilanib turuvchi obuna, ya’ni ”har oy” 10 dollar to’lanadi.

Bu usulni obunachilar uchun quyidagi afzalliklari bor:

- siz kabi bilimni qadrlovchilar bilan bir guruhda bo’lish va diskussiyalarda ishtirok etish (o’xshash fikrli insonlar bilan birga bo’lish muhim)
- bir martalik kursni 700 ming yoki 1 million yoki 3 million so’mga (qimmatga!) sotib olmaysiz.
- siz kutgan ma’lumotlar berilmasa istalgan vaqt chiqib ketish mumkin bo’ladi. Aytaylik siz birinchi oy 10 dollar to’ladingiz va ma’lumotlar sizga yoqmadi. Shunda siz faqat 10 dollar to’lagan bo’lasiz xolos. Siz uchun risk minimal xolatda bo’ladi. Aytaylik kurs uchun 1 million to’lagandan ko’ra.
- faqat oftalmologiya bo’yicha emas, balki boshqa turdagi foydali ma’lumotlarga ham ega bo’lishingiz mumkin. Misol uchun yozish, kitob o’qish, ma’lumotlar o’zlashtirish, fan o’rganish, soha tanlash, maqsad topish, sport bilan shug’ullanish, shaxsiy moliya va hokazolar borasidagi spesifik tavsiyalar. Xullas men foydali deb topgan, senzura qilinmagan eksklyuziv ma’lumotlar.
- bir oyda 2 marta bo’ladigan jonli efirdagi savol-javoblarda qatnashish imkoniyati.
- Yevropada shifokor bo’lish uchun kerakli ma’lutmolar.
- zamonaviy tibbiyot asoslari haqida ma’lumotlar.
- dalillarga asoslangan tibbiyot haqida ma’lumotlar va hok.

Xullas 20-25 yoshli (ingliz tilini bilgan) Bek Olimjon uchun qanday bilim va ma’lumotlarni kerakli deb hisoblasam ana shularni ulashib boraman. O’zbek tilida!

Bu usul meni yanada izlanishga va obunachilar uchun foydali ma’lumotlar berishga majburlaydi. Ma’suliyati yuqori bo’ladi. Postlar, videolar sifati oshadi.

Buni talabalar uchun qilmoqchi bo’lgan kurs bilan sinab ko’rmoqchiman. Qiziqish katta bo’lsa davom etamiz. Aytib o’taman, bu ixtiyoriy tanlov.

Endi esa men uxladim (soat 04:02). Hozirgacha men ishtirok etgan eng uzun podcastdan kelib yozyapman bu postni. Podcast soat kechasi 2 ga yaqin tugadi.

Ertaga yana uchrashuvlar, podcastlar bor. Savollar yoki fikrlar bo’lsa yozing, ertaga javob beraman.

Bek Olimjon
20.02.2024
Toshkent
2024/11/15 12:11:40
Back to Top
HTML Embed Code: