Telegram Web Link
Ertak

SHOXSIZ KIYIKCHA

Eman kavagidagi uyasidan boshini chiqarib, o‘rmonda ovqatlanib yurgan ulkan shoxli kiyiklarni hayiqibgina kuzatayotgan Olmaxoncha gurkirab o‘sgan o‘tlar orasida bo‘yi ko‘rinmay ketayotgan mittigina, belida xollari bor jonivorchani ko‘rib qoldi.
— Hoy, sen kimsan? — deb so‘radi olmaxoncha notanish jonivordan.
— Men kiyikchaman, — deb javob berdi u ingichka-ingichka oyoqlarida zo‘rg‘a turganicha.
— Sirayam kiyikka o‘xshamaysan-ku? — deb ajablandi Olmaxoncha. — Kichkinaligingni qara! Buning ustiga kiyiklarniki kabi ulkan shoxlaring ham yo‘q.
— Men yaqinda tug‘ilganman, shuning uchun shoxlarim yo‘q, — dedi Kiyikcha. — Lekin ko‘p-ko‘p ovqat yesam, tez katta bo‘laman, o‘shanda shoxlarim o‘sib chiqadi. Oyim shunday deganlar...
— Ha-a, agar oying shunday degan bo‘lsa, unda ishonaman, — dedi Olmaxoncha. — Chunki oyilar hech qachon yanglishishmaydi.

Gulnoz Tojiboyeva,
bolalar yozuvchisi
Munosabat

EHTIROMU EʼZOZLAR  ETADI DAVOM

   Muhtaram Prezidentimizning  o‘tib ketgan buyuk mutaffakurlarimiz, taniqli shoir va yozuvchilarimizning ijodiy faoliyatlariga  g‘oyat katta eʼtibori tufayli har yili ularning xotiralari eʼzozlanib, yubiley sanalari munosabati bilan tadbirlar tashkil qilinib borilishi anʼanaga aylanganki, buni faqat ehtiromu eʼzozning yuksak namunasi, deb baholash mumkin. Shuningdek, u kabi zotlarning ruhi poklari oldidagi hurmatimiz nishonasidir.
“Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident Qarori imzolanganligi mamlakatimizdagi barcha ijod ahlini birdek quvontirdi. Alohida taʼkidlab aytishim mumkinki, qoraqalpoq  xalqi bilan  o‘zbek xalqi  azaldan qondosh-jondosh bo‘lib, bir zaminda bir maqsad yo‘lida ahil-inoq yashab keladi. Shuning uchun ularning to‘yi ham, o‘yi ham bir jips xalqdir. Ajiniyoz ijodi va uning asarlari ham hammamiz uchun qadrli va sevimli. Ajiniyoz nomi o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari nomi qatori tilga olib kelinadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, Ajiniyoz hammamizga meros sifatida qoldirib ketgan asarlarida Vatanga bo‘lgan sadoqat va muhabbat, milliy qadriyatlar tarannumi yuksak mahorat bilan kuylangan.  Shuning uchun ham Prezidentimiz qarori biz ijodkorlar uchun, shuningdek, yosh avlod uchun ham juda ahamiyatli.    
     Qarorga ko‘ra, shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plami o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilinishi, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarning qayta chop etilishi va ularning taqdimotlari o‘tkazilishi, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmi yaratilishi, Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakat yosh ijodkorlarining tanlovi, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovi o‘tkazilishi va boshqa katta-katta tadbirlar hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirilishi diqqatga sazovordir.

Jumanazar Anorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyat kunlari

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Qirg‘iziston madaniyati kunlari doirasida «O‘zbekiston va Qirg‘iziston madaniy aloqalari: umumiy qadriyatlar, hamkorlik tarixi va istiqbollari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston fan, adabiyot va sanʼat sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo va Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari Timurlan Ajimaliyev ochib berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning saʼy-harakatlari natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilayotganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Dastavval, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovga Timurlan Ajimaliyev Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasining faxriy akademigi guvohnomasini topshirdi.
Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, Qirg‘iziston davlat tili va til siyosati milliy komissiyasi raisi Melis Murataliyev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, Qirg‘iziston xalq rassomi Talay Usubaliyev, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Qirg‘iziston Kinochilar uyushmasi raisi Talay Qulmendeyev, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Iroda Dadajonova va boshqalar o‘zbek va qirg‘iz madaniy hamkorligining istiqbollari va kelajakda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalar haqida to‘xtaldi.  
-“Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 jildi qirg‘iz adabiyotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda qirg‘iz adabiyotining mumtoz vakillaridan to bugungi kunda faol ijod bilan shug‘ullanayotgan shoir va yozuvchilarigacha qamrab olingan, - dedi “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati direktori Zuhriddin Isomiddinov. - Tugalboy Sidiqbekovning “Ko‘k yalov”, To‘lan Jo‘ldo‘shiyevning “Manas”, Qosim Sulaymonovning “Vahshiylar saltanati” romanlari majmua uchun maxsus tarjima qilindi. Majmuaga kiritilgan asarlardan qirg‘iz ijodkorlari Murza G‘aparovning qissa va hikoyalari, Tugalboy Sidiqbekov, Sabir Burqashev, Qosim Sulaymonovlarning romanlari O‘sh viloyatida istiqomat qiluvchi o‘zbek yozuvchilari tomonidan tarjima qilib berildi.
O‘zbek va qirg‘iz xalqi o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari esa asrlarga borib taqaladi. Bu do‘stlik ikki xalqning adabiyotida, sanʼatida aks etib keladi. G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Abdulla Oripov kabi zabardast adib va shoirlarimizning asarlari Qirg‘izistonda, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev, Murza G‘aparov singari iqtidorli yozuvchilarning kitoblari O‘zbekistonda sevimli bo‘lib ketgani shundan dalolatdir.
- Yurtingizda bo‘lib o‘tayotgan Qirg‘iziston madaniyat kunlari ikki davlat o‘rtasidagi barcha sohadagi aloqalarni yana-da mustahkamlanishiga zamin yaratadi, - dedi qirg‘izistonlik rejissyor Ortiqboy Suyundiqov. - Bu ikki xalq ijodkorlari asarlarini, kinofilmlarini o‘zbek va qirg‘iz tillarida hamda o‘zbek tilida ijod qiluvchi qirg‘izistonlik shoir va yozuvchilar asarlarini O‘zbekistonda targ‘ib qilish ishlarini yana-da faollashtirishga imkon beradi. Maqsadimiz qirg‘iz filmlarini o‘zbek tomoshabiniga yana-da kengroq tanishtirish.
Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari, hamkorlik aloqalari aks etgan videorolik namoyish qilindi. Mehmonlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyini tomosha qildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Qirg‘iziston madaniyat kunlaridan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Qirg‘iziston madaniyat kunlaridan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
2024/09/25 01:37:57
Back to Top
HTML Embed Code: