Telegram Web Link
O’tgan 2 hafta davomida 5 ta joydan ish taklifi bo’ldi. Davlat sektoridan, xususiy sektordan, xalqaro klinikalardan.

Hammasi sharoitni bir-biridan yaxshi qilib beraman deydi. Kimdir ko’proq pul beraman desa, yana kimdir o’sha pulga kamroq soat ishlaysan deydi. Yana kimdir bolangni maktabiga ham, mashinangga ham, turar joyingga ham to’layman deydi.

Kerakli qilib yaratganiga shukur.

Shu o’rinda bunday takliflarga erishish uchun qilish muhim bo’lgan ishlar haqida balki foydasi tegar maqsadida 3-4 fikrlar. Qaysilaridir o’zim xulosam, qaysilaridir qayerdadir o’qiganlarim.

- ehtiyoj katta bo’lgan sohada bo’lish muhim. Hype bo’layotgan sohadan ko’ra insoniyat uchun zarurroq sohada bo’lish muhimroq Imkon bo’lsa. Misol SMM dan ko’ra dasturlashni o’rganish. Dasturlash SMMdan ko’ra insoniyat rivoji uchun muhimroq.

- tanlagan sohani fundamentidan o’rganish muhim. Misol SMM dan ko’ra inson psixologiyasi yoki web dasturlashdan ko’ra operativ sistemalar. Shunda ular ustiga yangi bilimlar qurish osonroq va tezroq bo’ladi.

- siz tanlagan sohadagilar qiyin deb o’ylagan bosqichlardan o’tish muhim. Misol qiyin bo’lgan xalqaro imtihonlardan o’tish. Xalqaro darajada ilmiy darajaga ega bo’lish.

- birga ishlayotgan insonlar bilan har doim yaxshi muomalada bo’lish. Misol atrofdagilarga yordamga tayyor ekanligingizni ko’rsatish va yordam berish. Xushmuomalada bo’lish. Ertaga siz qachonlardir birga ishlagan odam butun karyerani hal qiladigan pallada muhim odamga aylanishi mumkin. Bittagina izohi hal qilishi mumkin. Siz haqingizda deyarli har doim yaxshi gapirishlari muhim ekan.

- statistikani va ehtimollik nazariyasini o’rganish. U hissiyotga berilgan vaqtda aqlan qaror qabul qilishda katta yordam beradi va to’g’ri qaror qabul qilish ehtimolligini oshiradi. Dunyoni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

- uzoq muddat fokus bilan bilim olishni o’rganish muhim. Sababi boshqalarda mana shu sabr yo’q. Diqqat davomiyligi qisqarib bormoqda. Fokus bilan bilim olishni o’rgana olgan odam qolganlardan ancha tezlashib, oldinga o’tib keta oladi

- oilada hotirjamlikka erishishga harakat qilish muhim. Oila hotirjam bo’lmasa halovat bo’lmaydi. Hotirjamlikka erishish uchun yaxshi turmush o’rtog’i muhim. Yaxshi turmush o’rtog’i tanlash uchun hissiyotlardan ko’ra statistika va ehtimollik nazariyasini bilish muhimroq

- biror qarorni qabul qilishda ko’p vaqt sarflamaslik muhim. Agar biror qaror borasida biroz ikkilanish bo’lsa yo’q javobi to’g’ri ekanlik ehtimoli 80% dan yuqori

- hadeb tahlil qilishdan to’xtash, qo’ldan kelganini qilish va qolganiga yaxshi niyat bilan Allohga tavakkal qilish muhim. Biror qaror yoki ish ustida hadeb, oylar yoki yillar davomida tahlil qilaverish uchun umr juda qisqa.

Poyezdim tushadigan bekatga kep qoldi. Davomi bor…

Bek Olimjon
22.11.2023
Norvegiya
Kecha millionerlardan olgan o’gitlarim

Kecha bir startup yangi yil bazmida hozirgi zamon mezoni bo’yicha muvaffaqiyatli hisoblangan bir nechta insonlar bilan suhbatlashish imkoni bo’ldi. Ular barchasi moliyaviy jihatdan aaancha muvaffaqiyatli. Karyerasini qurgan, biznesni qilgan va hozir investor sifatidagi odamlar. Biri bank sohasida, yana biri IT, biri stomatolog, oftalmolog, programmist va hok.

Shu insonlardan ikkitasi bilan ancha suhbatlashdim va juda ko’p narsa o’rgandim. Unday odamlar mana buni qil deb aytmaydi, ammo yaxshilab eshitsangiz ko’p narsa o’rganish mumkin. O’rganganlarimdan ayrimlari:

- erkinligingni cheklovchi ishlardan qoch

- oilani birinchi o’ringa qo’y

- pulni ortidan quvlama, muammolar ortidan quv. Muammo bor joyda pul bor

- hamkorlar tanlash muhim. Agar aqlli, ishonchli va shitobli odamlar sening qadriyatlaringga ma’qul kelsa nima qilsang qil, ularni qo’yib yuborma

- har doim va hammaga yaxshi muomalada bo’l. Tashqi ko’rinishga qarab baho berish pastkashlik

- eshitishni o’rgan, yaxshilab quloq solsang qalbidagi nolasini sezasan va shu orqali aloqalar qurish mumkin

- hamma narsani bilaman deyish boshingga kulfat olib keladi. Biliming va malakang bo’lmagan sohada doim o’quvchi vazifasini tanla

- hamkorlar bilan fikrlaringda farqlar bo’lishi tabiiy, muhimi maqsad yaqin bo’lishi. Bir xillik har doim ham yaxshi emas

- pul topishni maqsad qilganlar hammasi ham shaytoniy emas

Bek Olimjon,
01.12.23
Norvegiya

PS. Oilani birinchi o’ringa qo’yish kerak deganda, hammasini tashlab qo’yib oila qurish kerak degani emas, balki karyerang va oilang tursa oilani tanla ma’nosida. Erta uylanish kerak ekan deb juda yoqib tushganlar bo’lishi mumkin izohlarda 😁
Oftalmolog Uz loyihasidan yangilik

Menda ba'zan bemor ko'rayotgan vaqtimda biror ma'lumotni tez qidirib topishga ehtiyojim bo'ladi. Bu uchun ma'lumotlar bazasi yetarlicha. Aksar qismi ingliz tilida. Shunday ma'lumotlarni o'zbek tilidagisini bo'lishini hohlar edim va bu yo'lda natijaga erishish arafasidamiz.

Oftalmolog Uz loyihasi doirasida oftalmologlar.uz saytini ishga tushirdik. Unda 200 dan ortiq kasalliklar va mavzubo'yicha lo'nda shaklda yozilgan maqolalar bor.

Sayt qanday tuzilgan?
Qidiruv tizimiga asoslangan. Kerakli kasallikni qidirish orqali uning sababi, diagnostikasi va davosi haqida qisqa, zaruriy, lo'nda ma'lumot olish mumkin. Vaqt tig'iz bo'lganda muhim bu. Saytni yengil va tez ishlashini inobatga olganim uchun turli xil grafik bezaklari yo’q.

Oddiy oftalmolog kundalik ishida ko'p uchraydigan kasalliklarning deyarli barchasi haqida ma'lumot bor.

Ma'lumotlar nemis va ingliz tilidan tarjima qilinmoqda. Barcha maqolalarni tarjima qilib ulgurganim yo'q hali. Nasib qilsa tugataman.

Saytni to'liq tarjima bo'lishini kutmasdan uni ishga tushirishni ma'qul deb topdim. Hozirda undan foydalanish mumkin. Tekinga. Barcha ma'lumotlardan muallifni ko'rsatgan holda foydalanish mumkin.

Saytdan foydalanuvchilardan tanqidiy yondashuvda bo'lishlari va o'z fikrlarini berishini iltimos qilaman. Bu uchun saytda alohida aloqa bo'limi bor. Fikrlarni shu post ostida qoldirish ham mumkin.

Sayt originali Shvetsariyadagi hamkasblarimiz Dr Branger va Dr Müller tomonidan ishlab chiqilgan. Biz ulardan saytni ko'chirib, o'zbek tiliga tarjima qilsak bo'ladimi deb so'raganimizda hursandchilik bilan rozi bo'lishdi. Ularga ham rozilik tilaymiz.

Hammaga salomatlik tilab
Bek Olimjon
02.12.23
Norvegiya
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Oslo universiteti tibbiyot va stomatologiya fakultetlarining 1- va 2-kurs talabalarida "sezgi a'zolari" degan katta blok bor. Ular barcha sezgi a'zolarini yuzaki o'tishadi va kattaroq kursda chuqurlashishadi. Ana shu blokning ko'z qismida meni "Ko'rish va ko'rlik" mavzusida bitta ma'ruzam bor.

Norvegiyadagi talabalarga o'tilgan darsdan o'zbek talabalari ham baham ko'rsin degan maqsadda ana shu darsni juma kuni (8-dekabr) Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da online, o'zbek tilida jonli efir qilmoqchiman. Ma'ruzaga qiziqqanlar bemalol ko'rishlari mumkin. Shu kanalda jonli efirda taqdim etiladi.

Yuqoridagi video ma'ruzadan 3-4 ta slayd 😁

Bek Olimjon
Live stream started
Jonli efir izohlari va savollar uchun
Live stream finished (1 hour)
Ko’pchilik yoshlardan keladigan savollar aksariyati quyidagicha (va ularni bunday savol berishlari tabiiy va to’g’ri ham):

- qanday soha tanlay?
- motivatsiyani qanday ushlash mumkin?
- maqsadni qanday topish mumkin?
- biror ishdan zerikmaslik uchun nima qilish kerak? va hok

Yaponlarda Ikigai tushunchasi haqida eshitgandirsiz.

Ikigai ma’nosi ”bu dunyoda inson sifatida mavjud bo’lishga sabab” degani ekan.

Hayotda mazmunli yashab o’tishga sabab bo’luvchi kuch degani. Ma’noli hayot o’tkazish uchun sabab degani.

Asosi 4 qismdan iborat
1. O’z sevgan ishini qilish
2. O’zingiz usta bo’lgan ishni qilish
3. Insoniyatga kerakli bo’lgan ishni qilish
4. Xaq to’lanadigan ishni qilish

Ayrimlar yaxshi xaq to’lanadigan ishni qiladi ammo u ishni sevmaydi. Kimdir sevgan ishini qiladi, ammo u insoniyat uchun kerakli emas. Yana kimdir o’zi sevgan ishni qiladi va u insoniyatga kerak, ammo uni qadrlashmaydi va unga yetarli xaq to’lashmaydi va hok.

Agar kimdir ana shu yuqoridagilarni 4 tasini birlashtira olsa hayotida mazmun topa oladi. Hotirjamlikka erisha oladi.

Yaxshi xaq to’lanadigan ish qilish uchun avval odamlarga kerakli ish qilishni o’rganish kerak. Odamlarga kerakli ishni qilish uchun odamlarga sizga yordam so’rab kelishi kerak. Sizga yordam so’rab kelishlari uchun siz o’z ishingiz ustasi bo’lishingiz kerak. O’z ishingiz ustasi bo’lish uchun esa qilayotgan ishingizni sevishingiz kerak.

Qanday qilib bir ishni chin dildan sevish mumkin? U uchun avval bir nechta ishni qilib ko’rish muhim.

Bu kanal kuzatuvchilari hayotda maqsad topish borasida ancha omadlilardan. Chunki aksar qismi tibbiyot sohasidagilar. Demak kamida 3 va 4 allaqachon joyida. Ustasi bo’lish uchun esa mehnat va vaqt kerak. Sevadigan sohani topa olmayotganlar esa turli sohalarga bosh suqib ko’rishlari kerak. Buni yomon tomoni yo’q. Muhimi foydali bo’lishga intilish.

Bek Olimjon
09.12.2023
Norvegiya
Kechagi ma'ruzani yana bir marta ko'rsam zo'r bo'lardi deganlar uchun 😁



https://youtu.be/KmWa-kUm614?si=28358mDGhAdQynYb


Bek Olimjon
2024 uchun eng yaxshi investitsiya

Sotib olish narhi juda arzon, daromadi bir necha ming baravar.

Bilim olish bu hozir va kelajak uchun eng yaxshi investitsiya. Kerakli va puxta bilim olish oson emas, mehnati og'ir, mashaqqatli yo'l, ammo olib boradigan manzili zo'r.

U manzil nafaqat sizni yaxshi yashashingizga, balki sizning atrofingizdagilarni, sizdan keyingilarga ham foydasi tegadi. Inson umri qisqa. Lov etib bir yonadi, keyin o'chadi. Ana shu yongan paytda foydali bo'lib qolishga ulgurish kerak.

Bek Olimjon
Yanvar oyida oftalmologlar uchun ultratovush diagnostikasi bo'yicha online kurs o'taman. Unda ultratovush asoslaridan boshlab turli xil ko'z kasalliklari diagnostikasi haqida ma'lumot beriladi.

Shu kurs birinchi darsi ultratovush diagnostikasining asosi bo'lgan tovush haqida. Mavzu "Tovush va ultratovush nima?".

Bu dars tibbiyotdagi talabalar uchun qiziqarli bo'ladi deb o'ylayman. Shu sabab 13.12.23 soat 16:00 da jonli efirda shu kanalda taqdim etiladi.

Bek Olimjon
Men o’z ishimni «ot dushi» yaxshi ko’raman. Ammo boshqa sohalar kabi bu ishda ham o’ziga yarasha negativ vaziyatlar bo’ladi.

Ana shunday vaziyatlardan biri men bemorni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishim va unga avtoulov haydashga taqiq qo’yishim.

Mashina hayday olmagani sabab hayot sifati ancha pasayadi, boshqalarga qaramligi ortadi, erkinligi cheklanadi.

Unga mashina haydashga ruhsat bersam jamiyatni xavf ostiga qo’yishim mumkin.

Mana shu mavzudagi suhbatlar odatda eng qiyinlardan. Xato qilmaganingni bilsang ham kun bo’yi kayfiyatinga ta’sir qiladi.

O’ylab qolasan. Ko’rishi past bo’lganlardan necha yuzlab odamlar mashina haydab yurishipti ekan deb. Qish, qor, qorong’i, nosoz avtomobil va ko’zi yaxshi ko’rmaydigan haydovchi.

Bugun qor yog’di. Ehtiyot bo’linglar azizlar.

Bek Olimjon
"Tovush nima?" ma'ruzasi bo'yicha savollar uchun. Ma'ruza 9 daqiqadan keyin boshlanadi
Live stream started
Live stream finished (58 minutes)
Bugungi ma’ruzani ko’ra olmaganlar yoki ko’rganu, yana bir marta ko’rmoqchilar uchun


Kursning qolgan qismlari kurs ishtirokchilar uchun alohida kanalda chiqadi.



https://youtu.be/w_DL4Pa4nvE?si=XZOWm0rNuG1dImn3
Men uylanmoqchi bo’lgan qizda miopiya bor ekan. Uylansam bo’ladimi?

Negadir bu savolni asosan yigitlar beradi. Qizlardan juda kam eshitasan. ”Bir yigit sovchi qo’yyapti, lekin ko’zoynak taqar ekan degan. Turmushga chiqsam bo’ladimi?” degan savolni 🤔

Aholining 25% gacha bo’lgan qismida miopiya borligi ma’lum (12-27%). Bu degani har 4 tadan 1 ta odamda degani va bu ko’rsatkich borgan sari ortib boradi. 2050 yilga kelib dunyo aholisining 50% qismida bu muammo bo’lishi kutilmoqda. Xullas qochib qutula olmaymiz bundan.

Miopiyasi bo’lsa turmush qursa bo’ladimi? Albatta bo’ladi. Miopiyasi yoki ko’zoynagi bor ekan deb yaxshi turmush o’rtog’idan quruq qolib o’tirish yaxshi emas yigitlar.

Miopiya turmush qurishga va farzand ko’rishga hech qanday to’siqlik qilmaydi. Miopiyasi bor ayollar TABIIY VAGINAL YO’L BILAN TUG’SA BO’LADI.

Homilador ayolda miopiya borligi KESARCHA KESISHGA KO’RSATMA EMAS.

Agar ayolda miopiya bo’lsa farzandga o’tishi mumkinmi? Ha, mumkin. Shu bilan birga ota-onada miopiya bo’lmasa ham bolada miopiya rivojlanishi mumkin. Miopiya rivojlanish sababi faqat ayolga bog’liq emas. Yana nima nasldan o’tishi mumkin bilasizmi? Otadagi bilimsizlik.

Bek Olimjon
Norvegiya
14.12.23
Tekinni qadrlamaymiz

Wills Eye degan mashhur ko’z klinikasi bor. Tekinga o’ta sifatli ma’ruzalar qo’yar edi. Turiptiyu deb ko’rishga yetarlicha vaqt ajratmas edim. Yaqinda ma’ruzalarini pullik qildi. Endi qimmatga bo’lsa ham sotib olyapman.

Ota-onamiz har doim uyda deymiz. Ular bilan suhbatlashgani vaqt ajratmaymiz. Bir kun kelsak uyda ular yo’q. Hech qachon qaytib kelishmaydi.

Bolamiz bilan vaqt ajratmaymiz. Ishni afzal ko’ramiz. Ertaga ular bizdan ko’ra kitobini (telefoni deb o’qilsin) afzal ko’radi. Biz bilan suhbatlashgisi kelmaydi. Bir burchakka kirvolib o’zi bilan ovora bo’ladi.

”Haridorgir” qiz bo’lgani uchun unga qiziquvchi yigitlar ko’p bo’ldi. Bir yaxshi yigit bor edi, qizni hurmat qilar edi. Qizga oila qurishni taklif qildi. Muomalasi juda yaxshi edi. U har doim qizga yordam berishga tayyor edi. Qiz esa u yigit ”erishish oson bo’lgani” uchun uni qadrlamadi. Sal sho’xrog’ini istadi ko’ngli. Sho’xrog’iga turmushga chiqdi, oradan 3-4 oy o’tib eri urishni boshladi, 1 yildan keyin oilasidan ajrashib ketdi.

Bir puldor do’stim 2000$ to’lab biznes treningga bordi. Ertasi kuni gaplashsam ”treningda sen aytadigan gaplar takrorini eshitdim” deydi.

Marafon yugurganlarga havas qilamiz. Bugundan yugurishni boshlashga imkoniyatimiz bor. Ammo bunga harakat qilmaymiz. Ertaga salomatlik sabab hech qachon yugura olmaydigan bo’lamiz.

Stockholmda yashaydigan bir tanishim o’g’liga mentorlik qilishimni so’radi. Yaxshi pul taklif etdi. Men senga yordam beraman degan jiyanim esa, mendan qochib yuradi.

Telefonni tashqarida qoldirib, bir xonada yolg’iz qolib, chuqur o’ylashga harakat qilib ko’rishimiz kerak. O’zimizga ”Hozir menga tekin bo’lgan qaysi ne’matlar qadriga yetmayapman?” degan savolni berishimiz kerak. Javoblarni qog’ozga yozish kerak.

Nimalarni qadrlamayapmiz va buning asorati nima?

Bek Olimjon
Norvegiya
15.12.23
2024/11/15 07:57:58
Back to Top
HTML Embed Code: