Telegram Web Link
Miopiyasi borlarga og’ir yuk ko’tarish mumkin emasmi?

Qisqa javob: mumkin

Uzoq javob: Bir yigit yozyapti. ”Aka menda yuqori darajali miopiya bor, minus 7. Do’xtir og’ir yuk ko’tarma dedi. Qishloqda yashayman. Uyda ko’tarishga majbursan erkak kishi bo’lganingdan keyin. Lekin ko’zim ko’r bo’lib qoladimi degan havotirda bo’laman har doim” deydi.

Negadir yuqori darajali miopiyasi borlarga ”o’gir yuk ko’tarma” degan tavsiya berishadi. Aslida bu tavsiya qanchalik asosli o’zi? Dalillarga asoslangan fan nima deydi bu haqida?

Yuqori darajali miopiyada to’r parda ko’chishi xavfi yuqoriroq bo’ladi. Aholi o’rtasida to’r parda ko’chish holati o’rtacha har 100 000 aholiga 5 ta to’g’ri keladi. Miopiya borligi to’r parda ko’chish xavfini 10-12 baravargacha oshiradi. Shunday bo’lsada to’r parda ko’chishi 0,1% dan ham kam*

Shuning uchun biz oddiy mehnat borasida cheklov bermaymiz. Shu bilan birgalikda jismoniy mashg’ulotlarda ham cheklov bermaymiz. Yugurish, trenirovka qilish, zalga borish, tennis o’ynash va hokazolarda cheklov yo’q.

AMMO, yuqori miopiyasi bor insonlar bosh va ko’z sohasiga bo’ladigan travmadan ehtiyot bo’lishlari shart. Sababi bunday travmada to’r parda ko’chish ehtimoli anchagina yuqori. Shu sabab boks, MMA, futbol, xullas boshga zarba keladigan sohalardan uzoqroq yurish kerak.

Ko’zingizni asrang, miyani asrang, boshga urmang va urdirmang.

Bek Olimjon
15.12.23
Norvegiya


*Haarman et al. The complications of myopia: A review and meta-analysis. IOVS, 2020
Azizlar, ko’z kasalliklari bo’yicha savollaringiz ko’pligini bilaman

Siz kasalliklar haqida ishonchli va isbotlangan tibbiy ma’lumot olishga xaqlisiz.

Hozirgacha tibbiy ma’lumotlar berish borasida o’zimni chetga olib keldim. Sababi yuki og’ir buni, mas’uliyati katta, javobgarligi bor.

Lekin qachongacha?!

Shuning uchun ko’z kasalliklari haqida ma’lumot berishim kerak degan xulosaga keldim.

Sizdagi ko’z kasalliklari bo’yicha savollarni commentda qoldiring. To’plab, saralab, javoblarni tayyorlab sizga taqdim etmoqchiman.

Siz uchun muhim bo’lgan savolni so’rang. Balki do’stlaringida ham savollar bordir. Ularga ham postni yuboring. Qodir qilganicha javob berishga harakat qilaman.

Bek Olimjon
Katta maqsadlar qo'yishga qo'rqamiz

Bundan oldingi postda Dunning-Kruger effektini gummaxo'r misolida tushuntirishga harakat qilgan edim. Bu post real xayotdan bir hikoya.

2006-yili, 3-kursda o'qir edim. Ingliz tilini boshlaganimga ko'p bo'lmagan edi. Bir tanishim Amerikaga o'qishga borish rejasi borligini aytdi. (E'tibor qiling, orzu emas reja) Kontrakti qimmatku desam grant yutaman dedi ishonch bilan. Men uchun juda uzoqdagi orzu edi Amerikaga borib o'qish. Hech qachon erisha olmasam kerak degan ishonch bor edi.

Biz katta maqsadlar qo'yishga qo'rqamiz. Chunki biz turgan vaziyat bilan maqsad orasidagi masofa juda uzoq. Maqsadni ko'ra olmaymiz. Biz va maqsad orasidagi masofani ongimiz qabul qilgisi kelmaydi. Chunki u mehnat talab etadi va uzoq vaqt oladi.

Maqsadga erishish uchun nima qillishimiz kerak unda?

O'sha yo'ldan borgan insonlar hayotini o'rganish va bosib o'tgan yo'llarini tahlil etish kerak. O'sha yo'lni bir nechta (5-6 ta) bosqichlarga bo'lib chiqish kerak. Keyingi rejani 1-bosqichni bosib o'tishga qaratish kerak. Hamma fokusni o'shanga qaratish kerak. Undan keyin 2, keyin 3, keyin 4-bosqich va hok.

Insonda million dollar pulishi bo'lishi uchun avval 1000$ puli bo'lishi kerak.

Tajribali shifokor bo'lishi uchun tinmay kitob o'qishi, tahlil etishi, bir necha minglab bemorlarni ko'rishi, tafakkur etishi zarur. Bu uchun avval 1 ta bemorni to'g'ri davolay olishi kerak.

Tinimsizlik, harakatdan to'xtamaslik, maqsaddan voz kechmaslik natija beradi.

Oradan vaqt o'tadi, 5 yoki 10 yil. O'sha payt atrofga qarasangiz maqsadingiz sari tinmay mehnat qilgan siz ham, maqsadidan voz kechib ketgan tanishingiz ham 10 yilga ulg'aygan bo'ladi. Ammo farq shu darajada katta bo'ladiki u avlodlar xayotini o'zgartiradigan darajaga yetadi.

Vaqtga kim qanday ekanligi farqi yo'q. U hamma uchun bir.

Tanishim o'sha paytda 18 yoshda edi. Hozir 35 yoshda. Erishgan natijalarini eshitsangiz umrini behuda o'tkazmaganiga guvoh bo'lasiz. Ishoning havas qiladigan darajadagi natijalar.

Vaqt uchun kim qanday ekanligining farqi yo'q. U hamma uchun bir. Muhimi biz vaqt uchun befarq emasligimiz.

Bek Olimjon
20.12.23
Menga o'xshab uzoqni yaxshi ko'rmedigonlarni tushunishlari uchun 😁

https://www.instagram.com/reel/C1GD3wHqyff/?igshid=ZWQ3ODFjY2VlOQ==


Uzoqni yaxshi ko'rmayman, nima qilsam bo'ladi degan savollar bo'ldi.


Uzoqni yaxshi ko'rish uchun ko'zoynak taqish eng ma'qul usul. Juda ko'pchiligimizda miopiya yengil darajasi mavjud va buni ko'zoynak bilan to'g'rilasa bo'ladi.


Kontakt linza yoki lazerga shoshilmang azizlar.

Imkon qadar bular haqida ham ma'lumot ulashamiz.

Bek Olimjon
Miopiyasi borlar juda ko’p. Biz o’ylagandan ancha ko’p. Ammo ko’pchilik ko’zoynak taqmaydi. Bu esa yaxshi emas.

Nega ko’zoynak taqmaymiz? Asosiy sababi odamlar nima deydi. Qiz 18 yoshga to’lishi bilan borib lazer qildiramiz, sababi sovchilar bilib qolmasin, qudalar bilmasin.

Aslida aksar insonlar lazer qildirishi shart emas. Oddiy ko’zoynak bilan muammo hal bo’ladi. Ammo yana o’sha gap ”odamlar nima deydi?”

O’zi nega ko’zoynak taqqimiz kelmaydi? Bu muammo bolalarda va o’smirlarda juda ko’p kuzatiladi. Ularda o’ziga bo’lgan ishonch hali to’liq rivojlanmagan. Hamma ularga e’tibor berayotgandek. Tengdoshlari masxara qilishidan qo’rqadi. Shu sabab xohlashmaydi. Aslida odamlarni siz bilan, ular bilan, hech kim bilan umuman ishi yo’q. Hamma o’zi bilan ovora.

Bolalar uchun ko’zoynak taqishni boshlashdagi eng og’ir kun bu birinchi kun. Chunki atrofingizdagilar bunga o’rganmagan hali. Taqib kelsangiz nimadir deydi baribir. Buni qabul qilish kerak.

Menga yarashmaydi, unday deydi, bunday deydi kabi fiklar jamiyat ongidagi baho. U o’zgarib boradi. Bugungi qora jentra yoki iPhone 15ga bo’lgan vasvasamiz, oradan vaqt o’tib kulgigi holatga aylanadi. Bunga misollar ko’p.

Agar atrofimizda kimdir ko’zoynak taqib kelsa, birinchi kuni ularga yaxshi gapiraylik, ijobiy munosabatda bo’laylik. Bu juda muhim. Ikkinchi kundan boshlab hech kimni ishi bo’lmay qoladi.

Yodda tutaylik, odamlar har doim nimadir deydi.

Bek Olimjon
21.12.23
Norvegiya
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Lazer operatsiyani necha yoshda qilish kerak?

Telegram: Bek Olimjon
Instagram: Bek Olimjon
YouTube: Bek Olimjon
Blog: bekolimjon.com
25-dekabr rojdestvo (Christmas) kuni. Bu kun men yashab turgan o’lkalarda yaxshigina nishonlanadi. Insonlar bir-birini uyiga mehmonga borishi, sovg’a-salom qilishlari odat tusiga kirgan.

Bugun oxirgi ish kuni bo’lgani uchun qizim bilan ishxonadagi bayram dasturxoniga bordik. Hamkasblar bilan birga tushlik qildik. Undan keyin qo’shnilarga sovg’alar oldik, o’radik va kechga yaqin tarqatib chiqdik.

Qo’shnilar uyida bayram shukuhi. Archa bezalgan. Indinga keladigan mehmonlari uchun sovg’alar tayyorlashgan, ovqatlar tayyorlashni boshlashgan.

Bir qo’shnim bor, 70 dan oshgan norveg ayol. Maktab direktori bo’lgan, hozir nafaqada. Uyiga kirsak kamenda olov, musiqa qo’yib, mehmonlariga ovqat tayyorlayapti. Qizlari va nevaralari kelar ekan ertaga. San’atga, adabiyotga qiziqadi, jaz musiqani yaxshi ko’radi. Qayta-qayta aytadi: ”Agar musiqa ovozi baland bo’lsa menga aytinglar. Sizlarda yosh bola bor. Ayoling kunduzi dam olmoqchi bo’lsayu men musiqa qo’ygan bo’lsam bu yaxshi emas” deb. Qo’o’shnilik vazifasini to’liq bajaradigan insonlardan.

Undan keyin o’tgan yili to’yi bo’lgan bir juft yashaydi. Ikkisi ham norveg. Ayoli hamshira, bolalar reanimatsiyasida ishlaydi. Erini ham, xotinini ham biror marta jilmayib ko’rishmaganini eslay olmayman. Eri baliq ovlashga qiziqadi. Men ko’p maslahatlar olganman undan.

Undan keyingi uyda bir Pokistonlik oila yashaydi. Qizim ular rojdestvo nishonlamasa ham ularni farzandiga sovg’a olaylik, xafa bo’lmasin deb sovg’a oldi. Uni ham berdik yo’l-yo’lakay.

Sovg’alarni tarqatdik, oxiri bir qo’shnimiz uyiga kirdik. Karyerasini harbiy tizimda qurgan, hozir nafaqadagi, kelib chiqishi 100% norveg bir juft yashaydi. Ikkita qizi bor. Sovg’a bergani qo’ng’irog’ini chaldik. Mehmonlar uchun taom tayyorlayotgan ekan ular ham. Juda hursand bo’ldi va ichkariga taklif etdi. Gløgg degan yangi yil arafasida ichiladigan ichimlik bor. Shundan menga va qizimga quydi. Atrofdan gaplashgan bo’ldik.

Qizim devorda osilgan bayroqqa qarab ”Darvozangga osib qo’ygan Falastin bayrog’i, devordagidan ancha katta ekan” dedi.

Qo’shnilar omon bo’lishsin. Salom-aligi yaxshi. Ko’rganda xol-ahvol so’raydi. Hayit-arafada tabriklashadi.

Uchta uy narida yana bir qo’shnim bor, 5 ta farzandi bor. Ismi Muhammad. G’arbiy Afrikadan. Hofiz inson. Qo’shnilar omon bo’lishsin. Bizning madaniyatda uy olishda qo’shniga qattiq e’tibor berilishi bejiz emas.

Bek Olimjon
23.12.23
Norvegiya
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Qachon lazer operatsiya qilish mumkin emas?




Telegram | Instagram | YouTube

blog: bekolimjon.com
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Homiladorlikda lazer operatsiya qilish mumkinmi?


Telegram | Instagram | YouTube

blog: bekolimjon.com
Rivojlanishni hohlaymiz, ammo…

Ko’p joyda o’qiymiz, maqsadga erishish uchun harakat qilish kerak deb. Men ham yozaman bu borada.

Harakatdan oldingi muhim qadamga e’tibor bermaymiz. U esa qo’rquv.

Mavhumlikdan qo’rqamiz. Komfort zonadan chiqishdan qo’rqamiz. Bizga berilgan tavsiyalarni bajarishdan qo’rqamiz.

Bahonamiz esa har doimgidek: ”sizga aytishga oson”, ”sizga qilishga oson” va hok.

Men sovuqni yoqtirmayman. Bolaligim qishloqda o’tgan. Uylarni isitish muammo bo’lgan. Sovqotish yoqmaydi menga. Undan qo’rqaman men

Qo’rquvni jilovlamas ekanmiz, rivojlanish bo’lmaydi.

Sizda imkoniyatlar paydo bo’ladi, sizdan ko’p vaqt va mehnat talab etadi, natija esa mavhum, sizda qo’rquv bor. Chorasini qilib, tavakkal qilish kerak.

Qo’rquvni yengish muhim, gapirishga oson, lekin bajarish qiyin ishlardan.

Bek Olimjon
25.12.23
Norvegiya
Sen nega ayollarni tug’ishiga osilvolding?

Ohirgi kunlarda shu tug’ish haqida ko’p yozyapman. Instagramda ham shu haqida videolarim chiqyapti. Ko’z duxtiri uchun bu shunchalik muhimmi degan savollar bo’lmoqda.

Sababi azizlar, miopiyasi bor ayollar tug’ishi uchun qornini kesish shart emas. Bu keraksiz va asossiz. Ayollar va chaqaloqlarni keraksiz xatarga qo’yish hisoblanadi. Bu amaliyot ilmiy dalilga ega emas.

Tibbiy adabiyotlarda, qanchadan-qancha dalillarda buni qayta-qayta ko’rish mumkinki tabiiy tug’ruq Kesarcha kesishdan ko’ra bir necha chandon afzalroq. Bola uchun ham, ona uchun ham ancha xavfsiz hisoblanadi. Hattoki otani cho’ntagi uchun ham.

Bir misol, tibbiyot yaxshigina rivojlangan Gollandiya davlatida kesarcha kesish sababli ayollar o’limi tabiiy tuqqan ayollar o’limidan ko’ra deyarli 6 barobar yuqoriroq ekan (manba). Bu Gollandiyada, azizlar. Yozilishicha Gollandiyadek davlatda har 100 000 kesarcha operatsiyada 22 ta ayol o’lgan bo’lsa, Gollandiyadek rivojlanmagan davlatlarda bu ko’rsatkich 760 ta. Afrikada (Sahara osti qismida) esa 1090 ekan. Rivojlanayotgan davlatlarda (Uzb ham shu guruhda) ayollar o’limi Gollandiyadagiga nisbatan 34 baravar ko’proq.

Kesarcha kesish operatsiyasidan keyingi asoratlar soni esa bir qancha (manba). Bundan ona ham bola ham jabr ko’radi. Bu haqida har bir akusher-ginekolog ham, reanimatolog ham, pediatr ham yaxshi biladi. Unday emas deydiganlari zamonaviy adabiyotdan xabardor emas.

Dalillarga asoslangan tibbiyotda bir, 5 yoki 10 ta mutaxassis fikri, sahihligi bo’yicha mavjud dalillardan bir necha pog’ona pastda turadi. U mutaxassislar fikrini inkor etish mumkin, ba’zan zarur ham.

Shu joyda aytib o’tish kerak, agarda tug’ruq vaqtida ona yoki bola xayotiga xavf solayotgan kasalliklar/holatlar bo’lsa va akusher-ginekologlar Kesarcha kesishni joiz deb topsa, muammoim yo’q. Bu borada oftalmolog sifatida aralashmayman. Chunki meni soham emas.

Ammo ko’zdagi miopiya, avval o’tkazilgan lazer operatsiya va shu kabilar Kesarcha kesish uchun ko’rsatma emas. Ko’z kasalliklari umuman olganda Kesarcha kesishga ko’rsatma emas.

Bek Olimjon
26.12.23
Norvegiya
Iyul, 2009-yil, 22 yoshdaman, 6-kurs, Andijon

Kun davomida rektoratdan tinmay telefon qilishyapti. Men qo’ng’iroqqa javob bera olmayman. Oxiri telefonni o’chirishga majburman.

Prezident stipendiyasiga nomzodim ko’rsatilgan. Ikki oydan keyin vazirlikka borish kerak. Hujjat tayyorlash jarayoni. Ammo men rektoratdan telefonlarni ola olmayman, prorektor qo’ng’iroq qiladi. Olmayman.

Sababi ishdaman. Yanagi yili chet elga o’qishga ketmoqchiman. Pul topishim kerak. Shvetsariyadan kelgan delegatsiya bilan viloyatlarda uchrashuvlarda yurishim kerak. Tarjimonman. Xaqni ko’kida olaman.

Ish kechki 5 da tugaydi. Ishdan keyin qo’rqib prorektorga tel qilaman. Olmaydi. Birozdan so’ng zamdekan tel qiladi va meni so’kib ketadi. Tushuntirishimni eshitmaydi ham.

”Ertaga soat 8 da rektoratga forma bilan kelgin, rektor bilan uchrashuv bor” deydi. Boraman. Uchrashuvga hamma kelgan, rektordan boshqa.

9 da ishim boshlanadi. Haydovchi 8:50 da institut oldida meni kutib turadi. Toyota Pradoda. 9 da delegatsiyani hoteldan olamiz. Telefon jiringlashni boshlaydi. Institutdan yana. O’chirishga majburman, yana.

Shu holat 2 hafta davom etadi. Ishni tugataman. Prorektor oldiga kiraman. Rosa baqirib so’kadi. Savollar beradi. Menga pul kerak ekanligi, kanikul ekanligi va men ishlayotganimni aytaman. Javoblarim o’ta g’alati eshitilgandek. Battar qizarib so’kishda davom etadi.

Hujjatlarni talabdagidek tayyorlayman, topshiraman. Keyingi delegatsiyagacha orada 1 hafta bor. Keyingi ikki hafta yana yuqoridagidek xolat.

Kun davomida Shvetsariya elchisi bilan shaharda uchrashuvda yoki Germaniyalik ekspertlar bilan chekka qishloqlarda ishlayman. Ishdan keyin institutdan so’kish eshitaman. Institutdagilarga chet el rejasi haqida aslo og’iz ocha olmayman. Chet elga ketishga harakat qilgan insonga faol qarshilik ko’rsatilar edi u paytlar. Ikki xil dunyoda yashayotgandek his qilaman o’zimni.



Sentyabr oyi, akadem gorodok, Toshkent.

Prezident stipendiyasi imtihoni bo’lyapti. Yakuniy bosqich. 3 nomzod qolgan. 15 tacha ekspert oldida suhbatga kiramiz. To’rida ta’lim vaziri. Birma-bir savollar berishadi. Javoblaringizni tinglaydigan insonlar. Yakunlandi. Oradan 1 soatcha vaqt o’tadi. Qayta chaqirishadi va natijani e’lon qilishadi. Meni g’olib deb topishadi. Rektor otamga qo’ng’iroq qiladi va tabriklaydi.


Uyga qaytaman. Bloknotimga fikrlarni yozaman, nima o’rgandim deyman.


O’rgangan saboqlarim:

- sening kelajaging uchun muhim ishlar boshqalar uchun aslo muhim emas

- mehnatingni qadrlovchilar bilan birga bo’l

- ko’p shovqin soluvchilardan foyda kam

- amaldor bo’lsa ham insoniylik qadriyatlariga e’tibor ber. Amal ketadi, qadriyatlar qoladi

- qo’rquv bo’lsada qaror qabul qil

- ”bu vaziyat yakunidagi eng yomon natija nima?” degan savol o’sha vaziyatning qanchalik muhim ekanligiga aniq javob beradi

- maqsading aniq bo’lsa, undan qaytma

- xato qilayotgandek his qilsang, maqsadingga erishgan odamlardan maslahat ol

- odamlar sendan ko’ngli qolgandek bo’ladi. Hammani birdek hursand qila olmasligingni tushun

- har kuni onangdan duo ol


Bek Olimjon

28.12.23
Norvegiya
2013, kuz
Uylanganimga bir oy bo’ldi. Toshkentda o’qiyman. Stabil oylik yo’q. Ijarada turamiz.

Dadam bilan birga olgan matiz bor. Toshkentni yaxshi bilmayman, taksistlik qilaman. Yo’lni ko’rsatib ketaman deydi, arzonroqqa rozi bo’laman.

Xotinim ishlaydi

2014, kuz
Indiaga malaka oshirishga borishni reja qilganman. Pul turadi, kamida 4000 dollar. Bir qismini ishlab topaman, bir qismini qarz olaman. Indiaga ketaman.

Yashash qimmat emas, ammo pul yo’q. Xotinim kartaga pul solib turadi. Pul tejashim zarur. Hamkasblar ovqatlangani kafega borishga taklif etishadi. Yo’q deyishga majburman.

Yaxshi jarrohman, chetdan kelganlarga o’rgatish vazifasi beriladi. Ba’zan Yevropadan kelganlarga operatsiya o’rgataman. Keyin o’sha klinika ish taklif etadi, past oylik, rozi bo’laman, yo’qdan ko’ra…

Moliyaviy erkinlikka erishishga qaror qilaman

2015, bahor
O’zbekistondan ish taklifi tushadi, oyiga 2000 dollar. U payt uchun zo’r oylik. Oilam oldiga qaytgim keladi. Qaytaman.

2015, yoz
Barchasini tashlab Norvegiyaga kelaman, yolg’iz. Yana boshidan boshlash kerak. Talabaman. Pulsizlik.



2021, bahor
Shvetsiya poytaxti Stokgolmdan kvartira sotib olamiz

2021, kuz
Andijonda akamga hovli sotib olishga yordam berdim

2022, yoz
Norvegiyada hovli haridi

2023, yoz
Osloda bir klinikaga investorlikka taklif etishdi. Taklifni qabul qildim

2023, kuz
Haftada 4 kun ishlashga o’tdim


Jarayonda o’rganilgan darslardan ayrimlari:
- kambag’allikdan chiqib ketish mumkin

- ilm olish uchun katta mablag’ kerak emas

- jamiyat qadrlovchi shaxs bo’lishga intil

- ehtiyojingdan oshig’ini sarflama

- ehtiyojingni aniqlab ol

- byudjet (hisob-kitob) olib bor. Shunda o’zingni aldashing qiyin bo’ladi

- atrof uchun moliyaviy holating sen o’ylaganchalik muhim emas

- imkoniyat berilganda doim tekinga ishlashga tayyor bo’l

- band odamlar yonida bo’lishga harakat qil. Ularda imkoniyatlar har doim bor

- tinglashni o’rgan

- mehnatingni qadrlamaydiganlardan tez ketishni o’rgan

- senga rahmi kelganidan yordam berishlariga rozi bo’lma. O’rganib qolishing mumkin

- o’zingni aldama, oilangni aldama, shaffof bo’l

Bek Olimjon
29.12.23
Norvegiya
Bir yigit yozyapti

"Ko'zimni tekshirtirdim, astigmatizm chiqdi, operatsiya tavsiya etishdi, havotirdaman, operatsiyasiz iloji yo'qmi, ko'zoynak bo'lmaydimi?" deydi

Rasmda o'ng ko'zda -0,5SE va chapda -0,125SE bor. Bu operatsiya uchun ko'rsatma emas. O'ng ko'zda juda kam minus bor. Chap ko'z esa sog'lom. U yigit buni qayerdan ham bilsin?

Tibbiy saviyani oshirishimiz kerak. O'zbek tilida esa ma'lumot kam.

Shu sabab Oftalmolog Bek Olimjon yangi kanal ochdim. U yerda ko'z kasalliklari haqida ma'lumotlar berib boriladi. Instagramdagi videolar ham qo'yib boriladi. Imkon qadar maslahat berishga harakat qilamiz. O'zi oson qilsin!

Asosiy kanal esa avvalgi ruhda qoladi.

Hurmat bilan,
Bek Olimjon
31.12.23
02.01.2011, Parij

13 yil avvalgi rasm. Tohir og'a bilan Parijga sayohat.

Barcha qulayliklarga ega Yevropa hayoti, ammo pulsiz talabalik. Farroshlik orqali kun ko'rish.

Stockholm-Parijga 10€ ga bordi-keldi bilet olamiz va arzon hotelda qolamiz. Og'a bilan ko'rishganda har doim eslaymiz u hotelni. U hotel haqida kezi kelganda boshqa postda endi.

Parijda metroda yuramiz, baget va yogurt bilan qorin to'qlaymiz, bir necha kun. Pul yo'q, ammo erkinmiz.

Luvr, Notr-Dame, Champs Elysees, Arc de Triumf, Concord, Eyfel minorasi.

Bir necha kun aylanamiz. Og'a Eyfel minoraga chiqishga meni ko'ndira olmaydi. Rosa harakat qiladi. Ketishimizdan bir kun oldin o'zi chiqishga qaror qiladi.

Men balandlikdan qo'rqaman, ammo qizig'i toqqa chiqishdan emas. Eng maza qilib uxlaydigan joyim bu samolyot. G'aroyib miyamiz borda.

Qo'rquv ustida haligacha ishlayman. Qanday qilib?

Qo'rquvlarni yozish va tahlil qilish orqali.

Bu yo'l bilan hozirgacha quyidagilarni o'rgandim:

- "eng yomon va eng yaxshi natija nima bo'lishi mumkin?" deyish orqali insaytlar olishni

- qo'rquvni ignor qilgan sari u kattalashib borishini

- bahonalarim asosida nimalar yotishini

- statistik va ehtimollarga asoslangan holda qo'rquvim qanchalik asosli ekanligini

- qo'rquv yengib o'tilgandan keyin u qanchalik erkinlik berishini

- qo'rquv muhim bilimlar, tajribalarga ega bo'lishga to'siq bo'lishini

- mavhumlikdan qo'rqmaslikni

- va yana bir qancha foydalar

Qo'rquvlar ichida eng kattasi shu mavhumlik bo'lsa kerak. Komfort zonadan chiqa olmasligimiz asosiy sababi ham shunda bo'lsa kerak.

Har safar qo'rquvni yengib o'tish rivojlanish kafolati ekanligini tushundim. 3-4 marta mavhumlikdan qo'rqmasdan harakat qilgandan so'ng, kutilgandan ko'ra yaxshi natija olinganidan so'ng, mavhumlikdan inson nafaqat qo'rqadigan bo'ladi, balki uni xohlab ham qoladi.

Siz ham qo'rquvlaringizni yozib, tahlil qilib ko'ring, balki foydasi tegar...

Bek Olimjont
02.01.24
Norvegiya
Oxirgi 2-3 yil davomida o’qish uchun kitob tanlashimda o’zgarish sezdim.

O’ylab kor’sam bestseller kitob kam o’qiyapman ekan. Negadir bestseller bo’lib chiqayotgan kitoblar sayozlashib ketayotgandek.

Aksar ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar haqida. Tushunsa bo’ladi. Bu ”yeydigan tema”. Kitoblar aksari insoniyatning oxirgi 20-30 yillik tarixi haqida. Negadir juda qisqa vaqt diapazoni bilan yashayotgandekmiz. Iste’mol qiladigan ma’lumotlarimiz asosiy qismi oxirgi 48 soatda chiqqan. Achinarli xolat.

Xulosam shu bo’ldiki hozir bestseller bo’lish ortida sun’iylik bor. Bu qanday? Mana bu jarayonni tasavvur qiling.

Bir yozuvchi kitob yozmoqchi, g’oyani nashriyotga olib boradi, hali kitob yozilmay turib shartnoma qilinadi. Kitob tayyor bo’lay deganda nashriyot marketingni boshlaydi. Marketing strategiyalaridan biri katta auditoriyaga ega podcastchilar, youtube kanallar bilan hamkorlik qilish. Muallif podcastga ”taklif etiladi” va suhbat davomida kitobini reklama qiladi. Podcastni bir vaqtda bir necha minglab yoki millionlab odam eshitadi. Qisqa vaqt ichida kitobga online buyurtma beradi. Bu esa tabiiyki online sotuvni oshiradi, algoritmlar o’sha kitobni yanayam oldinga surib beradi va qarabsizki tez orada o’sha kitob BESTSELLERga aylanadi.

Ammo 50% ko’p odam boshlagan kitobini tamomlamaydi.

Yillar davomida shaxsiy rivojlanish bo’yicha bir qancha kitoblar o’qidim. Borgan sari eski kitoblar ko’proq tortyapti meni. Bundan 60, 100, 150 yil, hattoki ming yillar avval yozilgan kitoblarni o’qish orqali ko’proq, chuqurroq, kengroq ma’lumot olayotgandeksan kishi. Muallif fikrlari seni o’ylashga majbur qiladi. Balki unday kitoblar vaqt sinovidan o’tgani uchundir.

Bestsellerga vaqt va pul sarflagandan ko’ra eski kitoblarni ko’proq o’qishni tavsiya etgan bo’lar edim. Misol uchun 2023 da Henry Thoreau yozgan Walden degan kitobni o’qidim. Rostini aytsam shaxsiy rivojlanish, moliyaviy, fikriy erkinlik bo’yicha bestseller kitoblardan ko’ra ancha ko’proq foyda oldim. Kitob 1854-yilda chiqqan.

Bek Olimjon
03.01.24
Norvegiya
Shu kunlari bu yilgi qishning eng sovuq kunlari. Havo -25 gacha. Har doim ham bunday imkoniyat bo’lavermaydi deb ishdan keyin yugurgani chiqdim va instagramga hazilona story qo’ygan edim. Ko’pchilikka ta’sir qilgan shekilli, ancha DM oldim.

Odam o’zini nega qiynashi muhim?

Fikrimcha odam biror bir qiyinchilikni yengib o’tmagunicha o’ziga bo’lgan ishonchi shakllanmaydi. Aqliy yoki jismoniy qiyinchilik bo’lsin. Jismoniy qiyinchilikni yengib o’tish osonroq. Qiyinchilik orqali o’zimizni tarbiyalaymiz.

Aytaylik siz 10km yugurmoqchisiz. O’ylaysizki bu juda uzoq masofa. Men yugura olmayman deysiz. 1km yugurib o’tmaguncha 10km uzoqdek tuyuladi. 1kmga 500metr qo’shsa, 1,5km, yana 500m qo’shsa 2km bo’ladi. Mana shunday qilib har safar ozginadan, aytaylik 100mdan qo’shib boraverilsa, oradan 4-5 hafta o’tmay 5km bo’ladi. 10kmga hali yana bor, ammo siz maqsad qoq o’rtasidasiz endi. 10ga faqat 5km uzoq xolos endi. Aslo ilojsizdek ko’ringan ishni yarmidasiz. Bunga bir necha hafta ketdi xolos. Vaqt baribir o’tadi.

Bu usulni pul topishda ham, vazn yo’qotishda, til yoki fan o’rganishda ham qo’llasa bo’ladi. (Aslida tibbiy fanlar o’rganish bo’yicha bir tizimli post yoki kurs qilishim kerakdek).

Nega bugungi imkoniyat har doim ham yo’q? Sababi issiqroq havoda yuguruvchilar ko’p. Ertaga ishga borganda hamma sovuqdan nolib gapirsa, siz yugurganingizni aytib berasiz. Yaxshigina hikoya bo’ladi.

Endi o’ylab ko’ring, siz yuradigan davralardagi nechta odam sovuqdan kipriklari muzlab bir-biriga yopishib qolganini his qilgan? Ko’p bo’lmasa kerak. (Sizga yoqqan qiz e’tiborini tortadigan yaxshi hikoya bu ham)

Ertaga pul topasiz, ammo nabiralarga aytadigan hikoyalaringiz juda kam bo’ladi. Bu o’ylashga majbur qiladigan fikr.

Boshqalar qiyin deb yuz o’girgan imkoniyatlar ortida muhim saboqlar, unutilmas hissiyotlar va takrorlanmas hikoyalar bor. Eng qizig’i ularni ertaga pulga sotib olish iloji yo’q.

Qiyinchilikdan qochmang, haqiqiy yashashni his qilasiz shunda.

Bek Olimjon
04.01.24
Norvegiya
18-25 yoshli jiyanlarimga

O’tgan kuni instagramda avvalgi storieslarni o’chirayotib 2018-yili begran tavsiyalarimni ko’rib qoldim. U payt SMM ni o’rganish qanchalik muhim ekanligi va kelajagi bor ekanligi haqida yozgan ekanman.

18-25 yoshli jiyanlarimga 2024 boshida aytadigan ayrim tavsiyalarim. Ular ingliz tili biladi, aks holda nolinchi o’rinda turgan bo’lar edi.

1. Yozishni mashq qil. Yozish uchun qandaydir hayotiy tajriba bo’lishi shart emas. Shunchaki mashq qil va o’rgan. Senga ta’sir qiladigan postlar nega ta’sirchan ekanligi haqida fikr qil. O’z-o’zinga savol ber va o’shalardek yozishga harakat qil. Mayli boshida yozish usulini ko’chir. Nima qilsang-qil, yoz. Hech bo’lmaganda kuniga 5 daqiqa yoz. Yaqin kelajakda ta’sirchan yozadiganlarda imkoniyatlar keng bo’ladi.

2. LinkedIn qanday ishlashini o’rgan. Hozir sen uni nima ekanligidan ham xabaring yo’qdir balki. Undan ertaga yaxshigina foydalanishing mumkin.

3. Web-dizaynni, ayniqsa no-code web-dizaynni, wordpressni o’rgan. Domain, hosting sotib ol va mashq qil. Woocommerce kabi internet magazinlar ochish imkonini beradigan xizmatlarni o’rgan. Hozir butun dunyo online bozorga o’tgan. O’zbekiston ham yaqinda o’tadi. Uni boshqaruvchilarga ehtiyoj katta bo’ladi.

4. Agar sen media sohasiga qiziqsang, qisqa formatli contentdan voz kech va uzoq content (1,2,3 soat) yaratish haqida o’yla. Bunday content eng sodda ko’rinishi bu podcast. Murakkabroq ko’rinishi bu hujjatli filmlar, uzoq muddatli sayohat vloglari. Bir sohani chuqur o’rgatuvchi kanallar. U uchun katta ijodiy jamoa kerak emas. Yakka inson sifatida ham ko’p narsalar qilish mumkin.

5. O’zbek auditoriyasida umumiylik davri tugab, xususiylik davri boshlanmoqda. Bitta yoki ikkita sohada bilimlarni kuchaytir. Turli sohalarda bilong’ich bo’lgandan ko’ra, bitta soha bo’yicha zo’ri bo’lish yaxshiroq. Boshqa umumiy sohalarda biliming yo’q ekanligini ochiq aytishdan qo’rqma. Har sohada ekspert bo’lgan odam, hech qaysi sohada ekspert emas. Odamlar yolg’onni tez ilg’ashni yaqinda o’rganib olishadi. Hozircha BS-meter unchalik yaxshi rivojlangani yo’q.

6. Atrofdagilar nima qilayotgan bo’lsa shuni ko’chirishdan qoch. Eng yaxshi marketing bu boshqalar qilmayotgan marketingligini yodda tut. Hamma bir tomonga qarab yursa sen ham o’sha tomonga qarab yurishing shart emas. Butunlay teskari tomonga yurishga jur’at topa ol. Tonirovka qilingan qora jentra yoki yangi iphone olishdan ko’ra, eski oyoq kiyimda bo’lsada Parijga sayohat muhimroq. Kambag’allikdagi sayohatdan olingan saboqlar muhim. Boy sayohatchining sayohati hayotiy saboqlarga boy emas.

7. Kelajakka investitsiya haqida o’yla. Agar bugun kimnidir boy qilishga kuniga 8 soat mehnat sarflashni to’g’ri deb topgan bo’lsang, o’zing uchun 2 soat sarflashni ham to’g’ri deb top. Shaxsiy moliya haqida o’rgan. Bu muhim.

8. Moral kompasga ega bo’l. Bu muhim! Ertaga qarshingdan katta imkoniyatlar chiqadi. Ular ko’pidan voz kechishing kerak. To’g’ri moral kompas voz kechish jarayonini oson qiladi. Hamkorlikda aqlli, harakatchan va qadriyatli insonlarni tanlash muhim. Qadriyatlar joyida bo’lmasa aqlli va harakatchan inson bilan firib orasida masofa katta bo’lmaydi.

9. Statistikani o’rgan. Shunda yuqorida sanab o’tilgan xislatlarga ega insonlar sening mijozingga aylanadi. Buni nega muhim ekanligini hozir tushunmasliging mumkin. Shunday bo’lsada o’rganishga harakat qilib ko’r. Statistika nega muhim ekanligini 2 ta gap bilan tushuntirish qiyin.

10. Hayotda balans haqida o’yla. Oila, karyera, badan+ruh, investitsiya, shaxsiy rivojlanish kabilar orasida balans muhim. Karyera+investitsiya ortidan quvib oilani, tana va ruhni yoddan chiqarish katta afsuslarga sabab bo’ladi.

Bek Olimjon
07.01.24
Norvegiya
2024/11/15 10:33:49
Back to Top
HTML Embed Code: