Telegram Web Link
Angliyaga o‘qishga keladigan talabalar uchun tavsiyalar

1.Universitet yotoqxonasidan oldindan joy band qiling.
Shaxsiy uy yoki kvartirada yashash uchun kamida bir oylik uy to‘lovi va garov (deposit)ni oldindan to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Universitet yotoqxonasida esa joylashgandan keyin 1–2 oydan keyin ham to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, yotoqxona hayoti (residence life) ijtimoiy hayot uchun ancha qiziqarli: faqat yotoqxona talabalari uchun arzon sayohat turlari tashkil etiladi. Masalan, cho‘ntagingizdan 50–60 funt sarflab boriladigan joylarga yotoqxona orqali 15–20 funt evaziga borib kelishingiz mumkin. Shaxsiy kvartirada yashaydigan talabalar esa bu imkoniyatdan foydalana olmaydi.


2. Xarajatlarni tejash uchun second hand do‘konlaridan foydalaning.
O‘zbekistondan barcha kerakli narsalarni olib kelishning imkoni yo‘q. Angliyadagi second hand do‘konlaridan kiyim-kechak, oshxona buyumlari, texnik jihozlar (fen, tefal, ventilyator va h.k.), o‘quv qurollari va boshqa ko‘plab narsalarni arzon narxlarda topishingiz mumkin. “Ishlatilgan” degani yaroqsiz degani emas. O‘qishini tugatib ketayotgan talabalar ko‘pincha yaxshi holatdagi buyumlarini arzonga sotib yuborishadi yoki tashlab ketishadi. Bu orqali ancha mablag‘ tejashingiz mumkin.


3. Ko'proq insonlar bilan tezroq tanishing.

Kelgan kuningizdan boshlab kursdoshlaringiz, yotoqxonadagi yoki kvartiradagi talabalar bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qiling. Barcha xalqaro talabalar bir xil savollar bilan keladi: “Qaysi joyga kelayapman?”, “O‘qishim qanday bo‘ladi?”, “Kimlar bilan yashayman va do‘stlashaman?”, “Kerakli narsalarni qayerdan topaman?” Ko‘proq suhbatlashish orqali siz yolg‘iz emasligingizni, bu jarayon hammada sodir bo‘layotganini his qilasiz. Bu sizga ruhiy dalda bo‘ladi. Shuningdek, shunday tanishuvlar orqali foydali ma’lumotlar ham olasiz.

4.Sayohat qilishni ertaroq boshlang.
Men Angliyaga kelganimda “oldinda bir yil bor, vaqt topib ko‘p joylarga boraman” deb o‘ylagandim. Bu fikr ham to‘g‘ri, lekin sayohat qilishni ertaroq boshlash ma’qul. Angliyada borib ko‘rishga arziydigan joylar juda ko‘p. Faqat ta’tilni kutmasdan, o‘qish paytida ham dam olish kunlarini rejalashtirib sayohat qilishingiz mumkin. Bugun 50–60 funt evaziga aylanib kelishingiz mumkin bo‘lgan joylarga keyinchalik minglab funt sarflab ham bora olmasligingiz ehtimoli bor. O‘z davlatingizga qaytgach, bu imkoniyatni topish qiyin bo‘lishi mumkin.


5. O‘qish va xordiq orasida balans saqlang.
Bir narsani unutmaslik kerak: ayniqsa, magistratura darajasida tavsiya etilgan barcha kitoblar, jurnallar, videodarslar va materiallarni bir yilda to‘liq o‘qib chiqishning imkoni yo‘q. 365 kun, 24 soatdan dars qilsangiz ham buni tugata olmaysiz. Shuning uchun o‘qish va dam olish o‘rtasida balansni topish muhim. Ko‘plab materiallarni o‘qish tugagandan keyin ham internet orqali topish va ulardan foydalanish mumkin.

Xulosa
Angliyaga magistraturaga kelgan talaba uchun bu bir yil nafaqat o‘qish, balki hayotiy tajribalarni to‘plash davri hamdir. Shu vaqt ichida ko‘proq sayohat qilish, turli millat vakillari bilan tanishib, do‘stlar orttirish, o‘qish va xordiqni uyg‘unlashtirish talabaning vaqtini yanada mazmunli qiladi.

To’gri reja va qarorlar qilishingiz bu bir yil hayotingizdagi unutilmas yil bo’lishi uchun xizmat qiladi!

Yana qandaydir foydali tavsiyalar qolib ketgan bo’lsa, kommentlarda qoldirsangiz, kelajakda Angliyaga o’qishga keladigan talabalar uchun foydali bo’ladi.
👍10🔥53🤩2🏆1
2025/09/14 09:27:29
Back to Top
HTML Embed Code: