Telegram Web Link
Olimpiada kundaligi

Sportchilarimizning chiqishlari:

22:30 🤼‍♂️ Final. Razambek Jamalov.

22:53 🥋Bronza uchun o’tish o’yini. Nikita Rafalovich.

00:37 🥋Final. Svetlana Osipova.

00:47 🥊 Final. Abdumalik Xalokov.

01:51 🥊 Final. Bahodir Jalolov.
Olimpiada kundaligi

Razambek Jamalov – Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni!

Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobida oltinchi oltin medal. Mazkur medalga erkin kurashchimiz Razambek Jamalov mualliflik qildi. -74 kg vazn toifasida ishtirok etgan polvonimiz chempionlik bahsida yaponiyalik Daichi Takatanini magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻldi.

Shu tariqa, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronzaga yetdi. Yasha, Razambek!
Olimpiada kundaligi

O‘zbekiston 13-o‘ringa chiqdi!
Olimpiada kundaligi

Abdumalik Xalokov Oʻzbekiston delegatsiyasiga yettinchi oltin medalni taqdim etdi!

Tarix yozishda davom etamiz. Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, jahon chempioni Abdumalik Xalokov sovrinlari orasiga yozgi Olimpiya oʻyinlarining oltin medalini ham qoʻshib qoʻymoqda. Buxorolik sportchimiz chempionlik jangida Qirgʻiziston vakili Munarbek Seitbek oʻgʻlini yaqqol ustunlik bilan magʻlub etib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Ushbu muvaffaqiyatdan keyin Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 7 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronzaga yetmoqda. Tasanno, Abdumalik!
Olimpiada kundaligi

Svetlana Osipova Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida kumush medalga sazovor boʻldi!

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Svetlana Osipova ushbu sport turida Olimpiya oʻyinlarida medal qoʻlga kiritgan birinchi ayol sportchimizga aylandi. Hamyurtimiz shiddatli va murosasiz ruhda oʻtgan final bahsida mezbonlar vakili, sobiq jahon chempioni va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarining bronza medali sohibi Alteya Lorenga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.

Ushbu natijadan keyin terma jamoamiz hisobidagi medallar hozircha 7 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzaga yetdi. Biz sen bilan faxrlanamiz, Sveta!
Olimpiada kundaligi

Bahodir Jalolovning jangi boshlandi. U yutsa, O‘zbekistonning oltinlari 8 ta bo‘ladi. Kuzating!
Olimpiada kundaligi

Bahodir Jalolov – ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni!

Mahoratli bokschimiz Bahodir Jalolov Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari doirasida bugungi final janglariga ajoyib nuqta qoʻydi. Eng ogʻir vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz chempionlik jangida ispaniyalik Ayub Gʻadfani oʻzining kuchli va aniq zarbalari oldida ojiz qoldirdi.

Ushbu olamshumul g’alabadan keyin O’zbekiston erkaklar terma jamoasi Olimpiadani 5 ta oltin medal bilan yakunlamoqda. Yigitlarimiz umumjamoa hisobida birinchi o’rinni qo’lga kiritib, o’zbek boksining qudratini yana bir karra butun dunyoga ko’rsatishdi.

Shuning bilan, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzaga yetmoqda. Barakalla, oʻzbegim Bahodiri!
Olimpiyada kundaligi

Bugun Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o’yinlari o’z nihoyasiga yetadi. Sportchilarimizning tarixiy Olimpiadadagi ishtirokini og’ir atletikachimiz Tursunoy Jabborova yakunlab beradi. Shuningdek, kechki dasturda tantanali yopilish marosimi ham o’tkaziladi.
Olimpiya kundaligi

OLIMPDAGI VATANIM

Qadimiy shahar tosh ko‘chalarining
Navqiron ovozi bo‘ldi eldoshlar.
Ko‘ko‘par binoyu uychalarining
Tomiriga emday kirdi dildoshlar.

Yengdi er yigitlar, yengdi er qizlar,
Ovro‘paga tikdi Vatan bayrog‘in.
Ilk ota bo‘lganday yig‘ladik bizlar,
Ko‘z yoshga chayilgan so‘zlar qayroqi.

Tarqadi tumanday dildagi tugun,
Ular ismi singlim, ukam otiday.
Osmondan oltinlar yog‘ildi bugun,
Zafar taʼmi enam noni totiday.

Yurtda Diyoralar ko‘paydi chindan,
Ulug‘bek, Hasanboy, Asadxo‘jalar.
Lazizbek, Razambek, Abdumalik ham
Baho jangin ko‘rdik qoqmay mijjalar.

Akbar, Svetlana, kumushim sizlar,
Alisher, G‘ulomjon, Muzaffarbegim,
Sizni yaxshi ko‘rib qoldik-da bizlar,
Kelyapti oltindan ziyodsiz degim.

Bo‘yinni cho‘zsang-da hatto g‘ozlarday,
Sovringa bosh suqish mushkul xorijda.
Zot ayirib xuddi chavondozlarday,
Yurt qo‘shig‘in ko‘p bor aytdik Parijda.

13-o‘rin, 13 ta medal,
Sirli raqam bizga sirlarin ochdi.
Bosamiz gazini, bosamiz pedal,
Shashtimizni ko‘rib raqiblar qochdi.

Bizga kor qilmaydi yozning chillasi,
El-ulus baraka tuzin totganday.
Vagonlab tashilgan yurtim tillasi
Ortga qaytayotir shoir aytganday.

Ko‘plarga parovoz bo‘ldi-ku mardlar,
Bugun turkiylaram chindan biz taraf.
Turklarimga boshqa kelmasin dardlar,
Bizni birlashtirgan sportga sharaf!

Yangi yurt quryapti yorqin kelajak,
Olimpda ko‘pchilni iydirdi o‘zbek.
Sohibjamol Eyfel – go‘zal kelinchak
Boshiga do‘ppisin kiydirdi o‘zbek.

11.08.2024

Fozil Farhod
Olimpiada kundaligi

BAHODIR


Vatan — daryo, cho‘lim, tog‘ — toshimgacha,
Menga madad bo‘ldi — ko‘ksimda yolqin!
Omonat jonimdan, ko‘z yoshimgacha
Sening olqishingni his etdim, Xalqim!

Otam niyat qilgan Ollohim qodir —
Qulog‘im ostida yangragan azon,
Nur birla yo‘g‘rilgan ismim — Bahodir
...Sezdim,  Bahodirga bo‘lmaskan oson.

Parij, hayron boqma, kim qular behush...
Titrab ketar goho ring arqonlari.
Zarb urgan men emas, bobom Alpomish!
Tomrimda qo‘zg‘olar Alpning qonlari!

Sezaman jonholat men jang ichinda, 
Onam olislarda o‘qiydi duo... 
Kuchliroq kuch bormi ona kuchingdan, 
Sen o‘zing Onamni asragin, Xudo!

Ul zot yuksak erur shonu sharafdan,
Qatra ko‘z yoshiga ming jonim fido! 
Bir nur oqib keldi Surxon tarafdan,
Oz qoldi... 
Yengaman, qo‘llasa Xudo!

...Mana men g‘olibman, 
vujudimda nur —
Har zarbim shashtidan yuragim qalqdi.
Ishonching oqladim, boringga shukr, 
Onamga aylangan mehribon, Xalqim!
     
11.08.2024-y.

Qo‘chqor Norqobil
Olimpiada kundaligi

Ulug‘bek Rashitov yopilish marosimida delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ladi

Bir necha soatdan keyin “Stad de Frans” stadionida Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi boshlanadi. Mazkur tadbirda delegatsiyamiz bayroqdori vazifasini taekvondo WT bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov bajaradi.
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Studiya 24 | Nurboy Jabborov - filologiya fanlari doktori, professor bilan suhbat
Olimpiada ilhomlari 

OLIMP CHO‘QQISIDA O‘ZBEKLAR

Oltinlar shodasi, kumush, birinjlar,
Yog‘ildi – ushalib orzu-ilinjlar.
Medalni yulduzday terar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Keng feʼlin ko‘rsatib, topib bardoshni,
Chetda tashlab qo‘ymas, qo‘llar qardoshni.
G‘oliblik darsini berar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Diyora, Bahodir, Hasan, Ulug‘bek,
Malik, Asad, Laziz ko‘tardi tug‘dek –
Yurt bayrog‘in yuksak ko‘rar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

O‘rnak olar elning ko‘zu qoshlari –
Yangi O‘zbekiston yangi yoshlari.
Vatan sevmoq zavqin surar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar.

Qahramon ajdodlar ruhin shod aylab,
Kimligin eslatib, aslin yod aylab –
Ko‘ksin mag‘rur kerib yurar o‘zbeklar,
Olimp cho‘qqisida turar o‘zbeklar!

11.8.2024


Bobur Bobomurod,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
CHEMPION O‘ZBEKLARIM

“Olimpiada-2024”da g‘alaba qozongan yurtdoshlarimga

Qatordan qolmayin deb ot surib kelgan millat,
Besh xalqaga bir xalqa qo‘shib juft qilgan millat,
Erku eʼzozdan balqib toleyi kulgan millat
Ko‘ksiga shamol tekkan shodumon o‘zbeklarim.

To‘rt yillikning ko‘zlar to‘rt bo‘lib kutgan bahslari,
To‘rt tomondan taralgan hayqirig‘u saslari,
Sport saltanatining eng bahodir, aslari –
Pahlavon Mahmuddayin pahlavon o‘zbeklarim.

“Yo ota!” deb polvonlar kurashdi alplarga xos,
Marsgacha eshitildi yapon qiz tortgan uvvos...
Olimpiya obro‘sin chandon oshirgani rost –
Jahon ichra o‘zlari bir jahon o‘zbeklarim.

Diyora degan gulyuz, guldayin nozik, nafis,
Bir ko‘rganda polvon deb o‘ylaymaysiz shubhasiz...
Lek Vatan shaʼni desa, tog‘ni talqon qilgan qiz,
Jasoratdan yaralgan qahramon o‘zbeklarim.

Atomni zarra deya parvo qilmaganlarga
Hasanboyning zarbasin ko‘zga ilmaganlarga...
Ko‘rsatib qo‘yda takror avval bilmaganlarga,
Qay vatanda joylashgan Andijon o‘zbeklarim.

Asadxo‘ja, Lazizbek farg‘onacha ish qildi,
Farg‘onacha ishini ikkisi ham besh qildi,
Charmqo‘lqopga minglab bolalarni esh qildi,
Mushti qattiq – o‘zlari bolajon o‘zbeklarim.

Ringga chorlab o‘tirmang – shart oltinni bering, bas,
Bahodirning qaddiga devlar qilarmish havas,
Zarbiga turib bermoq odam bolasigamas,
Yanayam ayab urar mehribon o‘zbeklarim.

Turkiyning qarshisiga turkiyni qo‘ydi oxir,
O‘zbek bolasimi yo qirg‘iz o‘g‘limi mohir?
Abdumalik pallasi tosh bosdi biroz og‘ir,
Bayram qildi qirg‘iz-la qadrdon o‘zbeklarim.

Razambek ham finalda olishdi yapon bilan,
Ikkisi ham kurashdi butun tanu jon bilan,
Yutuq qoldi baribir bug‘doyrang polvon bilan,
Kunchiqar yurtdan yurti charog‘on o‘zbeklarim.

Ulug‘bek oltin oldi ikki oyoqda yurib,
Boshi bilan qo‘lini ishga solmasdan turib,
Jarohatu og‘riqni bir dam chekkaga surib,
Matonatdan tikladi soyabon o‘zbeklarim.

Sovrindorlar safi keng – sanasam, doston bo‘lur,
Dostonlarni jamlasam, muazzam devon bo‘lur,
“Shohnoma”sin quchoqlab Firdavsiy hayron bo‘lur,
O‘n besh kunda shunchalik topdi shon o‘zbeklarim.

O‘zbek o‘zi azaldan saxiy bo‘lgan, mard bo‘lgan,
Yutqazsa ham, yutsa ham boshi tik, baland bo‘lgan,
Yuragida “Dunyo tinch tursin!”, degan dard bo‘lgan,
Bu kun tinchlik tufayli farovon o‘zbeklarim.

Parijga borgan necha o‘zbek – qizu o‘g‘londir,
Parijga borgan asli Yangi O‘zbekistondir,
Murabbiy ham muxlisi bir shavkatli sultondir,
Sultoniga yolchigan jonajon o‘zbeklarim.

Eng muhtasham zafarlar oldinda, nasib qilsa,
Boshimiz chiqmay qolar oltindan, nasib qilsa,
Ey, sen dunyo, tayyor tur oldindan, nasib qilsa,
Bo‘lgay har bir bolasi chempion o‘zbeklarim!

11.08.2024

Zohidjon Olov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Olimpiada ilhomlari

* * *

Olimpiada ishtirokchilari va qahramonlariga bag‘ishlayman...


Chapaklar zarbidan titraydi osmon,
Eyfel minorasi ketadi cho‘chib.
Shohsupada g‘olib, mard O‘zbekiston
Madhiya boshlaydi Parijni quchib.

Diyora lol etdi butun olamni,
Yapon sherlari ham tan berdi hatto.
Ko‘z yoshdan oladi Yuta alamni...
Bilolmay qayerda qilganin xato...

Hasanboy, Ulug‘bek, Malik, Bahodir,
Asadu Lazizbek, har biri yakto.
Har biri mardlarim, har biri nodir,
Har biri elimga shon etdi ato!

Faqat... Sitoraga boqmadi omad...
Nogoh Olimpning ham charxi buzildi...
Bu qanday razolat, tengmi kuch, qomat?
Nahot yigit, qizning farqi buzildi?

Bunda ne maʼno bor, ne sir bor dunyo,
Jo‘mard Alpomishing Oybarchin bo‘lmish?
Gender teng deganing shu edimi yo,
Yo, rab, bobom ori yer parchin bo‘lmish?

O‘ksinma Sitora, sen asli g‘olib,
Hammaga ayondir maydondagi hol…
Garchi u bo‘lsada oltinga tolib,
Raqib-la tirlashding, kurashding halol…

Bayrog‘im yuksalar bayroqlar osha,
Yovqur ajdodlarim qonidan meʼros.
Bu shunchaki jangmas, emas tomosha,
Tumaris, Barchinlar shaʼnidan meros...

Kubroning qo‘lida ollangan to‘g‘ni...
Bugun o‘g‘lonlarim ko‘tarar ko‘kka.
Bugun Olimpdagi mashʼala, cho‘g‘ni,
Yulduzdek qadashdi o‘n uch yurakka!

Shahodat Isaxonova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
2024/11/15 08:02:28
Back to Top
HTML Embed Code: