Telegram Web Link
Ma‘rifat ulashib

Toshkent Gumanitar fanlar universitetida mazkur loyiha doirasida taniqli adiblar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv samimiy suhbat, mushoira kechasiga aylandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Baxtiyar Genjemuratov hamda Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi rahbari o‘rinbosari O‘rozboy Abdurahmonov ishtirok etdi.
TA’ZIYA

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzosi, taniqli turkolog va tarjimon Ramiz Asqar 70 yoshida vafot etdi.
Ramiz Asqar 1954-yilda Armanistonning Amasi tumanidagi Azizbek qishlog‘ida tug‘ilgan. 1975-yilda Boku davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1978-yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Uzoq yillar Ozarboyjon ommaviy axborot vositalarida ishlagan. 2002-yildan o‘z ilmiy faoliyatini boshlagan. Boku davlat universiteti turkologiya kafedrasida, ozarboyjon muhojir adabiyoti va badiiy tarjima laboratoriyasida, turkiy xalqlar adabiyoti kafedrasida mehnat qilgan.
2004-yilda “Qutadg‘u bilig” asarining til xususiyatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2009-yilda “Devonu lug‘otit-turk” asarining til xususiyatlari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 150dan ortiq ilmiy maqola, 70dan ziyod kitob chop ettirgan, shularning 54 tasi tarjimadir.
Ramiz Asqar o‘zbek mumtoz adabiyotining fidoyi tarjimoni va targ‘ibotchisi, buyuk mutafakkiri shoir Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini, “Xamsa” dostonlarini to‘liq ozarboyjon tiliga tarjima qilib, Boku shahrida chop ettirgan.
Fidoyi tarjimon ozarboyjon tiliga o‘girgan “Boburnoma” asari 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovg‘a qilingan.
Ramiz Asqar 2020-yil fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy aʼzo etib qabul qilingan. O‘zbek adabiyotini targ‘ib etishdagi xizmatlari, o‘zbek va ozarboyjon adabiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2022-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
U, shuningdek, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga ega. 2014-yilda Ozarboyjonning “Shuhrat” ordeni bilan mukofotlangan. “Turk dunyosi oldidagi xizmatlari uchun” (Turkiya), “Oltin asr” (Turkmaniston), Bobur (O‘zbekiston) mukofotlari, “Madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun” medali (Tatariston) bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi va ko‘p sonli a’zolar Ramiz Asqarning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Millatini ulug‘lagan adib yodi

Bugun Yozuvchilar uyushmasida "O‘lmas qoyalar", "Bo‘z bo‘ri", “Oygul”, “Oq gul” kabi asarlar muallifi, yozuvchi Mamadali Mahmudov (Evril Turon) tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, oila aʼzolari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Kechani uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Tadbirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, yozuvchi Shahodat Isaxonova, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov, shoir To‘ra Mirzo, tilshunos olim Baxtiyor O‘rdabekli va boshqalar so‘zga chiqdi.
— Evril Turon — millatni ulug‘laydigan yozuvchi edi, — dedi Qozoqboy Yo‘ldoshev. — Uning "O‘lmas qoyalar" romanida o‘zbek xalqining qudrati, madaniyati yuksak ekani, "Bog‘don qashqiri" qissasida esa inson ruhiyati aks ettirilgan. U romantik ijodkor. Asarlarida o‘zining mahorati, kuchi va faoliyatini, o‘zbek millatining buyukligini tasvirlashga, yuksalishiga qaratgan edi.
Birinchi kitobi — "Tog‘ ohusi" ocherklar to‘plami 1974-yili chop etilgan. Shundan so‘ng, uning "Bog‘don qashqiri", "O‘lmas qoyalar", "Oy nuri", “Qora do‘lana”, “Bog‘donim”, “Buloqlar”, “Oltin o‘lka”, “Xalq farzandi” kabi ko‘plab nasriy va sheʼriy asarlari nashr qilingan.
— Mamadali aka jurnalistlarga, adiblarga qanday ijodkor bo‘lish kerakligini, asarlarida Vatanga muhabbat qanday bo‘lishini o‘z ijodi orqali tasvirlab, o‘rgatib ketgan buyuk ijodkor edi, — dedi Husan Ermatov. — "Oltin o‘lka" nomli essesini “Ishonch” gazetasining 6 ta sonida eʼlon qildik. Juda ko‘p o‘qirmanlarda qiziqish uyg‘otdi. Bu essemas, balki Vatanga, o‘z yurtiga qasida bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Unda adib Sirdaryo va Jizzax viloyati odamlarining bugungi orzu-umidlarini aks ettirgan edi.
Shuningdek, tadbirda jurnalist Ismat Хushev, professor Sodiq Xoliqulov, shoira Xosiyat Bobomurodova yozuvchining hayoti, kechinmalari, ijodi, asarlarining yozilish tarixi, mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. Adib xotirasiga bag‘ishlangan sheʼrlar o‘qildi. U bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olindi.
Farzandlariga Yozuvchilar uyushmasi va mehmonlar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Kecha davomida Yunusobod tumanidagi 265-maktab o‘quvchilari tomonidan yozuvchi qalamiga mansub "Bir kam dunyo" asaridan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Sanʼatkorlarning kuy-qo‘shiqlari yangradi.

Zulayho Ahmadjonova
Jarayondan suratlar. Muallifi — Rustam Nazarmat.
2024/07/01 03:42:27
Back to Top
HTML Embed Code: