Telegram Web Link
Yangi kitob

EZGU NIYAT

Poytaxtimizda joylashgan 1-sonli “Muruvvat” internat uyi o‘quvchisi Hasan Asrayevning bu maskandagi o‘rtoqlaridan eng katta farqi shundaki, u so‘zga, adabiyotga muhabbat qo‘ygan ko‘ngil egasi. Uning yozganlarida to‘kis bir inson nigohini tuyish mumkin. Bu yosh qalamkashning iroda quvvati nechog‘li kuchliligidan darak.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Hasan Asrayevning so‘zga oshno tutinib, qog‘oz qoralashining o‘ziyoq kishida katta umid uyg‘otadi. Negaki, u hali yosh, tengdoshlari orasida faolligi bilan ajralib turadi.
She’riyat yo‘lida ma’lum yutuqlarga erishishi uchun hali ko‘p izlanishi, ustoz ijodkorlarimiz asarlarini o‘qib-o‘rganishi, ko‘proq kitob o‘qishi kerak bo‘ladi. Biroq, eng muhimi shuki, uning ijodda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga qilayotgan uzluksiz harakati. Hayotga, zamon va makonga oshiqu shaydoligi.

Mas’ul muharrir: Sirojiddin Sayyid
Nashr uchun mas’ul: Muhiddin Abdusamatov

Nashriyot: "Adabiyot"

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Bugun shoir Abduvali Qutbiddin tug‘ilgan kun. "Vatanparvar" gazetasida shoir ijodiga bag‘ishlangan maqola e'lon qilindi.
TAKLIFNOMA

2024-yil 25-iyun kuni soat 15.00da O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari nomzodi, professor Boybo‘ta Do‘stqorayev xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan “Boybo‘ta Do‘stqorayev zamondoshlari xotirasida” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Manzil: O‘zDJTU Bosh binosi, 7-qavat, 718-xona.
Tadbirga barchani taklif etamiz.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Adabiyotni sevgan adiba

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli adiba Dilshoda Saidolimova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha hamda “Urushdan qaytmagan bolalar” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni uyushma raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid olib bordi. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva, yozuvchilar – Shahodat Isaxonova, Maʼsuma Axmedova, noshir Shohida Sobirova so‘zga chiqdi.
– Dilshodaning ijodida nazmga nisbatan nasrga moyillik kuchli, – dedi Qutlibeka Rahimboyeva. – Uning qatralarida hikoya qilishga arzigulik falsafasi bor. "Urushdan qaytmagan bolalar" asaridan o‘rin olgan hikoyalarida urushda qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek o‘g‘lonlarining armonlari, jarohatlari va yillar malhami aks etgan.
Ijodkorning “Umidim” nomli ilk sheʼrlar to‘plami 1980-yilda chop qilingan. Shundan so‘ng, uning “Sen mening quvonchimsan”, “Qizlar”, “Kichkina ammam”, “Xayolim guli” kabi hikoyalar va sheʼrlar to‘plamlari o‘quvchilar qo‘liga tegdi. Yozuvchining yangi kitobi insonlar va ularning hayot yo‘llari haqida hikoya qiladi. Asar qahramonlari eng chiroyli fazilatu xislatlari bilan qalbga kirib boradi. “Ijod nashr”da chop qilingan mazkur kitobga Orzuqul Ergash muharrirlik qilgan.
– Dilshoda bilan adabiyot olamiga ketma-ket kirib kelganmiz, – dedi Shahodat Isoxonova. – U nazmda ham, nasrda ham insoniy tuyg‘ularni chiroyli tasvirlaydi. Yangi asarida ham bolalarga bo‘lgan mehr, uning kechinmalari aks ettirilgan. Urushning dahshatli fojiasini oddiygina jumlalarda juda taʼsirli qilib yozgan.
Taqdimot davomida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi 36-maktab o‘quvchilarining chiqishlari namoyish etildi. Yozuvchining izlanishlari, asarlarining mohiyati, hayot yo‘llari haqida fikrlar bildirildi. Yig‘ilganlarga ijodkor yangi kitobini ulashdi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibaga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zulayho Ahmadjonova
Taniqli adiba Dilshoda Saidolimova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha hamda “Urushdan qaytmagan bolalar” kitobining taqdimotidan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
Taniqli adiba Dilshoda Saidolimova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha hamda “Urushdan qaytmagan bolalar” kitobining taqdimotidan fotolar.

Muallif – Ahmad To'ra.
O‘ZBEK-QOZOQ ADABIY ALOQALARI YO‘LIDA

   O‘zbeklar va qozoqlarning ko‘p asrlik o‘zaro aloqalari ularning madaniyati, avvalo, og‘zaki ijodida va adabiyotida o‘z aksini topgan.
   Qozoq xalqi Navoiyni yaxshi biladi. Navoiy ijodi Abayda katta taassurot uyg‘otgan. U qozoq adabiyotining Sharq, shu jumladan, o‘zbek adabiyoti bilan aloqalari kengayishida katta o‘rin tutdi.
   XIX asrning ikkinchi yarmidan maʼrifatparvarlik g‘oyalari keng tarqaldi. Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Abay Qo‘nanboyev, Ibray Altinsarinlar ijodida bu g‘oyalar o‘zining chuqur ifodasini topdi. Bu adabiy aloqalar bugun yangi bosqichga ko‘tarildi.
   O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashdi.
   Unda uyushma raisi o‘rinbosarlari Minhojiddin Mirzo, G‘ayrat Majid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, uyushma a'zolari Nikolay Ilin, Serekbay Usenov, Aqchagul To‘legenova, Salim Ashur, Rustam Musurmon, Risolat Haydarova, Tursunali Ahmedov va boshqalar ishtirok etdi.
   — 2021-yilda Alisher Navoiyning "Layli va Majnun" hamda "Saddi Iskandariy" dostonlarini Qozog‘iston davlat mukofoti sovrindori, taniqli qozoq shoiri Nesipbek Aytuli o‘zbek tilidan qozoq tiliga tarjima qildi hamda ushbu asarlar ko‘rkam kitob holatida qozoq va o‘zbek tillarida nashr etildi, — dedi Sirojiddin Sayyid. — 2021-yilda Abayning “Tarbiya so‘zlari” kitobi Qozoqboy Yo‘ldoshev, Ibodulla Mirzayev tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik asarlar majmuasining 10 ta jildi qozoq adabiyotiga bag‘ishlangan bo‘lib, undan Abay, Jambul kabi qozoq mumtoz shoirlari bilan birga Qalmaqon Abduqodirov, Sobit Muqonov, O‘ljas Sulaymonov, Anvar Olimjonov kabi taniqli qozoq shoir va yozuvchilari asarlari o‘rin olgan. Bu majmuani tayyorlashda Tursinali Ahmedov, Ergash Abduvalitov, Muzaffar Ahmad kabi ijodkorlarimiz katta mehnat qildi. Aytish kerakki, ushbu majmuaning qozoq adabiyoti bo‘limini tayyorlashda qator o‘zbek ijodkorlari ham faol ishtirok etishdi. Ular orasida Yangiboy Qo‘chqorov, Alimurod Tojiyev, Ahmadjon Meliboyev, Muhammadsiddiq Rahmatov, Maʼmura Zohidova ham bor.
   2022-yil 16-18-oktyabr kunlari Parkent tumanida Markaziy Osiyo mamlakatlari ijodkor yoshlarining seminari bo‘lib o‘tdi. Unda qozog‘istonlik yosh ijodkorlar ham qantashdi.
   Qozog‘istonning “Tan-Sholpan” (“Tong yulduzi”) jurnali 2023-yilni “O‘zbek adabiyoti yili” deb belgilagan. Shu munosabat bilan jurnal yil bo‘yi o‘ttizdan ortiq o‘zbek zamonaviy adabiyoti vakillarining asarlaridan namunalarni qozoq tiliga tarjima qilib chop etdi. Unda yozuvchilar  Xayriddin Sulton, Xurshid Do‘stmuhammad, Nabi Jaloliddin, Uyg‘un Ro‘ziyev, Zulfiya Qurolboy qizi, Shoyim Bo‘tayev, Normurod Norqobilov, shoirlar Eshqobil Shukur, Farida Afruz, Zulfiya Mo‘minova, Rustam Musurmon, Muhiddin Omon, Halima Ahmad, Salim Ashur, Shodmonqul Salomlar kabi ijodkorlarning asarlari bor.
   “Tan-Sholpan” jurnali adabiy-badiiy nashr bo‘lib, ikki oyda bir marta 10 ming nusxada Olmati shahrida bosiladi.
   Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi bilan tuzilgan yangi kelishuvga ko‘ra, 52 nafar yozuvchi va shoirimizning romanlari, hikoya va sheʼrlari, bolalar uchun yozgan asarlari alohida kitob holida chop etiladi.
   Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi adabiy aloqalarni bundan-da rivojlantirish va bu yo‘ldagi aniq taklif-rejalar o‘rtaga tashlandi. Fikr-mulohazalar bildirildi. Mumtoz va eng yorqin zamonaviy asarlarni o‘zbek-qozoq tillariga tarjima qilish, chop ettirish hamda adabiy hamkorlik uchrashuvlarni yana-da kengaytirish masalalarida kelishib olindi.
   Uchrashuvdan so‘ng elchi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyini tomosha qildi, durdona asarlar, ijodkorlar haqidagi ma’lumotlar va eksponatlar bilan tanishdi.

Fozil Farhod,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i
2024/09/22 05:26:25
Back to Top
HTML Embed Code: