Telegram Web Link
Assalomu alaykum!

Barchaga Ramazon Hayiti muborak bo'lsin! Allohim hammamizni keyingi Hayitlarga ham safimizdan kam qilmay yetkazsin! Oilangizga tinchlik, ishlaringizga baraka tilayman!

@panda_books
Toshkentda yangi foydalanishga topshirilgan, zamonaviy haytek uslubida bunyod etilgan masjid.
#haqida

Ibn Sino haqida bilmagan haqiqatlarimiz

Keling, bugun siz bilan “Islom oltin davri”ning eng kuchli vakili va zamonaviy tibbiyotning otasi hisoblanmish – Ibn Sino yoki butun dunyoda Avitsenna deya mashhur bobomizni eslasak.

Xo'sh, nega Ibn Sinoni bunchalik sevish kerakligini tushunishingiz uchun atigi bir necha faktlarni keltirib o'taman. Avvalo, Ibn Sino qomusiy olim edi. Bu oddiy tilda aytganda, o'z davrining geniysi degani, ya'ni u deyarli barcha sohalar rivojiga katta hissa qo'shib ketgan.

Birinchidan, u matematika yordamida dunyoda birinchi bo'lib Xudoning borligini isbotlaydi. Men tafsilotlarga to'xtalib o'tirmayman, o'zingiz bemalol Googledan "Cosmological argument of Avicenna" deb qidiring, u yerda hammasi haqiqatan ham mantiqiy va chiroyli tarzda tushuntirilgan.

Ikkinchidan, Ibn Sino oʻzining qatʼiy dindorligiga qaramay, yunon va nasroniy faylasuflarining asarlarini yaqindan oʻrgangan, ularni rivojlantirgan va kelajak sivilizatsiyalar uchun saqlab qolgan. Bu uchun u o'z vatandoshlari tomonidan qattiq ta'qib qilingan va ​​kamsitilgan. Ammo bu normal holat – eng aqlli, iste’dodli va erkin fikrlovchi odamlar hamisha o‘z yurtdoshlari tomonidan haqoratlanadi va xo‘rlanadi. Ammo Ibn Sino va arab kutubxonachilari tufayligina biz hali ham Platon va Aristotel kimligini bilamiz. Shuning o'zi ham katta e'tirofga arziydi.

Uchinchidan, zamonaviy tibbiyotdan tashqari, Ibn Sino amalda zamonaviy geologiya, mexanika, psixologiya, astronomiya va kimyo fanlarini yaralishiga tamal toshlari qo'ygandi. Aynan, u tufayli biz kasalliklar qanday paydo bo'lishi (shu jumladan, ruhiy kasalliklar) va ular bilan qanday kurashishni tushundik. Very cool!

Yana bobomiz ajoyib she’rlar ham yozgan. Shunchaki, quyidagi satrlarga e'tibor bering:
Shul xoki siyohdin to avji Zuhal,
Har nechaki mushkilot erur, etdim hal.
Ochdim necha zanjir — zanjiri makru hiyal,
Yechdim necha bir tugun, magar qoldi ajal.


Xullas, butun dunyo Avicenna deya biladigan Ibn Sino bobomiz bilan bemalol faxlansak arziydi. Lekin faqat faxrlanib qolmasdan, balki uning ijodiy merosini puxta o'rganishimiz kerak. Chunki biz hali ham u yerdan juda ko'p foydali narsalarni topishimiz aniq.

@panda_books
​​​​Mashhur rus aktyorlaridan biri hali shuhrat cho'qqisiga chiqmagan kezlari, o'zining ilk xorijiy gastroliga chiqadi.

Mehmonxona. Tungi darbon xona kalitini uzatadi. U tepaga ko'tarilib, o'ziga atalgan eshikni ochib kiradi. Qarasaki, xona nihoyatda kichkina: yotoq, shkaf va hammom. Bor-yo'g'i shu.

Ammo aktyor kechagi talaba, hali yulduzlik kasaligiga chalinmaganligi sababidan shikoyat qilib o'tirmaydi. Undan tashqari, o'zi bilan deyarli hech narsa ovomagandi. Shuning uchun hammasi joyida deya tasalli beradi. Faqat bitta yomon tarafi: xonada deraza yo'q edi. Mayli, hechqisi yo'q.

Gastrol bir hafta davom etadi. Butun hafta davomida u erta ketib, kech qaytadi. Lekin har safar mehmonxona xodimlari unga qiziqish bilan qarashardi.

"Men taajjublanib degan bo'lardim", deydi aktyor.

Bir kuni u chiqib ketayotib, oqsoch ayolga duch keladi. U qo'llarini silkitgancha: “Big! Big!", deya tepaga ishora qiladi, lekin qahramonimiz ko'zlarini kamtarona ohangda pastga qaratib: "Senkyu" deya pichirlab, tez-tez yurib ketadi. U hali ingliz tilini yaxshi bilmasdi.

Jo'nab ketar kuni ertalab, u xonani qabul qilib olishlari, mabodo ilgich yoki shippaklarni o'g'irlanmaganligini tekshirishlari uchun mehmonxona darboni va oqsochni chaqiradi. Birozdan keyin asta taqillatib, jilmaygancha hodimlar ham kirib kelishadi.

Keyin esa hayratlanarli voqealar yuz beradi: darbon shkaf eshigini ochadi va... ichiga kiradi. Ma'lum bo'lishicha, bu umuman shkaf emas, balki panoramali derazalari bo'lgan ulkan lyuks xonaga kirish eshigi bo'lib chiqadi. Buni biror marta tekshirib ko'rmagan aktyor butun hafta davomida xona kiraverishida yashayvergandi!

Aslida u bu dahlizdan ko'ra ko'proq narsaga loyiq ekanligini xayoliga ham keltirmagandi. Gastrol so'nggiga qadar, u oyoq kiyimlari uchun mo'ljallangan tor kushetkada yotib yurgan, hatto o'zini ikkita sviterini baribir g'ijim bo'lmaydi deya shkafga ilibam qo‘ymagandi.

Aktyor bu voqeadan keyin qanday qilib ulkan xona qarshisida o‘tirgancha, shunday qulay sharoitda yashash imkoniyatini qo'ldan boy berganidan pushaymon bo'lib yig'lagani va o'zi ustidan kulgani haqida so'zlab beradi.

Inson o'zining yaxshirog'iga loyiq ekanligini doim ham bilavermaydi.

Men bu voqeani eshitganimda, ko'pchilik shu aktyor kabi hayot yo'laklarida yashayotgani haqida o'yladim. Shundoq yonginasida, shkafi ortida butun dunyo yoki hashamatli hayot unga atalganidan bexabar yashab yurgan insonlar qancha?

Biz izlamaymiz, eshiklarni ochmaymiz, bizda oldindan boriga qanoatlanamiz.

Biz eshkak eshish o'rniga qachon to'lqinlar bizni qirg'oqqa chiqarib qo'yishini kutamiz. Shundan keyin ham siz aniq "oh, men aynan shu yerga bormoqchi edim!" deya olasizmi?

Biz aslida nima xohlayotganimizni bilmaymiz. Uni topishga harakat ham qilmaymiz. Biz shunchaki taqdir sovg'alarini qabul qilib, hayot to'lqinlari uzra passiv suzamiz. Lekin axir istasak, o'z orzuyimiz tomon eshkak eshish, yelkanlarni shishirib, yo'lovchi shamolni ushlashimiz mumkin.

Ha, bor narsamiz uchun shukrona keltirishimiz lozim, biroq bu o'zingiz uchun atalganini izlash mumkin emas degani emas.

Hayot - bu kvest. Javoblarni topish uchun barcha eshiklarni ochmoq kerak. Kalit esa shaksiz ulardan birining ortida yashirin. Bu kalit esa o'z navbatida, boshqa bir eshikni ochadi.

Siz hali yana izlashingiz lozim bo'lgan yana bir eshik...

Olga Savelyevadan Panda Books tarjimasi.

@panda_books
​​Gagarin

1961-yil 12-aprel — Sovet Ittifoqi Qahramoni Yuriy Alekseevich Gagarin jahon tarixidagi birinchi kosmik parvozni amalga oshiradi. O'sha ajoyib kunda "Комсомольская правда" gazetasi jurnalisti Birinchi Kosmonavtning kvartirasiga tashrif buyuradi va quyidagilarni yozadi:

"Oddiy ko'cha, oddiy uy, beshinchi qavatga olib chiquvchi oddiy zinapoya. Qo'ng'iroqcha tugmasini bosamiz. Eshikni oddiygina ayol ochadi...

Ikki xona, oshxona. Gulqog'oz yopishtirilgan devor, pardalar, kitob javoni, dumaloq stol. Televizor, priyomnik. Bu kvartirada priyomnik va televizor o'chmaydi. Hozir butun dunyo Gagarinni tinglayapti. Butun dunyo uni o'ziniki deb biladi. U — Yer O'g'li, Yer uni eshitadi va kutadi. Bu xonadonda uning xotini va ikki farzandi: Lena va Galya. Ayolining ismi Valya. Biz uni tabriklaymiz. U xijolat tortadi, quvonadi va tashvishlanadi...
"Dadajon," deydi kichkina Lena olma chaynashni to'xtatarkan...

Dumaloq stolda - uchta fotoalbom yotibdi. Mana, u kalta shim kiygan bolakay, bor kuchi bilan daryo tomon yuguryapti. Surat Smolens viloyatida, tug'ilgan qishlog'ida olingan. Mana, u maktabdagi do'stlari orasida, sochida ozgina jingalagi bo'lgan quvnoq bolakay. Ota-onasining fotosurati. Mana, u o'qituvchining yonida. Mana, xijolat bo‘lib, balki umrida birinchi bor galstuk taqayotgan bo‘lsa kerak, kolxoz bolasi...

Albomning yana bir sahifasi. Fotoda katta guruh odamlar. Surat sarlavhasida “Saratov sanoat kolleji. 1955-yil bitiuvchilari." yozuvi. Yuzlab yosh chehralar orasida biz tanish yozuvni topamiz: Yuriy Gagarin. Xuddi shu sahifada yana bir fotosurat bor: Yuriy samolyot qanotida o'tiribdi. Kimgadir qo‘lini silkitayapti, xuddi juda kulgili gap aytgisi kelayotgandek...

Gagarin... Endi bu oddiy ruscha familiyani necha bor chaqirishadi? Mayor Gagarin. Ayoli uchun - u shunchaki Yura. Lenochka uchun esa u shunchaki "Dadajon". Yer esa uni O'g'lim deb ataydi va umrbod faxrlanadi."


@panda_books
Трава У Дома
Виа Земляне
Бугун космонавтика куни🛰🚀
@pandas_playlist
​​#review #taqriz

📗Skott Karni"Qizil bozor: Inson tana a'zolari savdosi qanday tuzilgan"

Inson skeleti nechi pul turadi va haqiqiysini qanday olishadi? Qon va soch shunchalik talabgir tovarmi? Hind ayoli o'z buyragini sotgani uchun nega buncha kam haq oladi? Dunyo bo'ylab ayollar qayerda sifatli EKO qildirashadi? Umuman, inson tana a'zolari savdosi qonuniy va etikaga to'g'ri keladimi? Shu kabi savollarga bu kitobda javob berishga harakat qilingan.

Ma'lumki, insoniyat so'nggi 50 yilda tibbiyot olamida mislsiz yutuqlarga erishdi. O'rtacha umr davomiyligi uzaydi, ko'pgina kasalliklarga da'vo topildi. Va yana bir narsa - inson organlarini ko'chirib o'tkazish ommalashdi. Bu ishdan chiqqan organni almashtirib, odamlarni muqarrar o'limdan saqlab qolish imkoni deganidir. Bunday holatni boshidan o'tkazgan yoki yaqinlarida shunday holat bo'lganlar oramizda topilishiga aminman.

Inson - dunyodagi eng qadrli tovar. "Qizil bozor" esa inson a'zolari, skeleti va hatto tirik bolalar sotiladigan bozorga aytiladi. Agar inson to'rt muchasi sog' bo'lsa, uning tanasi barcha a'zolari bilan $250 ming dollar atrofida turarkan. Qon esa insondagi eng ko'p sotiladigan tovardir. Qizil bozor haqida shu yerda to'liq yozganman.

Mana bu yerda esa kitobdan eng muhim joylarni belgilab ketgandim, o'qib chiqarsiz. "Qizil bozor" kitobini o'qirkanman, u daf'atan mening oldimda ancha qiziqarli va dahshatli statistikalarni oshkor qildi. Bu har qanday odamni o'ylantirib qo'yishi shubhasiz.

Kitob yengil emas. Ko'tarilgan mavzu esa dolzarb. Hech kim mening hayotimda bunday voqea bo'lmaydi deya ayta olmaydi. Lekin shu bilan birga, inson bilan bog'liq tajribalar va amaliyotlar to'g'ridan-to'g'ri insoniyat taraqqiyotining muhim sohalari rivojiga xizmat qilsa, ayni damda u yuksak axloqiy va diniy qadriyatlar bilan kuchli qarama-qarshilikka kirishadi. Ba'zi masalalarda ular o'zaro murosaga kelishgan bo'lsa, ayrim joylarda kelisha olishmaydi.

Nima qilish kerak? Masalan, inson tana a'zolarini ko'chirib o'tkazganda, doktorlar ko'pincha qabul qiluvchiga donor kimligini aytishmaydi. Xo'sh, qayerdan bilamiz, organni donor o'zi rozi bo'lib berdimi yoki zo'rlik qilinganmi? U kim? qayerdan?.. bunday savollar o'ylantirib qo'yadi. Bunga din va axloq nima deyishi ham bor.

Kitobni, eng avvalo, doktorlikka o'qiyotgan yosh o'g'il-qizlar, tibbiyot sohasidagi ziyoli insonlarga tavsiya qilardim. Chunki ular kelajakda bizning yurtda inson hayoti kabi o'ta aziz va muhim masala yuzasidan qaror qabul qilishlariga to'g'ri keladi. Shuningdek, kitobni bizni o'rab turgan olamdagi ko'pgina qorong'u va tor ko'chalarida bo'layotgan qora ishlarga befarq bo'lmagan har qanday inson o'qib chiqishini istagan bo'lardim.

Ha, dunyoda biz eshitishni yoqtirmaydigan narsalar bor - ulardan biri aynan, inson tana a'zolari savdosi. Chunki qanchalik ko'p narsa bilarkanmiz, ko'z oldimizda shuncha ko'p achchiq haqiqatlar oshkor bo'laveradi. Kitobni ochib o'qishni istaydiganlarga aytar so'zim:

Mutolaadan keyin sira oldingidek bo'lmaysiz. Bu aniq.

@panda_books
Winter is coming...!

"Zabarjad Media" nashriyoti o'zbek tilida chop etilayotgan Jorj Martinning mashhur "Taxtlar o'yini" fentezi romani muqovasi qanday bo'lishini taqdim qildi.

Baho beramiz.

Yoqdi - 🔥
Yoqmadi - 🕊

@panda_books
Bugun kechasi Eron Isroilga de fakto urush boshlabdi.

Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga uyushtirgan hujumiga javoban Eron o'z ballistik va qanotli raketalaridan yahudiy mamlakati hududiga zarba bermoqda. O'z navbatida, Isroil mudofaasi (Temir Gumbaz) to'liq jangovar tartibda. Shuningdek, Isroil Livanga ham hujum qilayapti. AQSh esa Isroilni qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Yaqin orada Bayden murojaat bilan chiqsa kerak.

Yaqin Sharq masalasi to'liq boshi berk ko'chaga kirib bo'ldi. Agar Eronni qo'llaydigan (musulmonlarni) kuchlar yakdil bo'lsa, jang ancha cho'zilishi aniq. Endi Eronni to'xtatish mushkul bo'ladi. Bu bora-bora to'liq Jahon urushiga aylanib ketadimi, yo'qmi – bunisi endi vaqt masalasi.

@panda_books
Eronning BMTdagi doimiy vakili:

“Biz Damashqqa hujumdan so‘ng BMT Nizomining 51-moddasiga (o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida hujum qilish) muvofiq, sionistik rejimga zarba berdik. Masala hal, lekin Isroil rejimi yana xatoga yo‘l qo‘ysa, Eronning keyingi munosabati ancha qattiq bo‘ladi. Bu Eron va Isroil rejimi o'rtasidagi ziddiyat, AQSh bundan masofa saqlashi kerak."

@panda_books
Nassim Taleb:
Bosqinchining farzandi o'ldirilsa: "Terrorizm".
13,000 ta falastinlik bolakaylar o'ldirilsa: "O'zini mudofaa qilish".


G'azo genotsidini tan olmaslik, afsuski, G'arbdagi axloqiy tanazzulning eng ayanchli oqibati bo'lib qolsa, ajabmas.

@panda_books
​​#haqida

Zeitgeist

Oramizda "Taxtlar o'yini" serialini ko'rmagan yoki ushbu fentezi romanlarni o'qimaganlar bormi? Nahotki?! Agar yo'q bo'lsa, unda siz bilan gaplashadigan gapim yo'q. Rostan. Chunki siz bizning zamonimizdagi insonlarni o'zaro birlashtirib turishi mumkin bo'lgan eng katta intellektual asarlarning biridan bexabarsiz.

Bilasizmi, ilm-fanda Zeitgeist degan atama mavjud. Agar uni o'zbekchaga o'girsak, tahminan "Davr ruhi" yoki "Intellektual moda" degan ma'no chiqadi. Ularga daxldor bo'lmaslik qiyin. Bu xuddi Navoiyga zamondosh bo'lib turib, uning she'rlarini o'qimagan yoki 80-yillarda yashab, hofiz Sherali Jo'rayevning ashulalarini tinglamagandek gap. Istaysizmi yo'qm, ziyoli ommaga bunday zeitgeist lozim.

Ha to'g'ri, "Taxtlar o'yini"dan zo'rroq seriallar, Navoiydan yaxshiroq shoirlar bo'lishi mumkin. Lekin bular allaqachon jamiyatimizga singib borganki, ularni chetlab o'tish ilojisi yo'q. Undan tashqari, "Taxtlar o'yini"ni ko'rish/o'qish uchun yetarli sabablar ham bor.

Avvalo, Jorj Martin - "krutoy" yozuvchi. Butun dunyo undan o'zining navbatdagi romanini yozib tugatishini kutayapti, unga esa pofig, 10 yildan beri bir satr ham yozgani yo'q. "Taxtlar o'yini" siklini tugatolmay o'lib ketsa ham ajablanmayman. Tarixda sanoqli yozuvchigagina bunday shon-shuhrat nasib qilgan.

Ikkinchidan, "Taxtlar o'yinida"gi yagona xayolot mahsuli - bu ajdarlar, xolos. Qolgan hamma narsa reallikdan olingan. Bu yerda hayotimizdagi deyarli barcha muhim elementlar birlashgan: Siyosat va seks. Oila va biznes. Ehtiros va sovuqqonlik. Ahmoqlik va donolik. Immigratsiya va feminizm. Iqlim o'zgarishi va urushlar. Omma psixologiyasi. Fojealar. Johillik. Yaxshilik va yomonlik. Sadoqat va xiyonat.

Yana serialdagi siyosiy voqealar go'yo postsovet davlatlar tarixiga o'xshab ketadi, uni tomosha qila turib, o'zingizga tanish nimanidur topolmasligingiz mumkin emas.

Yana bir qiziq jihati shundan iboratki, "Taxtlar o'yini" serialini umuman tomosha qilmagan tarjimon uni o'zbek tiliga o'girib bo'ldi. Buni amalga oshirishda katta ishlar qilindi. Va yaqin orada bu katta epopeyaning ilk romani o'zbek tilida chop etiladi.

Nihoyat, sizning ham Davr ruhiga daxldor bo'lishingizga oz fursat qoldi. Think about it. Join Us.

@panda_books
Ikkinchi Rim

1453-yilda Konstantinopolni mahv etgan fotih Mehmet II o'zini yangi Rim Imperatori deb e'lon qilgan va rasman "Qaysari Rum" (Rim Sezari) rutbasini olgan.

Shahar nomi ham o'zgarmagan. Faqatgina 1930-yilga kelibgina shahar rasman Istanbul nomini oladi. Shu sababdan ko'plab adabiyotlarda bekorga ushbu shaharni "Ikkinchi Rim" deyishmaydi. (Uchinchi Rim - Moskva).

Bu orqali Rim Imperiyasi nafaqat xristianlar tarixida, balki musulmon olamida ham qanchalik katta rol o'ynaganini bilishingiz mumkin.

Manba H. Inalcik va D. Quataert'ning "Economic and Social History of the Ottoman Empire" kitobidan.

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Lyu Sizin — "3 Jism Masalasi" (Three Body Problem)

Aytish lozimki, mendagi ilmiy-fantastik kitoblarga bolalikdan boshlangan qiziqish hozirgi shaxsiyatimni shakllanishiga katta hissa qo'shgan omillardan biri desam mubolag'a bo'lmaydi. Va bu hozirga qadar davom etib kelayapti.

Ilmiy-fantastikaning maqsadi — reallikka bog'lanib qolish emas, aksincha tasavvurimizda go'zal xayoliy olamlar yaratishdir. Hayotimizdagi eng ajoyib ertaklar — bu ilm-fan bizga ochib beradigan hikoyalardir. Aslida romanlar yoki dramalardan ko'ra, ilm-fan bizga so'zlab beradigan voqealar muhtashamroq, buyukroq, qiziqarliroq, g'aroyibroq, sirliroq, qo'rqinchliroq va his-hayajonga boyroqdir.. Ilmiy-fantastika o'qimaydigan kitobxon buni his qilishi qiyin.

Albatta, bunday o'ylab qaralsa, bashar ahlining eng ulkan xavotirlari doimo olis fazodan bo'lgani sir emas, Biz doimo tungi osmonga huzur bilan termular ekanmiz, ba'zan ich-ichimizdan "O'zga sayyoraliklar mavjudmikin?" degan xavol o'tadi. Agar biz o'zga sayyoraliklar bilan aloqa o'rnatsak-u, keyin ularning bizdan ko'ra texnologik va aqliy jihatdan ustunligi ma'lum bo'lsachi? Yoki ular yashaydigan sayyoraning umri tugab borayotgan va ular o'zlariga yangi Vatan izlab bepoyon Galaktikani kezib yurishgan bo'lsachi? Bu savollarni o'ziyoq beixtiyor insonni hayajonga soladi.

Xitoylik yozuvchi Lyu Sizinning “Yerning o‘tmishi haqidagi xotiralar” trilogiyasi aynan shu mavzu atrofiga qurilgan. Va bugun men undagi birinchi roman — “3 jism masalasi”ni maroq bilan o'qib tugatdim. Yaqinda Netflix'da shu roman asosidagi serial namoyish qilinishi arafasida, kitobga qiziqib buyurtma qildirib qo'ygandim. Natijada serial va kitobni parallel olib bordim.

Syujet voqealari Xitoy madaniy inqilobi davrida 1967-yilda astrofizika talabasi Ye Venzjening xunveybinlar tomonidan otasining shafqatsizlarcha qatag'on qilinishiga guvoh bo‘lishidan boshlanadi. Otasi mashhur fizik bo'lib, u fizika hech qanday siyosatga yoki johilikka xizmat qilmasligi, faqat va faqat insoniyat taraqqiyotiga xissa qo'shishini ta'kidlagani uchun o'ldirilgan edi. Johillik har joyda ustun. So'ngra, "xalq dushmani"ning qizi - Ye Venzjeni mehnat lageriga jo'natishadi. Ammo oradan vaqt o'tib, noiloj qolgan hukumat ziyoli fizik Ye yordamiga muhtoj bo'lib, jazo muddatining qolgan qismini o'tash evaziga mutlaqo maxfiy "Qizil sohil" harbiy-tadqiqot bazasiga o'tkazishadi. Insonlardan qattiq ko'ngli qolgan Ye aynan shu yerda bir kun kelib insoniyat olis koinot tomonidan misli ko'rilmagan tahdidga duch kelishining bosh sababchisiga aylanadi.

Kitob syujeti bir necha liniyalarda yuz beradi, orada fleshbeklar orqali esa qahramonlarning motivlari va tarixini yanada yaxshiroq anglaymiz. Undan tashqari, muallif asarda zamonaviy yechimlarga murojaat qilgani: misol uchun, murakkab fizik teoremalarni o'quvchiga virtual o'yin va undagi qiziqarli dialoglar tarzida izohlab berishi tahsinga sazovor. Lekin serialdan farqli o'laroq, kitobda barcha voqealar Xitoyda yuz beradi.

Shaxsan men ushbu xitoylikilmiy fantastika yozuvchisi Lyu Sizinning romanini keng kitobxonlar doirasiga, koinot va o'zga sayyoraliklar, shuningdek, fizik hodisalar muxlislariga qat'iy tavsiya qilaman. O'ylaymanki, yaqin yillarda biz ushbu trilogiyani o'zbek tilida o'qishdek baxtga ham musharraf bo'lamiz.

Kitob so'nggida yuqoridagi savollarga javob topgan o'quvchi endi navbatdagi so'roqlar qarshisida qoladi - "Agar chindanam o'zga sayyoraliklar mavjud bo'lsa va ular bizga hujum qilishni rejalashtirayotgan bo'lsa, u holda Yerning himoyasi uchun butun insoniyat umumiy dushmanga qarshi birlasha oladimi?"

Buni trilogiyaning ikkinchi kitobi - "Qorong'u o'rmon"ni o'qib bilib olamiz...

@panda_books
#mem
Hammasi shunday boshlangan edi.

@panda_books
Forwarded from Bored Panda
Pavel Durov mashhur jurnalist Taker Karlsonga intervyu beribdi. Bu Durov uchun noodatiy videoformatda bo'lib, uni tez orada taqdim qilishlariga va'da qildi.

"Siyosiy neytral platforma rahbari sifatida turli siyosiy qarashlarni ifodalovchi jurnalistlar bilan gaplashish mening mas'uliyatim. Fevral oyida men liberal qarashdagi jurnalist bilan 3 soatlik intervyu berdim. O'sha kuni men taniqli konservativ Taker Karlson bilan gaplashdim. Shu tariqa men barcha auditoriyaga adolatli bo‘lib, Telegram tarixini hammaga aytib bera olaman."

Shuningdek, u amerikalik jurnalistning Telegram’da kanal ochishga qaror qilgani haqida xabar berdi.

@boredpandablog
#iqtibos

Kremniy vodiysida kremniy konlari yo'qligi haqida

Nima uchun XXI asrda yirik davlatlar uchun muvaffaqiyatli urushlar olib borish juda qiyin? Buning sabablaridan biri, iqtisodiyotning tabiati o'zgarganida. Ilgari iqtisodiy aktivlar asosan moddiy edi va fath etish - boyitishning ochiq-oydin usuli hisoblangan. Jang maydonida dushmanlaringizni mag'lub etib, ularning shaharlarini talash, aholisini qul bozorlarida sotish, qimmatbaho bug'doy maydonlari va oltin konlarini o'zingizga olib mo'may pul ishlashingiz mumkin edi. Qadim zamonlarda rimliklar asirga olingan yunonlar va gallarni sotgan, XIX asrda esa amerikaliklar Kaliforniyaning oltin konlarini va Texasdagi chorvachilik fermalarini egallab boyib ketishgan.

Ammo XXI asrda bu yo'l bilan faqat arzimas foyda olish mumkin. Bugungi kunda asosiy iqtisodiy boyliklar bug'doy maydonlari, oltin konlari yoki neft konlaridan emas, balki muassasalar va texnik bilimlardan iborat. Ammo bilimni kuch bilan fath etib bo'lmaydi. "ISHID" kabi guruhlar Yaqin Sharqdagi shaharlarni talon-taroj qilish va neft quduqlarini egallash orqali gullab-yashnashi mumkin (ular Iroq banklaridan 500 million dollardan ko'proq o'g'irlashgan, 2015-yilda esa neft sotishdan yana 500 million dollar olgan).

Lekin yirik davlatlar uchun, masalan, Xitoy yoki AQSh uchun kulgili summa. YaIMi 20 trillion dollardan oshgan Xitoy arzimas milliard uchun urushga kirishishi dargumon. Agar AQSh bilan urushga trillionlab dollar sarflasa, Xitoy bu xarajatlarni, urushdan ko'rgan yo'qotishlar va savdo aylanmasining qisqarishini qanday qoplaydi?

Balki Xitoy xalq armiyasi g‘alaba qozonib, Kremniy vodiysi boyliklarini qo‘lga kiritar? Ha, Apple, Facebook va Google kabi korporatsiyalar milliardlab dollarga ega, ammo bu boyliklarni kuch bilan qo'lga kiritib bo'lmaydi. Silikon vodiysida kremniy konlari mavjud emas.

Harari, "XXI asr uchun 21 ta saboq"

@panda_books
Harper Lining "Mazaxchini o‘ldirish" asari bo'yicha yaxshi infografika ekan.

Shunaqa narsalar bizdayam ko'paysa yaxshi bo'larkan.

@panda_books
2024/09/29 14:25:30
Back to Top
HTML Embed Code: