Telegram Web Link
Olimpiada kundaligi

BAHODIR


Vatan — daryo, cho‘lim, tog‘ — toshimgacha,
Menga madad bo‘ldi — ko‘ksimda yolqin!
Omonat jonimdan, ko‘z yoshimgacha
Sening olqishingni his etdim, Xalqim!

Otam niyat qilgan Ollohim qodir —
Qulog‘im ostida yangragan azon,
Nur birla yo‘g‘rilgan ismim — Bahodir
...Sezdim,  Bahodirga bo‘lmaskan oson.

Parij, hayron boqma, kim qular behush...
Titrab ketar goho ring arqonlari.
Zarb urgan men emas, bobom Alpomish!
Tomrimda qo‘zg‘olar Alpning qonlari!

Sezaman jonholat men jang ichinda, 
Onam olislarda o‘qiydi duo... 
Kuchliroq kuch bormi ona kuchingdan, 
Sen o‘zing Onamni asragin, Xudo!

Ul zot yuksak erur shonu sharafdan,
Qatra ko‘z yoshiga ming jonim fido! 
Bir nur oqib keldi Surxon tarafdan,
Oz qoldi... 
Yengaman, qo‘llasa Xudo!

...Mana men g‘olibman, 
vujudimda nur —
Har zarbim shashtidan yuragim qalqdi.
Ishonching oqladim, boringga shukr, 
Onamga aylangan mehribon, Xalqim!
     
11.08.2024-y.

Qo‘chqor Norqobil
Olimpiada kundaligi

Ulug‘bek Rashitov yopilish marosimida delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ladi

Bir necha soatdan keyin “Stad de Frans” stadionida Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi boshlanadi. Mazkur tadbirda delegatsiyamiz bayroqdori vazifasini taekvondo WT bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov bajaradi.
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Studiya 24 | Nurboy Jabborov - filologiya fanlari doktori, professor bilan suhbat
Olimpiada ilhomlari 

OLIMP CHO‘QQISIDA O‘ZBEKLAR

Oltinlar shodasi, kumush, birinjlar,
Yog‘ildi – ushalib orzu-ilinjlar.
Medalni yulduzday terar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Keng feʼlin ko‘rsatib, topib bardoshni,
Chetda tashlab qo‘ymas, qo‘llar qardoshni.
G‘oliblik darsini berar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Diyora, Bahodir, Hasan, Ulug‘bek,
Malik, Asad, Laziz ko‘tardi tug‘dek –
Yurt bayrog‘in yuksak ko‘rar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

O‘rnak olar elning ko‘zu qoshlari –
Yangi O‘zbekiston yangi yoshlari.
Vatan sevmoq zavqin surar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Qahramon ajdodlar ruhin shod aylab,
Kimligin eslatib, aslin yod aylab –
Ko‘ksin mag‘rur kerib yurar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar!

11.8.2024


Bobur Bobomurod,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
CHEMPION O‘ZBEKLARIM

“Olimpiada-2024”da g‘alaba qozongan yurtdoshlarimga

Qatordan qolmayin deb ot surib kelgan millat,
Besh xalqaga bir xalqa qo‘shib juft qilgan millat,
Erku eʼzozdan balqib toleyi kulgan millat
Ko‘ksiga shamol tekkan shodumon o‘zbeklarim.

To‘rt yillikning ko‘zlar to‘rt bo‘lib kutgan bahslari,
To‘rt tomondan taralgan hayqirig‘u saslari,
Sport saltanatining eng bahodir, aslari –
Pahlavon Mahmuddayin pahlavon o‘zbeklarim.

“Yo ota!” deb polvonlar kurashdi alplarga xos,
Marsgacha eshitildi yapon qiz tortgan uvvos...
Olimpiya obro‘sin chandon oshirgani rost –
Jahon ichra o‘zlari bir jahon o‘zbeklarim.

Diyora degan gulyuz, guldayin nozik, nafis,
Bir ko‘rganda polvon deb o‘ylaymaysiz shubhasiz...
Lek Vatan shaʼni desa, tog‘ni talqon qilgan qiz,
Jasoratdan yaralgan qahramon o‘zbeklarim.

Atomni zarra deya parvo qilmaganlarga
Hasanboyning zarbasin ko‘zga ilmaganlarga...
Ko‘rsatib qo‘yda takror avval bilmaganlarga,
Qay vatanda joylashgan Andijon o‘zbeklarim.

Asadxo‘ja, Lazizbek farg‘onacha ish qildi,
Farg‘onacha ishini ikkisi ham besh qildi,
Charmqo‘lqopga minglab bolalarni esh qildi,
Mushti qattiq – o‘zlari bolajon o‘zbeklarim.

Ringga chorlab o‘tirmang – shart oltinni bering, bas,
Bahodirning qaddiga devlar qilarmish havas,
Zarbiga turib bermoq odam bolasigamas,
Yanayam ayab urar mehribon o‘zbeklarim.

Turkiyning qarshisiga turkiyni qo‘ydi oxir,
O‘zbek bolasimi yo qirg‘iz o‘g‘limi mohir?
Abdumalik pallasi tosh bosdi biroz og‘ir,
Bayram qildi qirg‘iz-la qadrdon o‘zbeklarim.

Razambek ham finalda olishdi yapon bilan,
Ikkisi ham kurashdi butun tanu jon bilan,
Yutuq qoldi baribir bug‘doyrang polvon bilan,
Kunchiqar yurtdan yurti charog‘on o‘zbeklarim.

Ulug‘bek oltin oldi ikki oyoqda yurib,
Boshi bilan qo‘lini ishga solmasdan turib,
Jarohatu og‘riqni bir dam chekkaga surib,
Matonatdan tikladi soyabon o‘zbeklarim.

Sovrindorlar safi keng – sanasam, doston bo‘lur,
Dostonlarni jamlasam, muazzam devon bo‘lur,
“Shohnoma”sin quchoqlab Firdavsiy hayron bo‘lur,
O‘n besh kunda shunchalik topdi shon o‘zbeklarim.

O‘zbek o‘zi azaldan saxiy bo‘lgan, mard bo‘lgan,
Yutqazsa ham, yutsa ham boshi tik, baland bo‘lgan,
Yuragida “Dunyo tinch tursin!”, degan dard bo‘lgan,
Bu kun tinchlik tufayli farovon o‘zbeklarim.

Parijga borgan necha o‘zbek – qizu o‘g‘londir,
Parijga borgan asli Yangi O‘zbekistondir,
Murabbiy ham muxlisi bir shavkatli sultondir,
Sultoniga yolchigan jonajon o‘zbeklarim.

Eng muhtasham zafarlar oldinda, nasib qilsa,
Boshimiz chiqmay qolar oltindan, nasib qilsa,
Ey, sen dunyo, tayyor tur oldindan, nasib qilsa,
Bo‘lgay har bir bolasi chempion o‘zbeklarim!

11.08.2024

Zohidjon Olov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Olimpiada ilhomlari

* * *

Olimpiada ishtirokchilari va qahramonlariga bag‘ishlayman...


Chapaklar zarbidan titraydi osmon,
Eyfel minorasi ketadi cho‘chib.
Shohsupada g‘olib, mard O‘zbekiston
Madhiya boshlaydi Parijni quchib.

Diyora lol etdi butun olamni,
Yapon sherlari ham tan berdi hatto.
Ko‘z yoshdan oladi Yuta alamni...
Bilolmay qayerda qilganin xato...

Hasanboy, Ulug‘bek, Malik, Bahodir,
Asadu Lazizbek, har biri yakto.
Har biri mardlarim, har biri nodir,
Har biri elimga shon etdi ato!

Faqat... Sitoraga boqmadi omad...
Nogoh Olimpning ham charxi buzildi...
Bu qanday razolat, tengmi kuch, qomat?
Nahot yigit, qizning farqi buzildi?

Bunda ne maʼno bor, ne sir bor dunyo,
Jo‘mard Alpomishing Oybarchin bo‘lmish?
Gender teng deganing shu edimi yo,
Yo, rab, bobom ori yer parchin bo‘lmish?

O‘ksinma Sitora, sen asli g‘olib,
Hammaga ayondir maydondagi hol…
Garchi u bo‘lsada oltinga tolib,
Raqib-la tirlashding, kurashding halol…

Bayrog‘im yuksalar bayroqlar osha,
Yovqur ajdodlarim qonidan meʼros.
Bu shunchaki jangmas, emas tomosha,
Tumaris, Barchinlar shaʼnidan meros...

Kubroning qo‘lida ollangan to‘g‘ni...
Bugun o‘g‘lonlarim ko‘tarar ko‘kka.
Bugun Olimpdagi mashʼala, cho‘g‘ni,
Yulduzdek qadashdi o‘n uch yurakka!

Shahodat Isaxonova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Olimpiada ilhomlari

SAKKIZ MOʻJIZA

Parij olimpiadasi g‘oliblariga bag‘ishlanadi

Sakkizta oltinni taqib ko‘ksingga
Sakkiz moʻjizani yaratding chindan.
Olamni mahliyo etib o‘zingga,
Yangi kuch, yangi ruh uyg‘ondi sendan.

Dunyoni lol etdi o‘zbekning mushti,
Hasanboy, Lazizbek, qo‘rqmas Bahodir.
Parijni titratdi alplarim shashti,
Temuriy naslisan, har ishga qodir.

Zarbasi naqadar kuchli ekan-ku,
Asadxo‘ja ila Abdulmalikning.
Ortida turgani yolg‘iz Vatan-ku,
Ijobat bo‘lgandir duosi xalqning.

To‘maris kelbatli go‘zal Diyora,
Buyuk momolarga bo‘ldi munosib,
Raqibga chap berdi, yondi ming bora,
Vatanga qoldirdi bir tarix yozib.

Razambek, Ulug‘bek, shashtingiz baland,
Kuragi zaminga tegmagan xalqmiz,
Sizdadir jasorat, sizdadir talant,
Yengilmas nomiga munosib, haqmiz.

Ota duosini olgan kam bo‘lmas,
Yurtboshim sim qoqdi, ko‘ksi tog‘ bo‘lib,
Zafardan ortiqroq totli dam bo‘lmas,
Parijni yashnatdi bitta bog‘ bo‘lib,

Ofarin, tasanno, bahodirlarim,
Sizga yarashadi yozsam ming doston.
Siz mening moʻjizam ham g‘ururlarim,
G‘alaba muborak, jon O‘zbekiston!

Ashurali Boymurod,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmas aʼzosi
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Axborot 24 | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifida erishilgan kelishuvlar va salmoqli natijalar yuzasidan keng jamoatchilik munosabatlari
TAKLIFNOMA

Hurmatli ijodkorlar, adabiyotsevarlar, Sizni 2024-yil 13-avgust kuni soat 11:00da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida bo‘lib o‘tadigan tadbir, atoqli shoir va tarjimon Sidqiy Xondayliqiy tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-maʼrifiy tadbirga taklif qilamiz.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Studiya 24 | Qo‘chqor Norqobil — Yozuvchilar uyushmasi azosi, shoir va dramaturg bilan suhbat
Olimpiada ilhomlari

BU HALI HOLVASI...

Qonlari ko‘pirdi yana o‘zbekni,
Shonlari gupirdi yana o‘zbekni.

Do‘stlari yurakdan bu kun shod o‘ldi,
Raqibi o‘kirdi yana o‘zbekni.

Qaddin tiklayapti kun sayin xalqim,
Yelkasi kun ko‘rdi yana o‘zbekni.

Duo ketgan buloq ko‘zi yopilmas,
Bulog‘i jo‘sh urdi yana o‘zbekni.

Ozgina eʼtibor – ko‘kka ko‘tarar,
Eʼtibor ko‘tardi yana o‘zbekni. 

Oshi bilan o‘zbek dunyoni olmas,
Quvvati toshurdi yana o‘zbekni.

Kuchi mashhur edi azal-azaldan,
Kuchin ellar ko‘rdi yana o‘zbekni.

Sherlar makonida sherlar tug‘ilar,
Sherlari tug‘ildi yana o‘zbekni.

Bu hali holvasi – shoshmay turinglar,
Mushtlari tugildi yana o‘zbekni!

12.08.2024

Nosirjon Toshmatov

Rasmlar muallifi: Husan Sodiqov
Olimpiada kundaligi

SIZLAR BOSHQACHADA, SIZLAR BOSHQACHA

Olacha do‘ppingda olam sollanar,
Botirim, qahramon bolam, tomirim.
Bugun, kuragingdan hayratga qolib,
Butun dunyo o‘qir mardliging sirin.

Sen momom yuzidan nur olgan qizim,
Diyoram, kulgiching qurboni bo‘lay.
Mardginam, g‘ururim osmon qilding-ku,
Kichkina jussangdan o‘zginam o‘lay.

Bobom belbog‘ining
mahkamligi bor,
Aqling bo‘ylaringga esh, Bahodirim.
Osmonni kaftingda tutganday bo‘lding.
Sen borsan, Vatanim tinch bahodirim.

Hasanboy, boy bolam, hoy bolam, tolma,
Onangga qo‘shilib yig‘ladim men ham.
Paxta dalasiday keng bag‘ir bergan,
O‘zbekiston degan Vatandan qolma.

Bu buyuk yig‘idan eling ko‘karar,
Vujudim titratgan, polvonim yig‘la.
O‘psang faqat, yig‘lab bayrog‘imni o‘p,
Senga teng bo‘lmagan, raqibing tig‘lab.
 

Ulug‘bek, Lazizbek, Asad, Malikjon,
Bek desa beklardek baquvvat tog‘im.
Oynai jahonga singib ketdima,
Alpomish tirilib kelganday chog‘i.

Hay-hay, ko‘zmonchog‘ni ko‘zimga osib,
Tuflayman, irimim yodimga tushdi
Ko‘zlar tegmasin-a, ko‘zlar tegmasin.
Bugun oltinlarim yonimga tushdi.

Oh, polvon, bolam-a, oh, sarbon bolam.
Tonggacha ko‘zimga indi halovat.
O‘zbek onalari, qara, tonggacha,
Yurtim tinchligiga o‘qir salovat.

G‘alabang yarashgan chiroyli bolam,
Yarashding ko‘zimdan oqqan yoshgacha.
O‘zbek beshigida tebrandi dunyo.
Sizlar boshqachada, sizlar boshqacha.

Gulbahor Jumayeva,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Olimpiada ilhomlari

HAYOTDA QAYTA UYG‘ONDIM!

“Olimpiada-2024”da oltin medal sohibi bo‘lgan yurtdoshlarimga

Jahon maydonida ko‘rdim buyuk Sohibqironimni,
Zamonlar zulmiga bo‘y bermagan aftoda onimni.

Hayot charx ostida yongay, muhabbat dilda uyg‘ongay,
Raqib mushtim bilan qongay, olarkan imtihonimni.

Bu ko‘nglimga bahor keldi, Diyora Keldiyor keldi,
Yurakda iftixor keldi, to‘shay yo‘lingda jonimni.

O‘zingsan mardu maydonim, samodil Barchinoyjonim,
Sog‘inch ko‘z yoshidek qonim, ravon etgay dovonimni.

Ulug‘bek, sen ulug‘ beksan, agar ko‘nglimni chog‘ etsang,
Raqibga ko‘rsatib ketsang, mening tengsiz jahonimni.

Yozar dil Andijonimga, Hasanboy kelsa yonimga,
Quyosh uyg‘ondi qonimga, ko‘rolmaysiz ziyonimni.

Bu zot farzandi Farg‘ona, kezar maydonda mardona,
Asadbek xo‘ja parvona, ado aylar fig‘onimni.

Lazizbek Mullajonov ham, emas aslo birovdan kam,
Ularning bari jamuljam, yoritgay osmonimni.

Razambek ko‘ngli chog‘imdir, yonib turgan chirog‘imdir,
U ham afsona tog‘imdir, qorishtirganda qonimni.

Qarang, Abdumalik kelgay, raqiblarga hadik kelgay,
U maydon ichra tik kelgay, etib burro zabonimni.

Bahodir o‘zga bir dunyo, boqar alplarga beparvo,
Bu kun Alpomishim go‘yo, quchar qutlug‘ zamonimni.

Ko‘rib Axtamquli yondim, hayotda qayta uyg‘ondim,
Vatanning mehridan qondim, sevib oltin makonimni.

Axtamquli,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Olimpiya ilhomlari

YANGI O‘ZBEKISTON G‘ALABASI

Bahodir Jalolov va barcha Olimpiada ishtirokchilariga bag‘ishlov

Bahodir – zo‘r pahlavon, qalbi so‘nmas cho‘g‘lidir,
Polvon el, Vatanimning asl polvon o‘g‘lidir,
Yurt bayrog‘in balandda tutgan g‘olib – tug‘lidir,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Besh qitʼani lol etdi, musht bo‘lib besh barmog‘i,
Yov endi yurak yutib qiyin qarshi bormog‘i,
Asrlarga tatiydi bu oltinning salmog‘i,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Mamlakat Egasining muddaosi, matlabi –
Yashasin har o‘g‘il-qiz sor kabi, burgut kabi,
Chempionlar maktabi – Bahodirning maktabi,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Barakalla, jahonning ikki bor chempioni,
Ikki ming bor yuksaldi, Vatan, millatning shoni,
Yangradi madhiyamiz – o‘zbekning kuy-zaboni,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Shubhasiz, Everestdan Olimp cho‘qqisi yuksak,
Bo‘lar ekan-ku, mana, cho‘qqiga tug‘ni tiksak,
El oldiga quyoshdek yorug‘ yuz bilan chiqsak,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Alpomishga barobar, ham qaddi, ham kelbati
Alpomishning o‘zidek shiddati, salobati,
Olimp tog‘idan boqdi O‘zbekiston davlati,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

Bahodir – zo‘r pahlavon, qalbi so‘nmas cho‘g‘lidir,
Polvon el, Vatanimning asl polvon o‘g‘lidir,
Yurt bayrog‘in balandda tutgan g‘olib – tug‘lidir,
O‘zbekning jahon uzra qutlug‘ martabasi bu,
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabasi bu.

G‘ayrat Majid
2024/11/15 18:15:00
Back to Top
HTML Embed Code: